Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vitaminjon – sog‘liqqa kon

Bir kuni A vitamini yo‘lga chiqibdi. Uzoq yo‘l yuribdi. Uni avval muzlatkichda yaxlatishibdi, keyin mayda bo‘laklarga ajratishibdi. Qozonda yog‘ga solib qovurishibdi. Yarimjon vitaminni likopchaga solib, ko‘katlar bilan bezatib, Olimjonning oldiga qo‘yishibdi. Ammo Olimjon A vitaminiga burilib ham qaramabdi. Chunki uni tanimas ekan-da. Aksincha, qo‘llari bilan burnini berkitib, “Menga yoqmadi, baliqni yomon ko‘raman”, deb likopchani nari suribdi. A vitamini juda xafa bo‘libdi. Ko‘zlarini mo‘ltillatib chimxo‘r do‘stiga qarabdi. Qarabdi-yu, hafsalasi pir bo‘libdi. Chunki Olimjon ozib-to‘zib ketgan, rangpar, qoqsuyak bola ekan. Aksiga olib ko‘zoynak taqarkan. A vitamini bola nega bu ahvolga tushganini darrov fahmlabdi. buvisi Olimjonni aldab-suldab bir bo‘lakkina baliq yediribdi. A vitamini dumalab ko‘rimsizgina qop-qorong‘i bog‘chaga tushibdi. Bu bog‘cha Olimjonning oshqozoni ekan. Sho‘rlik vitamin bitta-yarimta do‘stini uchrataman, deb rosa mo‘l yuribdi. Onda-sonda beli bukur S vitaminiga, hassaga suyanib olgan D vitaminiga, horib-tolib yo‘l chetida cho‘kkalab o‘tirgan E vitaminiga duch kelibdi. Ularning hech biri Olimjon haqida iliq fikr aytmabdi.

– Juda tanbal, uyquchi, nimjon bola, – deyishibdi ular. – Ertalab nonushta qilmay maktabga jo‘naydi. Tushlik bo‘lmasidan do‘konga kirib yarim pishgan mahsulotlar bilan “qornini aldaydi”, – deyishibdi kuyunib. – Yeganlari bizning safimizga qo‘shilish o‘rniga, aksincha, bizga qiron keltiradi, – debdi ulardan biri. Chunki Olimjon yarim tayyor mahsulotlarni iste’mol qilib, tanasiga bir dunyo antivitaminlarni yuklab olarkan. Ular vitaminlarning parchalanib ketishiga sababchi bo‘larkan. Bular – lavash, gamburgerlar, qadoqlangan turli xil kekslar, bodroq va gazli ichimliklar ekan. U qancha yugurib-yelmasin bitta ham o‘z guruhidagi do‘stini topa olmabdi. A vitamini baliqdan tashqari sariyog‘da, tuxum sarig‘ida, sutda, pomidor va apelsinda ko‘p miqdorda bo‘ladi.

– A... bekorga bu bola ko‘zoynak taqmas ekan-da, – degan xulosaga kelibdi. Sababi, organizmida A vitamini kamayib ketgan bolalarda ko‘rish qobiliyati susayishi kuzatilarkan. U ko‘rish pigmentlari hosil bo‘lishida qatnashib, ko‘zning turli darajadagi yorug‘lik nuriga moslashishini ta’minlaydi. Aksincha, kamayib ketganida teri, lablar quruqshab, qipiqlanadi. A vitamini odatda ko‘katlarda – petrushka, shivit, shovul, ismaloqda ko‘p uchraydi. Olimjon ularni juda yomon ko‘radi. Ayniqsa, oyisi sho‘rvaga solgan sabzilardan “qo‘rqadi”. Ularni qoshiqda terib chiqaradi. Xom sabzini karsillatib yeyishga ham tobi yo‘q, “tishim og‘riydi”, – deydi. Chunki tishlari “qurtlab ketgan”. Qiziq, ularni rostdan ham qurt yeb ketganmikan?! Olimjon D vitamini bilan yaxshi chiqisholmas ekan. Kalsiferol, deb ataluvchi bu vitamin suyak hosil bo‘lishida ishtirok etadi va bo‘yimiz o‘sishi uchun juda zarur hisoblanadi. Agar organizmda bu vitamin tanqis bo‘lsa odam behol bo‘lib, ko‘p terlaydi, tez-tez shamollaydi, kesak, bo‘r yeydigan odatlar chiqaradi, “tishlari qurtlaydi”.

Olimjon kasal bo‘lganda haftalab yotib qoladi. Oddiy gripp bilan og‘riganda ham kurashishga holi kelmay, antibiotiklar qabul qilishga majbur bo‘ladi. “Anti” – qarshi, “biotik” – hayot degani. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, antibiotiklar kasallikdan tuzatish bilan birga hayotiy muhim omillar, organizm himoyachilari – immun tizimiga ziyon keltiradi. Ichaklardagi ko‘plab foydali bakteriyalarning nobud bo‘lishiga olib keladi.

Men vitaminlar haqida to‘liq ma’lumotga ega emasman. Olimjonning umumiy holatini aniqlash, tashxis qo‘yish va kerakli maslahatlar olish uchun shifokor Nafisa opa Qurbonovadan yordam so‘radim.

– Olimjon ertalab sutli bo‘tqalarni yemas ekan. Tuxum sarig‘ining mazasi yoqmas ekan. Oyisi nonga surtib qo‘ygan sariyog‘dan bir tishlamgina yer ekan, xolos. Kundalik ovqatlanish ratsionining bunday qoplanmasligi tanamizda anemiya, ya’ni kamqonlikni keltirib chiqaradi, – deydi Nafisa opa. – Kamqonlik – qon tarkibida gemoglabinning yetarli darajada emasligini bildiradi. Gemoglabin temir moddasidan tashkil topgan bo‘lib, u tanadagi barcha a’zolarga kislorod yetkazadi va kuch-quvvat bilan ta’minlaydi. Olimjondagi quvvatsizlik, tez toliqish, bosh aylanishi, rangparlik, ishtahasizlik kamqonlikdan darak beryapti. Vitaminlarning organizmga yetishmasligi esa avitaminioz, deb ataladi. Ovqatlanish vaqtida choy ichilsa, uning tarkibidagi tanin, temir moddasining organizmga so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi. Olimjon ovqatlanish paytida rangli ichimliklar, shirinchoy o‘rniga kompot, meva va sabzavot sharbatlari, na’matak damlamasidan ichsa tanasida vitaminlar ko‘payadi. Lekin avval buvisi bilan borib shifokor ko‘rigidan o‘tishi kerak, – deydi Nafisa opa.

Shifokorning tavsiyalarini albatta Olimjonga yetkazaman. U ko‘pincha jahl qiladi, tajanglashadi. Darslarni ham yaxshi o‘zlashtira olmaydi. Balki unga V guruhidagi vitaminlar yetishmayotgandir?! V guruhi vitaminlari A vitaminining egizak ukalari bo‘lib, asab tizimi faoliyatiga va qon yaratilishiga ijobiy ta’sir qiladi. Organizmga V6 vitamini belgilangan miqdorda tushib turmasa jahldorlik, asabiylashish kuzatiladi. Miyada yetarlicha kislorod almashinuvi sodir bo‘lmasa, qon aylanishi buzilsa, aqliy faoliyat susayadi. Ya’ni bu baholarimiz “2”, “3”ga tushdi degani. Bilasizmi, vitaminlar shartli ravishda lotin alifbosining bosh harflari bilan belgilangan. Keyinchalik kimyoviy tuzilishiga qarab xalqaro yagona nomi qabul qilingan.

Aslida “vita” – lotinchada hayot degan ma’noni bildiradi. Vitaminni ilk bor ilmiy nuqtai nazardan o‘rgangan olim ingliz shifokori Lind hisoblanadi. U birinchi tadqiqotlarini 1757-yilda boshlagan. Shundan buyon biz qaysi oziq-ovqatda qanday vitaminlar borligini bilamiz. Gipovitaminoz, ya’ni organizmda vitaminlar yetishmaganda biz qo‘shimcha tarzda polivitaminlar qabul qilamiz.

E vitamini tibbiyotda kislorod vitamini deb ataladi. Chunki u organizmimizni kislorod bilan ta’minlaydi. Kuygan, kesilgan joylarning chandiqsiz va tez bitishi E vitamini zimmasiga yuklangan. U ayniqsa, o‘g‘il bolalar uchun zarur. Chunki mushak tolalarining mustahkam bo‘lishi, xuddi sportchilar mushagidek baquvvat bo‘lishiga yordam beradi. Tuxum – E vitaminining koni hisoblanadi. Ko‘pchilik bolalar yoqtirmaydigan ko‘katlar shu vitaminga boy. Boshoqli don mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish kerak. K vitamini Olimjonning organizmida sayohat qilib yurgan A vitaminining kenja ukalaridan biri. U ichaklarda yashaydigan foydali havo bakteriyalarini hosil qiladi. Shu sababli K vitamini yetishmaganda ichaklarda kuchli buzilish sodir bo‘lishi mumkin. U yangi uzilgan sabzavotlarda uchraydi. Muzlatilgan mahsulotlarda K vitamini bo‘lmaydi. Ayniqsa, yogurtni yaxshi ko‘radigan bolalar bu vitaminning yaqin do‘sti. Ammo dorixonalarda sotiladigan vitaminlarni shifokor ruxsatisiz qabul qilib bo‘lmaydi. Ularning organizmda ko‘payib ketishi gipervitaminoz kasalligini keltirib chiqaradi. Xullas, vitaminlarning 30 dan ortiq turi bor. Ularning hammalari Olimjonning o‘sishi va rivojlanishida bamaslahat ish tutishmoqchi. Avval u shifokor qabuliga borib kelsin.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.