Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“El-yurt umidi” – sening umiding

Maktab, kasb-hunar kolleji, akademik litseyni tamomlash arafasida turgan, aziz muxlislar! Siz ayni paytda “Qaysi universitetga topshirsam ekan? Qay biri menga qanday imkoniyatlar taqdim etadi?” degan o‘ydasiz. Albatta yurtimiz oliygohlarida o‘qish rejasi bor. Ayrimlaringiz esa nufuzli chet el universitetlarida bilim olish, malaka oshirishdek katta marralarni ko‘zlagansiz. Biroq xorijda 100 foizlik grant sohibi bo‘lish yoxud universitet siz bilan imzolagan shartnoma pulini to‘lash og‘ir masala. Qolaversa, viza xarajatlari, yo‘l puli, oziq-ovqat va yashash ehtiyojlarini ham o‘ylamaslikning iloji yo‘q. Dunyodagi top universitetlarning talabasi bo‘lgan taqdiringizda ham oilani zo‘rg‘a tebratib, ro‘zg‘ordan pul orttira olmayotgan ota-onangizga tantanavor xushxabarni aytishga yuzingiz betlamaydi. Lekin O‘zbekistonda shunday yoshlar borki, ulardagi bilim, istiqbol, iqtidor yuzaga chiqishi uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi doimo  yordamga shay. Ya’ni, dunyoning top universitetlariga o‘qishga kirgan, til bilgan, fikrlashi, dunyoqarashi, intilishi boshqa tengdoshlaridan ajralib turgan talabalarning barcha xarajatlarini jamg‘arma o‘z zimmasiga oladi. Sahifamizda aynan jamg‘armaning stipendiantlariga aylanib, ta’limni xorijda o‘qigan va hozirda karyerasini O‘zbekistonda davom ettirayotgan yoshlarning fikrlari aks etgan.

 

Sunnatillo MURTAZAYEV,

AQSHning Janubiy Kaliforniya universiteti magistratura bosqichi bitiruvchisi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Korporativ munosabatlar bolimi boshligi:

2011-yil O‘zbekiston Milliy universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirganimdan so‘ng soham bo‘yicha karyera qilishni xohladim. 2023-yilgacha ko‘plab korxona, tashkilot va hokimlikda faoliyat yuritdim. Biroq yana izlanish, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqim kuchayaverdi. Shu sabab ingliz tilini o‘rganishga kirishdim. Darslarga tayyorgarlik qiyinchilik tug‘dirmadi. Chunki bakalavr bo‘lishimdan avval til grammatikasini yaxshi o‘zlashtirganman. Lekin oradagi 5 yillik tanaffus, oila, 3 farzand va ishim sabab avvalgidek vaqt ajratishim imkonsiz edi. Doimo ishdan chiqib, kursga shoshilardim. Qolaversa, Garvard, Pensilvaniya va Buyuk Britaniya universitetlarining bir nechta qisqa muddatli kurslarini tamomlab, onlayn platforma orqali sertifikatlar oldim. Keyin IELTS imtihoniga topshirib, 6 ballga erishdim. Shunday qilib, menda jahon biznes huquqini chuqur o‘rganish va karyeramni xalqaro darajaga ko‘tarish ishonchi paydo bo‘la boshladi. So‘ngra AQSHda 16-o‘rin, dunyo bo‘yicha 65-o‘rinni zabt etib turgan Janubiy Kaliforniya universiteti (University of Southern California)ni tanladim va u menga 50 foiz miqdorda grant ajratdi. Biroq qolgan xarajatlar o‘ylantirardi. Bunday vaziyatda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tanlovida ishtirok etishni maqsad qildim. Sababi, jamg‘arma o‘qish, yashash va borib kelish xarajatlarimni to‘liq qoplaydi, viza olishda esa yordam beradi. Asosiysi, u ilmi, maqsadi, intilishi bo‘lgan talabani o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Avvalambor, talaba o‘zining boshqalardan ustun jihatini hujjatlarida, mantiqiy va psixologik testda, suhbatda namoyon etishi lozim. Muhimi, siz topshirgan universitet juda top reytinglarda bo‘lishi kerak. Boisi, reytingi yuqori universitet bitiruvchilari O‘zbekiston rivojiga ko‘proq hissa qo‘shishi mumkin. Omad qushi kulib, boshingizga qo‘nsa, top universitet talabasi bo‘lsangiz, jamg‘arma magistratura talabasi uchun uch yil, bakalavriat bilan esa besh yilga shartnoma imzolaydi. Aynan Janubiy Kaliforniya universiteti joylashgan shtatda dunyoning top biznes tashkilotlari va yuridik firmalari bor. U yerda ishlaydigan yurist, advokat, sudya va professorlar bizga dars berardi. Shuningdek, universitet bitiruvchilari bilan mustahkam aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, kelajakda bir-birimiz bilan fikr almashish, sohamiz bo‘yicha izlanishlar olib borishda qo‘l keladi. Muhimi, amaliyotga asoslangan ta’lim oldim. O‘qitish tizimi ham ajoyib. Barcha talabalar darslarni va professorlarni o‘zi tanlaydi. Majburiy fanlar oz bo‘lib, qolganlari talabaning xohishiga ko‘ra saralanadi. Ma’ruzalar va topshiriqlar darsdan oldin taqdim etilib, talaba doimo universitetga mavzuni o‘qigan va o‘rgangan holda keladi, auditoriyada ma’ruza bo‘yicha bilimlar tahlil qilinadi. Professorlar hamisha savollarga javob berishga hozir-u nozir turadi. Hatto, sessiyalar uchun alohida tayyorlash darslari bor. Shuningdek, doimiy ravishda dars jarayoni, o‘quv qo‘llanmalarining mavjudligi, professorning o‘qitishi bo‘yicha anonim so‘rovnomalar o‘tkazilib, natijaga ko‘ra o‘zgartirishlar kiritiladi. Universitet ma’muriyati o‘qituvchining emas, talabaning bilim olishi va qulayligini 1-o‘ringa qo‘yadi. Universitetni bitirib qaytganimdan so‘ng lavozimim ko‘tarildi. Ish joyimdagi shart-sharoit va oylik maoshdan mamnunman. Kelgusida bilim va malakamni yanada oshirish maqsadida chet elga chiqish, amaliyot o‘tash va jahondagi nufuzli  tashkilotlar bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatish, hamkorlik qilish niyatidaman. Maqsadim “Navoiy kon-metallurgiya kom­binati” aksiyadorlik jamiyatida xalqaro korporativ me’yorlarni joriy etish, korxonani IPO – (Initial Public Offering) ga olib chiqishdir. Bu pog‘onagacha ko‘tarilish uchun mendan faqat harakat talab qilinadi. Shu sabab hech qachon to‘xtab qolmaslik lozim. Ayniqsa, bugungi yoshlarda imkoniyat keng. Til o‘rganish, top universitet talabasi bo‘lishda to‘siq yo‘q. Faqat o‘qish va sabr bo‘lsa yetarli. Muhimi, to‘xtab qolmaslik. Siz o‘ylagan orzu maqsadga aylanishi kerak.

 Davomi kelgusi sonda...

 

 Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.