Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tishingiz ogʻrimasin

Islombekning dadasi bozordan bir xalta bodom, xandon pista olib keldi.

– Bolalar sogʻligʻiga juda foydali, immunitetini koʻtarar ekan, shifokor aytdi, – dedi Farhod aka xaltani Aziza opaga tutqazayotib. – Tagʻin, mehmonga deb yashirib qoʻyma, bolalarga ber.

Islombek judayam suyinib ketdi. Axir u yongʻoq, xandon pista, gʻalvirak bodomni juda yaxshi koʻradi-da. Pistalarni chaqish oson, chunki ularning “ogʻzi” ochiq. Magʻzi koʻrinib turadi. Ammo bodom ham tishda oson chaqiladi.

– Oʻgʻlim, bodomni anavi bolgʻachada chaqib ye, tishing bilan chaqma, – tayinladi oyisi oʻgʻlining bodomni ogʻziga solayotganini koʻrib. Islombek “xoʻp”, dedi. Biroq bodomni bolgʻachada chaqqanda, magʻzi maydalanib ketdi. Shundan soʻng u oyisiga koʻrsatmay bodomni tishida chaqib yeyaverdi. Ammo uchinchi kuni kechqurun tishi shunaqangi ogʻridiki, Islombek mijja qoqolmadi, uyoqdan buyoqqa yurib chiqdi. Oyisi dori bersa ham ogʻriq bosilay demasdi. Shunda Aziza opa mahallada yashaydigan tish doʻxtiri Umida Obidxonovnaga qoʻngʻiroq qildi.

– Avval qarang-chi, tishida kavak yoʻqmikan. Agar boʻlsa tishni yaxshilab choʻtka bilan yuvib, ovqat qoldiqlaridan tozalang. Keyin bir stakan iliq suvga yarim qoshiq tuz bilan uch-toʻrt tomchi margansovka tomizib ogʻzini chaying. Uch soatdan soʻng yana bir namokob tayyorlang. Bu gal unga yarim osh qoshiq ichimlik sodasi, toʻrt tomchi yod ham qoʻshib tishlarini chaysin. Dori qutingizda shalfey dorivor giyohi boʻlsa, undan qilingan damlama ham yaxshi samara beradi. Afsus...hozir borolmayman. Mashinamizning benzini tugagan. Ertalab boraman.

Aziza opa doktor aytgan damlamani tayyorlab, oʻgʻlining ogʻzini ikki-uch marta chaydirdi. Namokobning foydasi boʻldi shekilli, tongga yaqin Islombek uxlab qoldi.

– Oʻgʻlim, tishlaringni yuvasanmi? – soʻradi ertalab yetib kelgan shifokor Umida opa Islombekning tishlarini koʻrarkan.

– Har kuni maktabga ketayotganda yuvaman, – dedi Islombek chakagini ushlagancha.

– Faqat ertalab emas, har gal ovqatlangandan keyin tishlarni, albatta, yuvish kerak. Yuvish bilan yuvishning ham farqi bor. Birinchidan, har biringizni oʻz shaxsiy tish choʻtkangiz boʻlsin. Ertalab pasta bilan tishni tozalab yuvish kerak. Agar chala yuvsangiz, tishingizda qolgan ovqat qoldiqlari orasiga kirib, uni asta-sekin yemiradi. Tishda kovak paydo boʻladi. Yaʼni tishdagi asab tolalari ochilib, sezgir boʻlib qoladi. Issiq-sovuqni tez payqab ogʻriydi. Tishingda bodom chaqib, emal qatlamiga shikast yetkazibsan. Tishda qattiq narsalarni chaqish zarar. Ammo olma, sabzini karsillatib yeyaver. Bu milklaringni mustahkamlaydi. Milkni mustahkamlashda yuqori milkni massaj qilish ham yaxshi samara beradi. Agar tishingni yaxshilab yuvmasang, tishingdagi kovaklarda qolgan ovqat qoldiqlari uning ildizlariga soʻriladi. Bu tanangni turli kasalliklarga chalinishiga olib keladi.

– Voy, akamning tishi ogʻrisa boshqa joyini ham ogʻritadimi? – doʻxtirning gapini tinglab turgan Mumtoza qoʻrqib ketdi.

– Ha, agar vaqtida shifokorga davolatib olmasa, shunday boʻladi. Tish kasalligi ichburugʻ, angina, sariq kasalliklariga sabab boʻlishi mumkin. Chunki tish kovaklarida toʻplangan mikrob, yiring qon tomirlari, nervlar orqali odam tanasi boʻylab aylanib yurib, uni shikastlaydi. Ogʻizdan yoqimsiz hid kelib qoladi. I-ye, sersavol qizim, sening ham kurak tishlaring qiyshiq chiqibdi-ku, – deya Umida opa Aziza opaga yuzlandi, – oyisi, qizingizni sut tishlari tushibdi. Yettiga kiribdi-da. Bu tishlar tushganda oʻrnini namokob bilan chaymadingizmi?

– Moychechak damlamasi bilan ham, ichimlik sodasi solingan suv bilan ham chayib turibman. Ammo bu quloqsiz qiz tushgan tish oʻrnini tili bilan oʻynayveradi, – xijolat boʻldi Aziza opa.

– Bu juda yomon odat. Sen tiling bilan ildizning oʻrnini qoʻzgʻatib qoʻygansan. Shuning uchun tishlar notoʻgʻri joydan chiqib, qiyshiq oʻsgan. Buning asorati yaxshi boʻlmaydi. Milking, tishing tez-tez qonaydigan boʻlib qoladi. Karantin tugashi bilan poliklinikaga olib boring, buni oldini olishimiz kerak. Tishlar tekis, sogʻlom oʻssagina organizm sogʻ boʻladi, – Umida Obidxonovna Mumtoza bilan suhbatlashguncha Islombek tishini maxsus tish pastasida yuvib, doʻxtir bergan dorili suvda chayib keldi. Uning chehrasi ancha ochilib qolgandi.

– Rahmat, doʻxtir opa, ogʻriq ancha toʻxtadi. Endi tishimda sirayam bodom chaqmayman, – dedi u.

– Yaxshi, ammo birinchi navbatda tishlaringni tez-tez yuvib turishni odat qil, – dedi Umida opa ular bilan xayrlashar ekan.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.