Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yoz soz oʻtmogʻi uchun

Yoz – quvnoq oromgoh, totli muzqaymoq va zavqli favvoralar fasli. Uch oy taʼtilda miriqib dam olish, sayohatlarga chiqish, istalgan toʻgarakka qatnashish bir olam taassurotlar qoldiradi. Afsuski, serquyosh oʻlkamizning tarovatli, qaynoqqina yozi maroqli hordiq va qiziq oʻyinlar orasida salomatligingizga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan ayrim kasalliklarni chetlab oʻtolmaydi. Bunday koʻngilsizliklarga uchramaslik uchun bolalar shifokori Munira IBROHIMOVA maslahatlariga quloq tutishingizni istardik. Oʻylaymizki, sahifamizdagi bu foydali maʼlumotlar taʼtilingiz koʻngildagidek oʻtishida asqotadi.

 

QUYOSHJONNING “KALTAGI”

Kunning issiq paytida quyosh tigʻi ostida uzoq yurish oftob urishiga olib keladi, bu gap koʻproq oʻyinqaroq bolalarga tegishli. Stadionda koptok tepib, tuproq kechib yurganda ultraqizil nurlarning boshingizni moʻljalga olganini sezmay qolasiz. Olimlarning taʼkidlashicha, ultrabinafsha nurlarining A va B turlarini meʼyoridan ortiq qabul qilish organizmda salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Quyosh issiqligining boshga taʼsiri miya faoliyatining buzilishiga, qon aylanishining izdan chiqishiga olib keladi. Uzoq vaqt quyosh tigʻi ostida yurish terimizga nisbatan koʻzlarimizga koʻproq zarar yetkazadi. Ultrabinafsha nurlarining ortiqchasi katarakta deb ataladigan koʻz kasalligini keltirib chiqaradi. Shuning uchun mutaxassislar yoz mavsumida UV–filtrli koʻzoynaklar taqishingizni tavsiya etishadi. Shuningdek, organizmda suv miqdorini ushlab turish kerak, bolalar kun boʻyi 2 litrga yaqin suyuqlik ichishlari lozim.

Oftob urganda bosh ogʻrib, koʻngil ayniydi, harorat koʻtarilib burundan qon ketadi. Yurak urishi tezlashib, quloqlar bitib qoladi. Oʻz vaqtida chora koʻrilmasa, oftob urishining ogʻir darajasiga oʻtib ketishi mumkin. Unda mushaklar tortishib, bosinqirash holati kuzatiladi.

Eslatma: Choʻmilish havzalariga ovqatlangandan 1 soat oʻtgach, quyosh harorati pasaygan davrda, misol uchun soat ertalabki 11.00 gacha va tushdan soʻng 16.00 dan keyin borish kerak. Tabiiy tolali bosh kiyim kiyish, tez-tez sut mahsulotlari, meva-sabzavotlar isteʼmol qilish darkor.

Tabiat qoʻynida, orombaxsh suv havzalarida, koʻcha-koʻyda tabassum ulashib turgan zar kokilli quyosh nurlarining ortiqchasi zarar ekanligini doim yodda tuting!

 

DIAREYADAN SAQLANING

Siz “Ayiqchalar kasalligi” haqida eshitmagan boʻlsangiz kerak. Koʻz oldingizga ninabargli archazorlarga boy oʻrmonda oʻmbaloq oshayotgan ayiq bolalari va ularnig allaqanday kasallik bilan ogʻrib qolganlari keldi, toʻgʻrimi? Aslida esa bolalarda qorin ogʻrib qolishi bilan kechadigan psixo-emotsional zoʻriqish tufayli kelib chiqadigan diareya kasalligining bir koʻrinishi ana shunday nomlanarkan.

Koʻpincha yoz oylarida ovqatlar, mevalar sifati tez buziladi. Biz ularning yaxshi saqlanganligiga eʼtibor qilmay isʼtemol qilamiz va toʻsatdan koʻnglimiz aynib, qornimiz ogʻrib qoladi. Issigʻimiz chiqib, holsizlanib qolamiz. Toʻgʻri, diareyani keltirib chiqaruvchi yana bir necha sabablar bor. Misol uchun, ortiqcha ovqatlanish, kir qoʻllar, antibiotiklar isteʼmol qilish, hamda parazitlarning organizmga tushishi ham ushbu kasallikning rivojlanishiga sabab boʻladi.

Xastalik organizmning suvsizlanishiga olib keladi, bu ayniqsa, immun tizimi past boʻlganlar uchun juda xavfli hisoblanadi.

Eslatma: Shifokorga borishdan aslo qoʻrqmang. Chunki kasallik daqiqa sayin rivojlanadi. Qoʻllarni tez-tez yuvib turish mikroblar tarqalishiga yoʻl qoʻymaydi, sovun koʻpigida kamida 20 soniya yuvish tavsiya etiladi. Dorixonalarda sotiladigan oʻzida spirt va rux saqlovchi gigiyenik vositalardan foydalaning. Iliq, toza suyuqlik iching. Onangiz tayyorlab bergan parhezbop taomlar, suxariklar (qotgan non), qaynatilgan tuxum, guruch va tovuq goʻshtini tanovul qilishda injiqlik yaramaydi. Chunki davolanish kursida taomnomaning oʻrni dorilar bilan teng darajada ahamiyatlidir.

 

“VOY, QULOGʻIM!”

Yarim tunda qattiq uyquga ketgan mahal birdan qulogʻingizda ogʻriq turdi. Kaftlaringizni ogʻriyotgan qulogʻingizga yaqinlashtirasiz. Sanchib, parmalab, azob beruvchi ogʻriq. Oʻtib ketishini kutasiz, dard esa aksincha, zoʻrayadi. Tanish holat, toʻgʻrimi?! Demak, choʻmilish havzasiga borganda ehtiyotsizlik qilib quloqlaringizga suv kirib ketganini sezmagansiz yoki oltingugurtli tiqin paydo boʻlgan. Yo boʻlmasa, quloq yalligʻlanishi bilan kechadigan otit, evstaxit kasalligiga chalingan boʻlishi mumkin. Baʼzan shifokor koʻrigiga borganingizda patologiya aniq koʻrinmasligi sabab tashxis qoʻyish ancha murakkab kechadi. Bunday holatda tonzillit, faringit xastaliklari asorat berayotgan boʻlishi mumkin.

Oltingugurtli tiqinda kir quloq kanallarida toʻplanib, vaqt oʻtishi bilan eshitishning pasayishiga va quloq shangʻillashiga sabab boʻladi. Odatda oltingugurtli tiqin oʻz-oʻzidan tashqariga chiqib ketadi. Ammo baʼzi sabablarga koʻra eshitish yoʻllarida toʻplanib qolganda uni oʻzboshimchalik bilan olishga urinmaslik kerak. Bu eshitish yoʻlining jarohatlanishiga yoki quloq pardasi shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Buni faqat shifokor amalga oshirishi lozim.

Muzqaymoq, yaxna ichimliklar, oqar suv havzalarida choʻmilish kasallikning zoʻrayishiga va kuchli yalligʻlanishiga olib keladi.

Eslatma: Odatda ogʻriq toʻsatdan va kechasi boshlanadi. Bunday paytda eng avval ogʻriq qoldiruvchi preparat, misol uchun, ibuprofen qabul qilish kerak. Yodingizda boʻlsin, issiq kompress va quloq uchun tomchilar har doim ham yordam beravermaydi, aksincha, asoratlar qoldirishi turgan gap. Bunday vaziyatda albatta, shifokor qabuliga borish kerak.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.