Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Muzlatkichda karam bo‘lsa

Pirog

Kerakli mahsulotlar: 3 stakan un, 1 stakan smetana, 1 stakan sut, yarim bosh karam, 50 gramm sariyog‘, 3 dona tuxum, 2 osh qoshiq mayonez, yarim choy qoshiq xamiryumshatgich (razrixlitel), tuz, murch.

Tayyorlanishi: karamni mayda to‘g‘rab tuz seping. Muzlatilgan saryog‘ni yupqa to‘g‘rab, karam ustidan soling. Murch seping. Boshqa idishga tuxumni chaqib, smetana va mayonez qo‘shib aralashtiring. Ustidan sut quyib, xamiryumshatgichni qo‘shing. Kam-kamdan un solib aralashtiring. Aralashmani karam ustiga solib, 175 darajada qizdirilgan gaz pechida 40 daqiqaga qo‘ying.

 

Salat

Kerakli mahsulotlar: butun karamning to‘rtdan biri, 1 dona olma, 2 bog‘ selder, 1 dona sabzi, 3 osh qoshiq mayonez, yarimta limon, tuz, ta’bga ko‘ra shakar.

Tayyorlanishi: barcha sabzavotlarni yaxshilab yuving. Selder bandining ustki po‘stlog‘ini artib, barglarini olib qo‘ying. Keyin bandini somoncha shaklida, barglarini esa mayda qilib to‘g‘rang. Sabzini ham somoncha shaklida to‘g‘rab oling yoki qirg‘ichdan o‘tkazing. Karamni mayda to‘g‘rang. Olmani po‘stlog‘i va o‘zagidan tozalab, qirg‘ichdan chiqarishingiz yoki somoncha shaklida to‘g‘rashingiz mumkin. Barcha masalliqlarni idishga solib yarimta limon sharbati, ta’bga ko‘ra tuz, shakar, mayonez solib, yaxshilab aralashtiring.

 

Kotlet

Kerakli mahsulotlar: yarimta karam, 2 dona tuxum, 2,5 qoshiq un, 1 bog‘ petrushka, tuz, ta’bga ko‘ra qalampir.

Tayyorlanishi: karamni blenderda maydalab oling, blender bo‘lmasa to‘g‘rash ham mumkin. Unga mayda to‘g‘ralgan petrushka soling. Alohida idishga tuxum chaqing, un, tuz, qalampir qo‘shib maydalangan karamga yaxshilab aralashtiring. Hosil bo‘lgan masalliqni qizdirilgan tovaga bir osh qoshiqdan (yoki qo‘lingizni ho‘llab, dumaloqlab olishingiz ham mumkin) solib qovurib oling. Karamli kotlet tayyor. Uni smetana bilan birga, ustiga ko‘kat sepib dasturxonga torting.

 

Qiymali dimlama

Kerakli mahsulotlar: 250 gramm karam, 300 gramm qiyma, 100 gramm pomidor qaylasi, 1 dona sabzi, 1 bosh piyoz, 1 bog‘ petrushka, ta’bga ko‘ra tuz va ziravorlar.

Tayyorlanishi: tovani baland olovga qo‘yib, 2 osh qoshiq o‘simlik yog‘i soling. Yog‘ qizigandan keyin halqacha qilib to‘g‘ralgan piyozni solib 3 daqiqa qovurgach, somoncha shaklida to‘g‘ralgan sabzi, qiyma, tuz va ziravorlarni qo‘shib qovurishda davom eting. 7 daqiqadan keyin to‘g‘ralgan karam, pomidor qaylasi soling. Agar karamning sharbati kam bo‘lsa, yarim stakan suv qo‘shsangiz bo‘ladi. Masalliqni yaxshilab qovurib olgach, tovaning qopqog‘ini yopib, past olovda 15 daqiqa dimlang. Tayyor bo‘lgan taomning ustiga ko‘katlar seping.

 

Pazanda NAZOKAT

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.