Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ixtirochi bolalar

Mamlakatimizda ilm-fan, yoshlarning ilmiy izlanishlari, yaratuvchanligi, tashabbus va tadbirkorligiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ular yaratgan yangilik va izlanishlar qoʻllab-quvvatlanmoqda. Shunga javoban yoshlar orasida tinmay izlanayotgan, Vatanimiz yuksalishi yoʻlida bor kuchi, bilimi bilan harakat qilayotgan ixtirochi bolalar, katta yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan oʻquvchi, talabalar safi kengaymoqda. Ushbu sahifamiz mehmonlari ham oʻz ixtirolari bilan koʻpchilikning eʼtiboriga tushgan oʻquvchi yoshlardir. Marhamat, ular haqida oʻqing, ibrat oling, ularga ergashing. Balki, sizda ham yangi fikr, yangi gʻoyalar bordir? Ularni qanday qilib yuzaga chiqarishni oʻylayotgandirsiz? Ehtimol, ular haqida oʻqigach, ixtiro va gʻoyalaringizni amalga oshirish uchun yoʻl ham topib olarsiz.

 

 

Minitraktor muallifi

Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 54-maktabning 8-sinf oʻquvchisi Muhammadsodiq Abduhalimov otasi Umarjon Yoʻldoshev koʻmagida minitraktorlar yasab, ularni qishloq xoʻjaligi ishlarida foydalanishga tatbiq etdi.

Muhammadsodiq maktabda aʼlo baholarga oʻqiydi. Ayniqsa, fizika, matematika fanlariga juda qiziqadi. Aynan shu qiziqish uni texnik ixtirolar qilishga undadi. Qayta-qayta tajribadan oʻtgan ixtiro chopiq va haydov kabi qishloq xoʻjaligi yumushlarini bemalol bajara oladi. Uning ixchamligi, kam yoqilgʻi sarflashi esa kichik tomorqa egalari uchun ayni muddao boʻldi.

Har bir traktorni tayyor holga keltirish uchun albatta, anchagina ehtiyot qismlar zarur boʻladi. Ularning xarajatini otam hisob-kitob qiladilar. Ana shundan kelib chiqib minitraktorga narx qoʻyganmiz. Hozircha xaridorlar mamnun. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida otam bilan toʻqqizta traktor yasab, sakkiztasini sotishga muvaffaq boʻldik. Hozir Oʻzbekistonning turli viloyatlaridan buyurtmalar olyapmiz.

Albatta, har bir yangilikning ortida katta izlanish, mehnat va mashaqqat yotadi. Bunday izlanishlar kishidan bilim va tajriba talab qiladi. Muhammadsodiq kelajakda bu minitraktorni yana qoʻshimcha vazifalarni bajaradigan, mukammal agregatga aylantirishiga ishonamiz.

 

Oltin medal sohibi

Har yili oʻquvchilar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan anʼanaviy xalqaro Mendeleyev olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashib kelayotgan Oʻzbekiston yoshlari bu safar ham munosib marralarni egallashga harakat qilishdi. 28 ta davlat oʻquvchilari oʻrtasida onlayn tarzda oʻtkazilgan 35-Olimpiadada Oʻzbekiston sharafini 7 nafar oʻquvchi himoya qildi. Ularning barchasi gʻolib va sovrindorlar safidan oʻrin oldi. Buxoro shahridagi 35-maktab oʻquvchisi Firdavs Sobirov ushbu olimpiadaning oltin medalini qoʻlga kiritdi.

– Men erishgan bu yutuqlarda onam va ustozlarimning katta hissasi bor. Onam boshlangʻich sinfda oʻqiyotganimdayoq menga saboq berib, ilm-fanga havas uygʻotdilar. Men bilan birga dars tayyorlashdan erinmadilar. Meni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdilar. Maktabimizning oliy toifali kimyo fani oʻqituvchisi, ustozim Amin Saidov bilan astoydil ushbu olimpiadaga puxta tayyorlandim. Kelajakda yana-da koʻproq oʻqib-oʻrganib, mamlakatimiz kimyo sanoatiga, ilm-fani rivojiga oʻz hissamni qoʻshmoqchiman, – deydi Firdavs.

 

Gulxanjon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.