Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Har ne’matga bir shukr

Har bir millat, har bir xalq eng avvalo, fidoyi o‘g‘lonlari, mutafakkir zotlari, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan olim-u ulamolari bilan g‘ururlanadi. Shu jihatdan olib qaraganda, xalqimizning g‘ururi tog‘lardan baland.

O‘tgan yili yurtimiz rahbarining “Bu­yuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandan so‘ng, uning shonli yo‘li va ijodiy merosini nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda chuqur o‘rganildi.

Bobur Mirzoni jahonga tanitgan jihat uning harbiy yurishlaridan ko‘ra, qisqa umri davomida biz avlodlarga qoldirgan boy adabiy, ilmiy-tarixiy me­rosidir. Birgina “Bo­bur­noma” asarida 30 dan ortiq fanlar ha­qida yuksak ilmiy mulohazalar bil­dirgan. U o‘z davrining tarix­chisi, etnografi, o‘l­ka­shunosi, biolog, ge­ograf, din­shunos oli­mi sifatida ta­nilgan. Bobur bo­bo­si Amir Te­murning mu­no­sib vo­risi sifatida  uning saltanatini qayta tiklash, manmanlikka berilmay yuksak saltanatni barpo etish, davlatchilik ishlarini amalga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. U saltanatni asrash uchun temuriy shahzodalar birlashmasliklari, ularning toj-taxt va vorislik uchun o‘zaro yakdil bo‘lib kurashmayotganliklaridan iztirob chekadi. Temuriylar saltanatini inqirozga olib kelgan ana shu illatlarga qarshi fikrlarga “Boburnoma”da ko‘p duch kelamiz. Bobur bobosi Amir Temurning valiahdlikni o‘g‘li Shohruh yoki nabirasi Xalil Sultonga emas, balki suyukli nabirasi Mirzo Pirmuhammadga vasiyat etgani kibr-u g‘ururi baland shahzodalarning noroziligiga sabab bo‘lganini yaxshi bilardi. Shu bois u to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun Mirzoga birodarlari Hindol, Komron va opa-singillari bilan hamisha hamjihat bo‘lishni uqtirib maktub va vasiyat yozib qoldirganini bilamiz.

Bobur “Har ne’matga biror shukr lozim va har shukrga uning ketidan biror ne’mat”  degan hikmatnamo fikrni mamlakat  farmoniga kiritadi. Boburning bu fikri bugungi kunimizga ham shukronalar keltirish asosini beradi. Uning bu farmonida “shukr” mavzusiga yanada chuqurroq kirib boriladi. “Dunyoda hech bir boylik undan buyukroq va oxiratda biror bir yaxshilik undan go‘zalroq bo‘lmas” degan tushunchalarni bergan.

Zahiriddin Bobur farzandlari Humoyun, Komronga yozgan maktub va vasiyatnomasida saltanatni demokratik tarzda, bamaslahat boshqarish, nokas va nojinslarni aslo davlat ishlariga aralashtirmaslik, zinhor hind va boshqa xalqlarning dini, urf-odatlari va muqaddas deb bilgan an’analariga jaholat qilmaslik, aksincha ularni ehtirom etishni ta’kidlagani, bu qalbi daryo shaxsning uzoqni ko‘ra bilganligini ko‘ramiz. Bobur nazarida saltanat obro‘yi birinchi navbatda savodli, tez bir xulosaga keladigan, so‘z qudrati ustun, odamlarni o‘ziga ergashtira oladigan shaxslar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan.

Bobur fikricha, el nazariga tushish, askar-u fuqarolar ko‘ngliga yo‘l topish uchun eng avvalo, yuksak insoniy xislatlarga ega bo‘lish, davr yangiliklarinigina emas, saltanatdagi o‘zgarishlarni to‘g‘ri baholay bilish, harb san’atini to‘g‘ri o‘zlashtirish, xulqida jasorat, mard kishiga xos  xislatlar doimo mavjud bo‘lishi, mushkul vaziyatda quroldoshiga yordam qo‘lini cho‘zishi, ochiqko‘ngilli, saxiy va insonparvarlik umr shiori bo‘lgan shaxsgina davlat boshqaruvida o‘zini ko‘rsata oladi, boshqalarni ham bu ezgu niyatlar sari yetaklab borishi mumkin.

Bobur diplomatiyasida  raqib tomonni mag‘lub etishdan ko‘ra, u bilan sulh tuzish, muzokaralar yo‘li bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish ishlari tahsinga loyiq bo‘lgan.

Buni biz Mirzo Boburning shoh asari bo‘lgan “Boburnoma”ni o‘qish jarayonida kuzatamiz va o‘zining qisqa umri davomida shuhrat to‘la xotira qoldirgan boburiylar sulolasi asoschisiga tarixiy, adabiy-badiiy meros uchun, hayotiy ibrat uchun tahsinlar aytamiz.

                      

“Buyuk yurt allomalari” kitobidan olindi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.