Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yashil olamga sayohat

Tabiat deganda ko‘z oldimizga yer, suv, dov-daraxtlar, azim tog‘lar-u hayvonot va nabototning ajoyib olami keladi. Dunyoga kelganimizdan boshlab tabiatda yashaymiz, nafas olamiz, uning ne’matlaridan bahramand bo‘lamiz. Ana shu go‘zal olamga zahmat yetkazmaslik uchun uni yaxshilab o‘rganishimiz kerak bo‘ladi. Ya’ni tabiatdagi har bir tirik mavjudotning borliqdagi o‘rni, atrof-muhitga bog‘liqligini bilish uchun u bilan do‘stlashish zarur. “Sog‘lom ona va bola yili”da turfa olamning boyliklaridan oqilona foydalanish, atrofimizni o‘rab turgan yashillikni asrab-avaylash, zamin saxovatini yaqindan his qilish maqsadida poytaxtimizning eng ko‘kalamzor maskani, kichik o‘rmonzori – Botanika bog‘ida tabiat bayrami bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” kanalining tajribali muharriri Qosimjon aka So‘piyev tashabbusi bilan tahririyatimiz hamda Botanika bog‘i hamkorligida o‘tkazilgan bu tadbir “Yashil olamga sayohat” deb nomlandi. Bayramda “Gulxan” bilan doimiy hamkorlikda bo‘lgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 14-, 44-, Toshkent shahridagi 206, 283-maktab o‘quvchilari faol ishtirok etdilar. Shuningdek, unda maktablarning o‘qituvchilari, ota-onalar ham qatnashdilar. Botanika bog‘ining rahbari Sodiqjon Abdunazarov mehmonlarga bog‘ haqida qisqacha so‘zlab berdi. Shundan so‘ng bolalar reja asosida “Yosh rassomlar”, “O‘tkir zehnlilar”, “She’riyatga oshnolar” guruhlariga bo‘linib, bahsli tanlovga kirishdilar. Yosh rassomlar guruhidagi o‘ndan ortiq bola bog‘ning manzarali ko‘rinishini qog‘ozga tushirdi. “O‘tkir zehnlilar” esa tahririyatdagi aka-opalari bilan ona Vatanni ta’riflovchi maqol va matallarni yoddan aytib berishdi, tabiat haqidagi savollarga javob topishdi. She’riyat shaydolari taniqli shoirlarning yashil olam haqidagi go‘zal misralari orqali ona zamin va uning betakror tabiatiga ta’rif berishdi. Ushbu tanlovlarda faol qatnashgan bolalarga jurnalning Faxriy yorlig‘i, yosh tadbirkor Bobur Zokirov xususiy korxonasi “Ziyo Globus”da ishlab chiqarilgan globuslar, “O‘zbekiston” NMIUda chop etilgan badiiy kitoblar sovg‘a qilindi. Yashnobod tumanidagi 206-maktabning 4-sinf san’atsevar o‘quvchilari ijrosidagi rang-barang qo‘shiq va raqslar tabiatning oy husniga husn qo‘shib jarangladi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, bog‘ning ilmiy xodimlari yo‘lboshchiligida yashil olam bag‘riga sayohat qildilar, qadim daraxtlar to‘g‘risidagi ajoyib tafsilotlarni tingladilar.

Sahifamizdagi qator suratlarni ko‘zdan kechirsangiz, tabiat bayrami haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lasiz. O‘ylaymanki, bu bayram yurtimizning barcha viloyat va tumanlaridagi ko‘kalamzor maskanlarda, go‘zal xiyobonlarda, oromgohlar bag‘rida davom etadi. Zero, ona Vatanga muhabbat, tevarak-atrofga e’tibordan, atrof-muhitga mehrdan boshlanadi.

 

Gulxanjon

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.