Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dunyo loyihalari ichida a’losi

Bir necha oy avval Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “Zayed barqarorlik mukofoti” loyihasida Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari — Pahlavon G‘ulomov, Saidaziz Abdujalilovlar qatnashdi. Loyihada ishtirok etish uchun 5 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Ular orasidan final bosqichiga chiqqan 33 ta ariza ichida Saidaziz va Pahlavonlarning ishlanmalari ham bor edi.

Yurt o‘g‘lonlarining yomg‘ir suvini qayta ishlab, aholi ehtiyojlari uchun foydalanishga qaratilgan loyiha taqdimoti ishtirokchilar va hakamlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Quvonarlisi, bu loyiha Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan tanlab olingan 3 ta loyihadan biri sifatida e’tirof etildi.

O‘tgan yil men uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi, — deydi Prezident maktabi o‘quvchisi Pahlavon G‘ulomov. — Respublikamizda suv inshootlari tarixi va Finlyandiya ta’lim tizimi afzalliklariga bag‘ishlangan maqolalarim, suvni tozalash texnologiyasi va tarixiga oid risolam nashr etildi. Yil davomida 20 dan ortiq loyiha ishlab chiqdim. Ular orasida yomg‘ir suvini yig‘ib, uni filtrdan o‘tkazib, aholi ehtiyojiga yo‘naltirish borasidagi loyiham ajralib turardi. Unda loyiha maqsadini tushuntirib beruvchi videorolik bor edi. Biz katta ishonch bilan harakat qildik va xato qilishdan qo‘rqmadik. Zero, har qanday xato tajriba bo‘lishini tushunardik. Ayni paytda yana 8 ta loyiha ustida ishlayapman.

Demakki, qahramonlarimiz izlanish, o‘qish, o‘rganish, o‘z ustida ishlashdan to‘xtagani yo‘q. Agar yurtimizda Pahlavon va Saidazizga o‘xshagan “Eynshteyn”lar ko‘paysa, insoniyat hayoti yaxshi o‘zanga burilib, iqlim va iqtisodiy taraqqiyot yanada yuksaladi.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.