Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bitta gol – chempionmiz

Epchilsiz, chaqqonsiz, jasur va shijoatlisiz. Sport bilan shug‘ullanasiz, ayniqsa, o‘g‘il bolalar futbolni juda yaxshi ko‘radi. Barchangiz unga muxlissiz. Ammo, orangizda tengdoshlariga havas qilgani bilan o‘zini ortiqcha urintirgisi kelmaydigan bolalar ham bor. Bu bolalarga maslahatim – futbol to‘garagiga a’zo bo‘lishsin. Chunki futbolchilar mashg‘ulot davomida yugurish deysizmi, sakrash, kurash, turnikka tortilish, chapdastlik, nafas yo‘llari mashqlari, xullas, barcha sport turi bilan shug‘ullanishadi.

Toir bilan Salim ham bolaligidan futbolni sevgani bois, to‘garakka a’zo bo‘lishdi. Jamoa safida tuman, viloyat va respublika miqyosidagi bir qancha musobaqalarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan. Ular Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 15-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari. Ikkisi ham tumandagi 3-maktabda o‘qishadi.

Bir kuni ikki o‘rtoq to‘garakda mashg‘ulot o‘tayotgan paytda u yerga O‘zbekiston Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari terma jamoasi murabbiyi Jamshid Asadov kirib keldi. Toir va Salimni terma jamoaga nomzodlikka tanlab oldi. Ular murabbiyning ishonchini oqlash uchun harakat qilishdi va saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdilar. So‘ng bir oy jamoa safida Rossiyada “Kelajaging o‘z qo‘lingda” shiori ostidagi 10-maydan 18-mayga qadar bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar va ko‘cha bolalari o‘rtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishdi.

– Musobaqa juda qizg‘in, bahslarga boy kechdi, – deydi Toir Ergashboyev. – Jamoamiz guruh bo‘yicha birinchi bo‘lib Pokiston terma jamoasi bilan o‘yinga tushdi. Tan olish kerak, pokistonliklar ancha kuchli jamoa edi. Shunga qaramay, biznikilar ham bo‘sh kelmadi, o‘yin 0: 0 hisobda durang natija bilan yakunlandi. Keyin mezbon mamlakat – Rossiya terma jamoasi bilan kuch sinashdik. 2: 0 hisobda jamoamiz g‘alaba qozondi. Shu tariqa Nepal, Brune davlatlari jamoalari bilan ham qizg‘in bahslashdik. Hamisha biz omadli chiqdik. Finalda esa yana Pokiston jamoasi bilan o‘yinga tushdik. Hisob – 1: 1, yana hisob teng. Ko‘pchilik, gol o‘tkazib yubordi, deya darvozabonimizni aybladi. O‘yin oxirigacha qani, raqib darvozasiga yana bitta gol kiritsak edi, degan xayolda bo‘ldik. Biroq hisob o‘zgarmadi. Hatto penaltilar seriyasida ham 4: 4, hisob teng bo‘ldi. So‘nggi umidimiz darvozabonlar bahsida. Nihoyat bizning darvozabonimiz hal qiluvchi golni kiritdi, hisob – 5: 4. Go‘yo bu bilan u aybini yuvganday edi. Biz yutdik, chempionmiz. O‘yin davomida ular tinimsiz zaxira o‘yinchi bilan almashinib turishdi. Bizda bor-yo‘g‘i bitta zaxira o‘yinchi bor edi. U ham oyog‘idan shikastlanib qoldi. Shunda ham biz chempionlikni qo‘lga kiritdik. Bilishimizcha, raqib jamoalar chempionatga bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Biz esa unga bir oy qolganda, kutilmaganda xabar topganmiz. O‘zimizdagi ishonch va Vatanga bo‘lgan muhabbat tufayli chempion bo‘ldik.

– Buning barchasi davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar samarasi deb o‘ylayman, – suhbatga qo‘shildi uning do‘sti Salim Son. – Qolaversa, murabbiyimiz Jamshid akaning tajribasi qo‘l keldi. U hamisha bizni raqib jamoaning o‘ynash uslubiga tayyor turishimiz kerakligini uqtiradi. Ular hujumkor bo‘lsa, biz kuchli himoyada, ular kuchli himoyaga ega bo‘lsa, biz hujumkormiz.

“Penalti bahsi mutlaq g‘olibni yuzaga chiqarganda butun jamoamiz ko‘ziga yosh qalqdi. Davlatimiz madhiyasi yangragandagi holatni aytishga til ojiz...”, – deydi ikkalasi to‘lqinlanib.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, hozirda yurtimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Ixtisoslashtirilgan futbol maktab-internatlari tugatilib, respublika bo‘yicha 14 ta Hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari va 1 ta Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi tashkil etiladi.

Ushbu islohot ham yurtimizda o‘sib-ulg‘ayayotgan yosh avlodning yorqin kelajagi yo‘lidagi izlanishlardan, albatta. Bolalarning futbolga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, professional futbolchilarni bosqichma-bosqich tayyorlash va O‘zbekiston milliy terma jamoalariga nomzodlarni yetkazib berish, o‘zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qilinmoqda. Ixtisoslashtirilgan futbol maktab-internatlari o‘rnida respublika bo‘ylab viloyat markazlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan markazlashgan Hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari tashkil qilinadi. Shuningdek, Toshkent shahrida alohida Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi tashkil qilinib, viloyat hududiy futbol akademiyalarining saralab olingan eng iqtidorli futbolchilari ushbu akademiyada tahsilni davom ettiradilar. Mazkur futbol akademiyalariga yosh sportchilarni qabul qilish hamda u yerdagi shart-sharoitlar haqida keyinroq batafsil yoritamiz. Hozircha futbol bo‘yicha jahon chempionatini kuzatib, natijani kutamiz. Axir futbol – millionlar o‘yini.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.