Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uzoqni ko‘ray desang

O‘g‘lim Ismoil oxirgi paytlarda old qator partada o‘tirsa ham ko‘zi sinf taxtasidagi yozuvlarni yaxshi ko‘rolmayotganidan shikoyat qildi. Uni zudlik bilan ko‘z shifokoriga olib bordim. Shifokor ko‘rigiga navbatda turganlarning ko‘pchiligi bolalar va o‘smirlar ekanligi meni ham taajjubga soldi. Shifokordan ham keyingi vaqtlarda ko‘rish qobiliyati pasayib ketgan bolalarning soni ortib borayotgani haqida eshitdim. Buning sabablarini aniqlash uchun Toshkent shahridagi 46-oilaviy poliklinikaning oliy toifali ko‘z shifokori Dilfuza Usmonxo‘jayevani suhbatga tortdim.

– Ko‘rish qobiliyati pastligi ikki xil – tug‘ma va orttirilgan bo‘ladi. Ko‘rish qobiliyatining tug‘ma pastligi asosan nasldan-naslga o‘tadi. Orttirilgani esa bolalarning ko‘p vaqt televizor, kompyuter hamda uyali telefonlardan me’yoridan ortiq foydalanishi, yotib yoki transportda kitob o‘qishi natijasida yuzaga keladi. Tashvishingiz o‘rinli, hozirgi kunda bizga murojaat qilayotgan bemorlarning ko‘pchiligi maktab yoshidagi bolalar. Buni oldini olish maqsadida maktab o‘quvchilarini yilda bir marta ko‘rikdan o‘tkazamiz. Agar ularda kasallik belgilari borligini aniqlasak, kerakli muolaja va tavsiyalarimizni beramiz.

Ota-onalarga farzandlarini nazoratga olishni, kun davomida ikki soatdan ortiq televizor yonida qolib ketmaslik, kompyuterdan foydalanganda har yigirma daqiqada ko‘zga dam berib turishni tavsiya qilamiz. Buning uchun ko‘proq yashil ranglarga (maysazor, bog‘, daraxtlar) qarash, uzoq masofadagi narsalarni kuzatish tavsiya qilinadi. Televizor ko‘rayotganda oraliq masofa 2 metr, kompyuterdan foydalanganda 30 santimetrdan kam bo‘lmasligi kerak. Bolaning dars qilayotgan xonasida tabiiy yorug‘lik yetarli bo‘lishi, ko‘z bilan kitob orasidagi masofa 30 santimetr bo‘lishiga e’tibor berish kerak. Agar masofa bundan yaqin bo‘lsa, inson ko‘zidagi qorachiq kengayib qotib qoladi va natijada ko‘rish qobiliyati pasayadi. Buni shifokorlar tilida akkamadatsiya spazmi deyiladi. Bu kasallikni boshlang‘ich bosqichida davolash oson kechadi. Buning uchun dorilar ichish bilan birgalikda ko‘z mashqlari bajarib borilishi katta ahamiyatga ega. Mashqlar quydagicha bajariladi:

– ko‘z qorachig‘ini o‘ngdan chapga, chapdan o‘ngga o‘n marta;

– qorachiqni tepadan pastga va pastdan tepaga o‘n marta qaratamiz;

– ko‘zda o‘ngdan chapga, chapdan o‘ngga tomon doira chizamiz;

– ko‘zda cheksizlik belgisini chizamiz;

– ko‘zda uchburchak va to‘rtburchak belgilarini o‘n martadan chizamiz;

Bu mashqlar ko‘z mushaklarini mustahkamlashga juda katta yordam beradi. Ko‘rish qobiliyati pasaygan bolalar ovqatlanishga ham alohida e’tibor berishlari kerak. Ular tuxum, ko‘kat, baliq, jigar va sut mahsulotlarini muntazam iste’mol qilib turishlari zarur. Bundan tashqari, qizil sabzi, qovoq, qizil bulg‘ori, qizil lavlagi va sitrus mevalar ham ko‘rish quvvatini oshiradi. Sho‘r, achchiq va nordon mahsulotlar tavsiya etilmaydi. Sport bilan shug‘ullanish ham samarali foyda beradi. Tennis, badminton o‘yinlari ham ko‘z o‘tkirligini oshirishga yordam beradi.

Xalq orasida bebaho buyumni “ko‘z qorachig‘idek asra”, deb bejizga aytishmagan. Biz yuqoridagi tavsiyalarga rioya qilib, ko‘zimizni asrasak, uni me’yoridan ortiq zo‘riqtirmasak, turgan gapki, ko‘zlarimiz ravshan va sog‘lom bo‘ladi.

Barno LUTFULLAYEVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.