Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shukur Xolmirzayev (1940 – 2005)

shukur xolmirzayev

XX asr o‘zbek adabiyotining yirik vakili Shukur Xolmirzayev 1940-yil Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida dunyoga keldi. O‘rta maktabni oltin medalga bitirgan Sh. Xolmirzayev ToshDU (hozirgi O‘zMu)ning filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Bolaligi Surxon vohasining betakror go‘zal Boysun tog‘lari bag‘rida o‘tgan Shukurjon hayajonlarini qog‘ozga tushirib zavqlanardi. Biroq ularni tahririyatlarga jo‘natishga iymanardi. Shu bois o‘quvchilar uning nomini sal kechroq, talabalik davrida nashr etilgan “Oq otli” va “To‘lqinlar” nomli qissalari orqali tanishdi. Bu asarlari ustoz adib Abdulla Qahhor tomonidan yuqori baholandi. “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” (1965) qissasi esa bu ishonchni oqladi. Asar badiiy ijod olamiga iste’dodli adib kirib kelganidan dalolat edi. Yozuvchining shundan keyin yaratgan “Olis yulduzlar ostida”, “Hayot abadiy”, “Og‘ir tosh ko‘chsa” to‘plamlariga kirgan hikoyalari, “So‘nggi bekat”, “Qil ko‘prik”, “Yo‘lovchi”, “Ola bo‘ji”, “Bodom qishda gulladi”, “So‘nmas olov”, “Tog‘larga qor tushdi” romanlari milliyligi va mayin lirizmi, hikoyalari esa mard, tanti, ayni paytda soddadil qishloq odamlarining yorqin timsollari yaratilganligi bilan ajralib turadi.

Sh. Xolmirzayev “Qora Kamar” nomli asarida milliy ozodlik g‘oyasini ehtiros bilan talqin etadi.

Iste’dodli adib 1989-yilda Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1991-yilda “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni bilan taqdirlanishi ko‘p millionli kitobxonlarning yozuvchiga bo‘lgan yuksak ehtiromi va e’tirofini anglatadi.

Shukur aka, “Mening ilk hikoyam hurmatli ustozlarim Saida Zunnunova va Nosir Fozilovlarning oq fotihasi bilan “Gulxan”da chop etilgan. Jurnal men uchun juda qadrli. U ilk bor meni o‘quvchilarga tanishtirgan”, deb bot-bot takrorlar edi. Shukur akaning do‘sti, taniqli bolalar yozuvchisi Safar Barnoyev jurnalga bosh muharrirlik qilgan 1995–2001-yillarda yozuvchi tez-tez tahririyatga kelar, jurnalda e’lon qilingan yosh ijodkorlarning hikoyalariga o‘z fikrlarini bildirib, maslahatlar berar edi. O‘sha yillarda adibning jurnal buyurtmasi bilan yozilgan milliy bolalar o‘yini aks etgan “Oqtosh” hikoyasi o‘quvchilarga juda manzur bo‘lgan edi. Ustoz yozuvchi umrining oxirigacha ham jurnal bilan do‘stona aloqada bo‘ldi.

Shukur Xolmirzayev 2005-yilda vafot etdi. U kishining kitob javonlarimizdan, adabiyot darsliklaringizdan joy olgan asarlari hali-hanuz sevib o‘qilmoqda.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.