Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitob bayrami – maʼnaviyat bayrami

Hukumatimiz hamisha siz bolalarning yorqin kelajagingiz haqida qaygʻurgan. Bolalarning tarbiyasi – odobi, maʼnaviyati, bilimi, dunyoqarashi qanday boʻladi, degan savollar yurtimiz rahbariyatining diqqat markazida. Prezidentimiz raisligida joriy yilning 19-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektorda ham aynan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamiyat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish kabi dolzarb masalalar oʻrtaga tashlandi. Mart oyida esa shu xususda, ikkita muhim hujjat imzolandi. Shu munosabat bilan yurtimizning barcha viloyat va tumanlarida maʼnaviyat ishlarini tubdan yaxshilash boʻyicha saʼy-harakatlar boshlanib ketdi.

5-aprel kuni “Turon” kutubxonasida Toshkent viloyati kitob haftaligining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari – taniqli shoir va dramaturg Qoʻchqor Norqobil, shoir Davron Rajab hamda “Gulxan” jurnali ijodkorlari ishtirok etishdi. Ular tadbirga yigʻilgan katta-yu kichik ishtirokchilarga dunyoni, odamlar qalbini telefon, kompyuter, internet, ijtimoiy tarmoqlar, yengil-yelpi seriallar egallab olayotgan tahlikali bir pallada kitobning inson hayotidagi muhim oʻrni haqida aniq dalil va misollar asosida soʻzladilar, oʻz ijodlaridan namunalar oʻqidilar.

Haftalik doirasida “Bolalarga kitob bering” mavzusidagi tadbir Toshkent viloyatining Angren shahrida davom etdi. Shahardagi harbiy qismning katta zaliga “Turon” kutubxonasi vakili Dilfuza Tursimatova tashkilotchiligida xizmatdagi askarlar, tumanlarning ARM xodimlari, yosh ijodkorlar, maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha masʼul xodimlar yigʻilishdi. “Gulxan” jurnali ijodkorlari kitob bayramining asosiy mehmoniga aylandi. Kitob bayramida yoshligi “Gulxan” bilan bogʻliq angrenlik taniqli bolalar shoiri Neʼmat Dushaevning xotiralarini tinglab juda sevindik. Shuningdek, hamisha maktab oʻquvchilari orasidan yosh isteʼdodlarni topib, ularga ilk ijodiy saboqlar berib kelayotgan hamda bu bolalarni muntazam “Gulxan” jurnali bilan bogʻlab turadigan fidoyi ijodkor Muhabbat Abduqodirovaning “Davon jilgʻalari” toʻgaragi aʼzolari ham ijodiy mashqlaridan namunalar oʻqib, barchani quvontirdi.

Kitob asrlar osha dillarni dillarga bogʻlab kelgan maʼnaviy rishta sifatida qalblarga yaxshilik, yorugʻlik, ezgulik urugʻlarini sochgan. Kitob haftaligi doirasidagi bu bayramlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar nafaqat Toshkent viloyatida, balki Vatanimizning barcha viloyat, tuman va qishloqlarida, mahallalarida davom etadi. Adabiyotning, maʼrifatning nuri koʻngillardan koʻngillarga koʻchib yurtimiz rahbari taʼkidlaganidek, Yangi Oʻzbekistonning yuksalishida milliy tarixni milliy ruh bilan yaratishga xizmat qiladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.