Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kamera yozuvidagi haqiqatlar

Onalar majlisiga bordim. Namoyishlar zali to‘la onalarni ko‘rib ajib his qildim o‘zimni. Yuzlab lolani o‘stirgan mehri daryo bog‘bonlar to‘plangan edi go‘yo. Ammo direktor opa so‘z boshlagach... mening qizim tilga olinmasa-da, uyatdan noqulay holga tushdim. Chunki opa umumiy gap orasida kimligini aytmagan ba’zi yuqori sinfda o‘qiydigan qizlarning “kamerasi bor maktabda yigit bilan uchrashib, hiringlab turishi”, “so‘kinishi”ni tilga oldi...   

Yoshlar davrasiga tushsang, beixtiyor o‘z balog‘at pallang, o‘sha davrning “moda”si, xullas, boshqa zamonni eslab hozirgisi bilan taqqoslay boshlaysan. Va negadir o‘z yoshliging tarovatliroq, fusunkorroq tuyuladimi-ye... mana, maktab dahlizi. Darrov qizlarning baqirgan ovozi eshitiladi. Avval to‘polonchi oz, ular ham o‘g‘il bola bo‘lardi, qizning tomoq yirtib kulishi, yigitlar bilan teppa-teng gap talashishi qayda?! Yoki avval ham bo‘lgan-u, men payqamabmanmi?..

Agar shu savol tanish bo‘lib, siz ham hozirgi qizlarning “boshqacha”ligidan ajab­lanayotgan bo‘lsangiz, demak, haqiqatda bu ko‘z yummaydigan masalaki, kelajak tarbiyachilari bo‘lmish guldek nozik xilqatning yovvoyilashib, chirmovuq o‘tga aylanishini jim tomosha qilish yaxshilikka olib kelmaydi.

Tabiatan “xonakilashtirilgan, madaniy” bo‘lishi kerak nafis gullarimizni hayo, ibo, sadoqat, sabr, shukr kabi zarur ozuqa emas, shartakilik, yuzsizlik va yana ko‘p ...sizliklar bilan to‘la sharoit – G‘arb madaniyati, nazoratsizlik, molparastlik ko‘chasiga ayrim­lar tashlab qo‘ygani bois natijadan yoqa ushlash kech. Kiyinish madaniyatini olaylik. Arzimasdek ko‘ringan kiyinish madaniyatiga rioya qilinmasa,  jamoatchilik joylarida nomaqbul tashqi ko‘rinish bilan e’tiborni o‘ziga tortishga jazo qo‘llash kerakmikin...

–   Maktabimizdagi yuqori sinf yigitlarining iltimosi meni sizlarni chaqirishga turtki bo‘ldi, aslida. “Ayting, so‘kinishmasin”, “Sekinroq gapirishsin”, “Ro‘mol o‘ragach, sipo kiyinib, xulqini to‘g‘rilamaydimi?”  degan gapni eshitib, yer yorilmadi, kirib ketmadim.., – dedi maktab direktori Sh.D.  

– “To‘polonchi” qizning otasini chaqirdik, – davom etdi direktor majlisda. – “Qizim avliyo. Hamma ishni qiladi, gap qaytarmaydi”, dedi ota “Meni nega chaqirding?” degandek. “Qizingiz qandayligini o‘zingiz ko‘ring”, deya kamera yozuvlarini qo‘yib, xonadan chiqib ketdim. Yarim soatdan keyin kirganimda, ota “Shu mening qizimmi? Birinchidan, nega darsga kechikdi, nega o‘qituvchi bilan urishyapti? Nega daftar-kitobi yo‘q?” taajjublandi. “Ayolingizdan so‘rang”, dedim.

Bari mubolag‘a, u darajada emasdir, degan taskinga ishonging keladi. Chunki maktab davridanoq go‘zal xulqi, yutug‘i, sport bo‘yicha medallari bilan nazarga tushgan, intilishlari bois ulkan yutuqlarga erishgan oltin qizlarimiz serob. Ulardan biri – farmatsevtika fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori, 28 yashar Iroda Shermatova bilan yuqori sinf qizlari uchrashishdi. Uning sohada qilgan kashfiyoti uchun 467 mln. so‘mlik grant yutib, o‘z mahsulotini ishlab chiqarayotgani, haydab kelgan “kaptiva”sini halol mehnati evaziga o‘zi olganini eshitgan ayrim qizlar avvaliga shubhalanishdi.

–   Hech kim pul bergani yoki “tayanch” vazifasini o‘tab bergani yo‘q. Yutuqlarimni qattiq mehnat, sabr, o‘zimga ishonch evaziga kelgan mukofot, deb bilaman. Siz ham orzuyingizga erishishingizga tilakdoshman, – dedi Iroda lo‘nda qilib.   

“Qaysi millat qizlari so‘kinsa, yolg‘on gapirsa, kechki paytlari ko‘cha sang‘ishdan uyalmasa hamki o‘zbek qizlari emas”, degan cho‘g‘ g‘oya asrlar davomida millatimiz asliyatini saqlab keldi. Ammo bugungi o‘zbek qizlari, ayoli taqliddan o‘zini tiyolmagani, o‘zini kimlargadir mengzashi bu – ko‘z o‘ngimizda ro‘y beryapti.

Ming afsuski, bunday nadomatli holatlar ayrim maktablarda uchrab turibdi.

Xalqimizda “Birniki mingga, mingniki tumanga” degan maqol bor. Sinfdagi bitta hayosiz qiz ertaga yon-atrofdagi bir-ikkita sinfdosh dugonalariga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydi, deb kim kafolat beradi? Hech kim. Lekin ko‘pchiliklashib ana shu bitta “kurmak”ni davolasa, chora ko‘rilsa, butun bir sinf yoki maktab jamoasining yuzi yerga qaramasdi.       

 

Gulgun Usmonova

jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.