Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navro‘z dasturxoniga

Bahor chuchvarasi

Kerakli masalliqlar:

3 stakan un va tuzli suv.

Qiymasi uchun jami 1 kilogramm ko‘k (otquloq, jag‘-jag‘ sho‘ra, yalpiz, ismaloq), 2 ta piyoz, yarim bog‘ ko‘k piyoz, 150 gramm dumba yog‘i, yarimta qalampir, ta’bga ko‘ra tuz, murch va 50 gramm sariyog‘ kerak bo‘ladi.

Tayyorlanishi: Xamir qorilib, 10 daqiqaga tindiriladi. Barcha masalliqlar maydalab chopiladi. Tuz va qalampir qo‘shib aralashtiriladi. So‘ng masalliq bir oz qovurib olinadi. Tayyor qiyma yoyib, kesilgan xamir jildlariga solinib, tugiladi va qaynab turgan suvda pishiriladi. Tayyor chuchvara ustiga sariyog‘ surtib, qaymoq yoki qatiq bilan dasturxonga tortiladi.

 

Ko‘katli qatlama

Kerakli masalliqlar: 3 stakan un, tuzli suv, 1 bog‘ ko‘k piyoz, 2 dona piyoz, 250 gramm margarin. Qovurish uchun salat yog‘i.

Tayyorlanishi: Tuzli suvda xamir qorib, biroz tindiramiz. Tingan xamirni yoyib, ichiga ko‘klardan tayyorlangan masalliqni sepamiz va xamirni xuddi qatlama somsa xamirini o‘ragandek o‘raymiz. Keyin o‘ralgan xamirni to‘rtga bo‘lamiz. Bo‘laklarning har birini jo‘vada alohida yoyib, yog‘ qizib turgan tovada oldi va orqasini qizartirib pishirib olamiz.

 

Ismaloqli varaqi

Kerakli masalliqlar: 2 stakan un, 0. 5 stakan sut, 1 stakan suv, 50 gramm saryog‘, 1 chimdim tuz. Qiymasiga: 2 bog‘ ismaloq, 2 dona piyoz, 1 bog‘ otquloq, yarim bog‘ ko‘k piyoz, ozgina jizza. Tuz, murch. Qovurish uchun yog‘.

Tayyorlanishi: Un, suv, sut, sariyog‘ va tuzni qo‘shib xamir qilamiz. Keyin barcha masalliqlarni mayda qilib to‘g‘raymiz. Tingan xamirdan yong‘oqdan kattaroq zuvalachalar yasab, ustini yopib qo‘yamiz. Birozdan so‘ng zuvalachalarimizni o‘rtacha likopcha kattaligida yoyib olamiz. Xamirning o‘rtasiga qiymadan solib, yarim oy shaklida tugamiz va qushtili kesadigan asbobda chetlarini chiroyli shaklga keltiramiz. Varaqilarimizni qizigan yog‘da ikki tomonini galma-gal pishirib olamiz.

 

Pazanda: Husnobod

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.