Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hamidulla Akbarov

Filologiya fanlari doktori, professor, kinoshunos olim Hamidulla Akbarov 1936-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning  filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limida, keyinchalik  Moskva San’at instituti aspiranturasida tahsil olgan.

Hamidulla Akbarov o‘zbek kine­matografiya sohasidagi ilmiy-pedagogik izlanishlari davomida “20 rejissorning biografiyasi”, “Mo‘jizaviy nur”, “Kino tarixidan”, “Kino san’ati muammolari”, “Estetika va zamonaviylik” kabi ko‘plab ilmiy-publitsistik asarlar yaratgan.

Olimning 70-80-yillarga kelib Moskva va Toshkent nashriyotlarida qator  ocherklari, monografiyalari chop etila boshladi. Jumladan, Moskvada 1970-1973-1981-yillarda “Rahim Pir­muhamedov”, “Svetlana Norboyeva”, “Литература и кино”, “Кино Узбекистана” nomli kitoblari; Toshkentda 1969-yilda “Ekran va adabiyot”, 1977-yilda “Sehrli yog‘du”, 1978-yilda “Ekran va zamonaviylik”, 1980-yilda “Zohid Sobitov”, “An’ana va ekran”, 1981-yili “Adabiyot va kino”, 1983-yili “Nabi G‘aniyev”, 1985-yili “Latif Fayziyev”, 1986-yili “Kino san’ati”, 1987-yilda “Ekran va zamon”, 1992-yilda “Kino va televideniye olamida” nomli majmualari chop etildi. Bu hisobga gazeta va jurnallarda e’lon qilingan tahliliy, tanqidiy maqolalari, taqrizlari kirmaydi. Demak, H.Akbarov hayotida 80-90-yillar ayni kamolot pallasi hisoblanadi.

Olimning “Abdulla Qodiriy o‘gitlari”, “Farg‘ona kanali nega suratga olinmadi?”, “Abdulla Qahhor va kino”, “Oybek va kinematografik tasvir”, “Sergey Ezeynshteyn va o‘zbek kinosi”, “Besh film saboqlari” kabi maqolalarida  millat, o‘zbek kino san’ati haqida jonkuyarlik bilan asosli xulosalar berilgan.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.