Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Adabiyot bayrami

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tadbirlar zalida bo‘lib o‘tgan katta bayram, nafaqat,  bolalar adabiyoti  ixlosmandlarini, balki  Gulxanjonni  ham nihoyatda  xursand qildi. Payqadingiz, gap O‘zbekiston  xalq yozuvchisi, o‘zbek bolalar adabiyotining  fidoyi ijodkori, “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Shirin qovunlar mamlakatida”, “Mungli ko‘zlar” kabi sara  asarlari bilan  bolalar adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, unga yangi ruh, yangi ovoz olib kirgan katta-yu kichikning birday ardoqli  yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev tavalludining  90 yillik yubileyi haqida.

Xudoyberdi aka  1978-1983-yillarda  “Gulxan” jurnaliga rahbarlik qilganlar. Ustoz millat bolalarining  fe’l-atvori tiniq yoritilgan asarlari bilan dunyo bolalari  qalbini ham zabt etdi. Jahonning 40 dan ortiq mamlakat  tillariga  asarlari tarjima qilindi.

Hashamatli  tadbirlar zali Xudoyberdi To‘xtaboyevning tavallud kunini nishonlashga kelgan muxlislar bilan  liq to‘ldi. Gulxanjon bu yerda ustozning farzandlari,  o‘zining bolalik o‘rtoqlarini ko‘rib rosa xursand bo‘ldi. Nabiralariga esa bobolari  haqida  ular  eshitmagan  esdaliklarini  aytib berdi.

Ustoz  yubileyi  bahona bolalar  adabiyoti bayramiga aylangan  anjumanni  O‘zbekiston  Yozuvchilar  uyushmasi raisi, O‘zbekiston  xalq shoiri Sirojiddin Sayyid kirish so‘zi bilan ochdi.

O‘zbekiston  respublikasi Oliy Majlis  Qonunchilik palatasi  deputati, yozuvchi  Xurshid Do‘stmuhammad, Bolalar adabiyoti kengashi raisi Orif To‘xtash adib  hayoti va ijodi  haqida  ma’ruza qilishdi.   Sh.Akbarov, M.Hamidova, B.Karimov, Dilshod Rajablar ustoz bilan  ishlash jarayonida bo‘lib o‘tgan, ibratli voqealar, Xudoyberdi akaning insoniy  fazilatlari  haqida hayajon bilan   so‘zlashdi. Yozuvchi  asarlarining  chinakam  muxlislari vakili sifatida  tadbirda qatnashgan Yashnobod tumanidagi 244-maktab o‘quvchilari adib asarlaridan sahna  ko‘rinishlari namoyish qilishdi.

Tadbir bolajon ijodkor nomi, betakror asarlari, sevimli qahramonlari qiyofasida  kitobxonlar qalbida   uzoq yillar  saqlanishiga  qat’iy ishonch ruhida yakunlandi.

O‘z muxbirimiz

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.