Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zomin anjumanida

Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi O‘riklisoy dam olish maskanida Respublika yosh ijodkorlarining an’aviy Zomin seminari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan aprel-iyun oylarida seminarning hududiy bosqichlari o‘tkazilgan edi. Unda o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etgan 200 nafarga yaqin yosh ijodkordan 80 nafari Zomin seminariga yo‘llanma oldi. Quvonarli tomoni shundaki, ishtirokchilarning ism-shariflarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularning ko‘pchiligi ijod mahsullari muntazam ravishda “Gulxan” jurnalida chop etib kelingan bizning yosh ijodkorlarimiz, jurnalning faol muxlislari ekan. Seminar qatnashchilari uch kun davomida she’riyat, nasr, dramaturgiya, badiiy tarjima, adabiy tanqid kabi yo‘nalishlarda ustoz adiblardan saboq oldilar, atrofidagi tengdoshlari ijodini tinglab o‘zaro bahsga kirishdilar, mashqlari taniqli ustozlar tomonidan tahlil etildi, tajriba va mahorat oshirdilar. Shu bilan birga bu anjuman yangi-yangi nomlarni kashf etdi, o‘zbek adabiyotining ertangi kuni yorug‘ bo‘lishidan darak berdi. Yurtimizning taniqli shoir va yozuvchilari Mahmud Toir, Enaxon Siddiqova, Eshqobil Shukur, Zulfiya Mo‘minova, Farida Afro‘z, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Dilshod Rajab, Orif To‘xtash yoshlarga ijodiy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. Biz internet tarmog‘i orqali seminar ishtirokchilarining ushbu tadbirdan olgan taassurotlari bilan tanishdik. Ulardan biri – Xorazm viloyatidan kelgan ishtirokchi Zumrad Masharipovaning quyidagi fikrlari bilan siz ham tanishing:

– Yosh ijodkorlar uchun ustozlar yo‘l-yo‘rig‘i, maslahati katta maktabdir. Zominning betakror tabiati qo‘ynida ana shu maktabdan saboq oldik. Ustozlar ijodiga hayrat va havas tufayli yangi mavzu va rejalar tug‘ildi, yangi she’riy satrlar uyg‘ondi. Bu tuyg‘ularning mahsuli adabiyotimizga yangi irmoqlar bo‘lib qo‘shiladi.

Anjumanda muvaffaqiyatli ishtirok etib, mashqlari talabchan ustozlar tomonidan e’tirof etilgan yoshlarning ijodiy ishlari matbuotda e’lon qilish uchun, ilk kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi hisobidan ko‘pming nusxada chop etishga tavsiya qilindi.

Uch kun davom etgan turli madaniy tadbirlar, yam-yashil archaga burkangan Zomin tog‘lari va sharsharaga sayohatlar yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sertifikatlari, badiiy kitoblar hamda Jizzax viloyati hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Gulxanjon

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.