Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Temur Ubaydullo (1948)

000

Temur Ubaydullayev 1948-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1970-yildan matbuot sohasida xizmat qiladi. 1975-yili ToshDU (Hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetining kechki bo‘limini tamomlagan. U dastlab “Gulxan” jurnalida xatlar bo‘limi xodimi sifatida ish boshlagan. So‘ngra, 1972-yildan to 1975-yilgacha respublika bolalar gazetasi, hozirgi “Tong yulduzi”da muxbir, 1975–1987-yillar davomida “Gulxan” jurnalida bo‘lim muharriri, katta muharrir, mas’ul kotib, 1988–1998-yillarda “Toshkent oqshomi”, so‘ngra “Ishonch”, “Toshkent haqiqati”, “Tasvir” gazetalarida bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir lavozimlarida mehnat qildi. 2002-yildan to 2017-yilgacha “Nuroniy” gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Temur Ubaydullo o‘zbek jurnalistikasiga suhbat janrini olib kirgan. Uning “Bir asar tarixi”, “Dilkash suhbatlar” ruknlari ostida chop etilgan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlari keng o‘quvchilar ommasiga manzur bo‘lgan. Shunday suhbat badialardan tashkil topgan “Sarg‘aymas sahifalar”, “Yulduzli marjonlar” publitsistik kitoblari chop etilgan. Katta mahorat bilan yozilgan “Yassaviynoma”, “Rasulullohnoma”, “Munajjimnoma”, “Kubronoma”, “Musavvirnoma”, “Muhaddisnoma”, “Naqshbandnoma”, “Valiynoma”, “Sohibqironnoma”, “Musofirnoma”, “Xojayi jahonnoma” singari ma’rifiy dostonlari o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi. “Qirlar to‘la qizg‘aldoq”, “Zamin muhabbati”, “Tong shavqi”, “Ishq bizga yordir” kabi she’riy to‘plamlari, “Pastlab uchgan turnalar” qissalar kitobi o‘z o‘quvchilarini topgan. Uning boshlang‘ich sinflarning o‘qish kitoblaridan joy olgan “Vatan”, “Qirlar to‘la qizg‘aldoq”, “Sho‘x yomg‘ir” nomli she’rlarini o‘quvchilar sevib o‘qishadi. U O‘zbekiston Yozuvchilar, Jurnalistlar ijodiy uyushmalarining mukofotlari sohibi, bir necha marta Mustaqillik yillariga bag‘ishlangan tanlovlar g‘olibi.

Temur Ubaydullo “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.