Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men – oʻsha qovoqvoyman

Sahifamiz mehmoni – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, yosh tomoshabinlarning sevimli aktyori Abdusamad Joraboyev. Aktyor “Shum bola”, “Besh bolali yigitcha”, “Qovoqvoy va Chanoqvoy” kabi bir qator spektakllarda, “Jiblajibon” teleserialida, teleminiatyuralarda yaratgan o‘ziga xos rollari bilan muxlislar qalbidan joy olgan. Ibrat namunasi sifatida san’atkorning bolalik xotiralariga murojaat qildik.

KOʻR KUCHUKNING QILMISHI

Men 1952-yilda Toshkent viloyati Chinoz tumanining Tillaobod qishlog‘ida  tug‘ilganman. Otam Abdumannop Jo‘raboyev kolxozda mirob (suvchi) bo‘lganlar. Ekinzorlarga suvni navbat bilan taqsimlagan, sug‘organ, mana shu mashaqqatli mehnati orqasidan oilani boqqan. 

1959-yilda tumandagi 91-maktabning 1-sinfiga o‘qishga borganman. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchimiz O‘rinboy aka – boshidagi do‘ppisi o‘ziga juda yarashgan, qaddi-qomati kelishgan, istarali kishi edi. U vaqtda hozirgidek maktab formalari, portfel, ruchka bo‘lmasdi. Onam qattiqroq matodan tugmali sumka tikib bergandi. Hatto, siyohdon o‘rashga sellofan bo‘lmasdi. Kiyimimizga siyoh to‘kilgudek bo‘lsa, ming yuvganingiz bilan ham dog‘i ketmasdi.

Bir voqea yodimdan chiqmaydi:  qahraton qish, qalin qor yoqqan. 1-sinfda o‘qiyman. Uydan chiqib, besh yuz metr yurganimdan keyin ne ko‘z bilan ko‘ray, qarshimda katta it turibdi. “Tishlab olmasin”, deya joyimda to‘rt soat qimir etmay turaveribman. Bir payt dars tugab, ustoz sinfdoshlarimni yetaklab kelib qoldi. “Bu yerda nima qilib turibsan, nega maktabga bormading?” dedi  hayron bo‘lib. Men ahvolni tushuntirdim. Ustozim itni haydab yubordi. Keyin bilsam, itning ko‘zi ko‘r ekan. O‘sha kuni kechqurun isitmam ko‘tarildi. Qattiq shamollagan ekanman. Uch oy maktabga borolmadim.

SHAPALOQ – SABOQ

2-sinfda o‘qiyotganimda darsda to‘polon qilganim uchun o‘qituvchimiz urdi. Uyga yig‘lab bordim.

–   Iye, nima bo‘ldi? – so‘radilar otam.

–   O‘qituvchimiz urdi...

–   Haa... Chatoq bo‘libdi-yu... Qani, qayeringga urdi?

–   Mana... Mana bu yerimga, – hiqillab chap yuzimni ko‘rsatdim. (“Endi maktabga borib, o‘qituvchimni urishadilar”, deb o‘yladim o‘zimcha). Kutilmaganda o‘ng yuzimga shapaloq kelib tushsa deng.

–   Hali senmi o‘qituvchidan gap eshittiradigan, senmi o‘qituvchidan shikoyat qiladigan! Ayb o‘zingda bo‘lgandirki, urgan!

Shu voqea menga saboq bo‘ldi. Ustozdan dakki eshitmaslik uchun vazifalarni vaqtida qildim, a’lo bahoga o‘qiydigan, maktabdagi gapni uyga olib kelmaydigan bo‘ldim. To‘ylarda ustozimizni ko‘rib qolsak, berkinib olardik. Chunki ertasi kuni maktabda “To‘yda nima qilib yurganding?!” deb urishardilar-da.

SANʼATGA ILK QADAM

Qiziquvchanligim sabab, maktabdagi drama to‘garagiga a’zo bo‘lganman. Ko‘plab rollar o‘ynaganman, lekin jussam kichkina bo‘lgani uchun faqat komik rollar berishardi. Taqlid san’atiga  ishtiyoqim baland edi. Portfelini qo‘ltiqlab yuradigan gavdali geografiya ustozim bo‘lardi. Kimdir chaqirsa, butun tanasi bilan o‘girilib qarardi. U kishiga taqlid qilsam, hamma miriqib kulardi. Bu haqda xabar topgan ustozim xonasiga chaqirtirdi. “Tamom, endi kaltak yeyman”, deb o‘yladim. U vaqtda maktabda asosan erkak o‘qituvchilar ishlardi, ayollar barmoq bilan sanarli edi. Qisqasi, ustoz eshikni qulfladi-da, “Xo‘sh, qanday yurarkanman? Agar o‘xshatolsang indamayman, aksincha bo‘lsa, ko‘rasan mendan”, dedi. “Ustoz, portfelingizni berib turing”, dedim. Orqamni o‘girib olib, “Qani, chaqiring-chi”, dedim. Taqlidim o‘xshadi, shekilli, qulflangan eshikni ochdi-da, “O‘xshadi, lekin ustozlarni masxara qilmagin! Bor, chiqib ket!” deb haydab yubordi. San’atga bo‘lgan qiziqishning ilk qadamlari shu bo‘lsa, ajabmas.

Tuman gazetasiga she’r va maqolalar yozib turardim. 5-sinfda yozgan “Yalqovlarga o‘xshama” nomli she’rimning har bir satri haligacha yodimda:

Shamol bilan olishib,

Varrak uchar shox tashlab.

Shamoldanmi yengilib,

Qarang, ketdi yonboshlab.

Dedim varrakka qarab:

–   Hech qachon yonboshlama.

Uchgin qaddingni rostlab,

Yalqovlarga o‘xshama.

 

KITOB OʻQIMASAM BOʻLMASDI

Oilada biz farzandlar bekor o‘tirmasdik. Har birimizga yoshimizdan kelib chiqib ish taqsimlanardi. Yozda tong sahar tomorqaga tushib, ekinlar orasini yovvoyi o‘tlardan tozalardik. Keyin choy ichib, maktabga ketardik. Darsdan kelib, ovqatlanib, dam olgach, yana tomorqada ishlardik.

Eng yaxshi ko‘rgan ishim mol boqish edi. Chunki o‘sha paytda kitob o‘qishga vaqt bo‘lardi-da. Saharda do‘stlarim bilan mollarni dalaga olib borardik. Har kim topganini olardi: birov non, birov qurt, yana birov olma, limonad idishda choy yoki suv. Men esa yemak bilan birga kitob ham olardim. Bir kuni kitob o‘qishga qiziqib, sigir esimdan chiqib ketibdi. Bir vaqt qarasam, sigir yo‘q. U yoqqa yugurdim, bu yoqqa yugurdim. Sigirni topolmadim. Yig‘lab-yig‘lab uyga bordim. Bilsak, qarovsiz qolgan sigir paxtazorni payhon qilgan, militsiya olib ketgan ekan. Otam jarima to‘lab, sigirni yetaklab keldi-da, onamga “O‘g‘lingga non berma, yo‘qsa kitobni nonni orqasiga berkitib olib ketarkan”, deb tayinladi. Dalaga belimni ushlab, tekshirib ko‘rib, keyin jo‘natadigan bo‘ldi. Biroq, kitob o‘qimasam bo‘lmasdi, uni oyog‘imga boylab olardim, hech kim bilmasdi.

YOQILMAGAN OʻTIN

Qishda uyni pechka yoqib isitardik. Hovlimizdan ikki chaqirim narida Ahmad ota degan kishining bog‘i bo‘lardi. O‘rtoqlarim “Otaning bog‘ida o‘tin ko‘p, ketdik o‘sha yerga”, deyishdi. Bir dunyo o‘tin terib, eshakning ikki tomoniga ortdik.  “Otam xursand bo‘ladilar, “Barakalla, o‘g‘lim”, deydilar”, deb o‘yladim. Hovliga olib kirishim bilan otam:

–   O‘tinni qayerdan olding? – dedilar vajohat bilan.

–   Ahmad otaning bog‘idan...

– Eshakni orqaga qaytar, qayerdan olgan bo‘lsang, o‘sha yerga olib borib qo‘y. Cholning o‘tinini so‘ramasdan olgansan!

–   Yo‘o‘q, ota... Hech kim ko‘rmadi...

–   Hech kim ko‘rmagan bo‘lsa, demak o‘g‘irlik qilgansan! Hoziroq o‘tinni joyiga olib borib qo‘y! Ortingdan borib tekshiraman!

–   Sovuqda bolani qiynab nima qilasiz? – yonimni oldi oyim.

–   Sen aralashma!

Yig‘lab-yig‘lab, sovuqda qaltirab, o‘tinni joyiga qo‘yib kelganman. Rahmatli otam birovning haqiga xiyonat qilmaydigan, to‘g‘riso‘z, o‘rni kelganda tarbiyada qattiqqo‘l inson edi va bu xislatlar keyinchalik bizga ham o‘tdi.

Maktabga borib-kelishda mahallamizdagi choyxona yonidan o‘tardik. Kunlarning birida xayol bilan u yerda o‘tirgan otam va do‘stlariga salom bermabman. Kechki payt otam uyga kelib, “Qani bo‘l, oldimga tush, seni falonchi domlaga olib boraman”, dedi. Domla deganlari chelakdagi suvga ivitib qo‘yilgan xivich bilan qo‘l-oyoqqa, yelkalarga “ship-ship” urib, o‘qirdi. Tamom bo‘ldim!

–   Ota, men nima qildim... Nima qildim..?

–   Nimaga o‘rtoqlarimga salom bermading? Bo‘l! Kiyin!

Oyoqlariga yiqildim:

–   Voy-dod... Kechiring, otajon... Boshqa qaytarilmaydi... Iltimos, kechiring... 

–   Agar yana shu ish takrorlansa, seni o‘sha domlaga olib boraman!

Shundan so‘ng choyxona yonidan o‘tganimda, kishi bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham  qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib salom beradigan bo‘ldim.

MENI QOVOQVOY DEYISHADI...

10-sinfni tamomlashim arafasida otam qaysi kasb egasi bo‘lmoqchiligimni so‘radi. “San’atkor bo‘­la­man”, desam, “Qishloqda teatr bo‘lmasa, qayerda spektakl qo‘yasan? Qolaversa, bizning av­lod­dan san’atkor chiqmagan. Undan ko‘ra, iqtisodchi yoki o‘qituvchi bo‘l”, dedilar. Shunda “Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlab ham pedagog bo‘lish mumkin”, deganimdan so‘ng oq fotiha berganlar. Bir o‘zim Toshkentga kelib, uch bos­qich­li imtihondan mu­vaf­fa­qiyatli o‘tib, drama va kino aktyorligi fakultetiga o‘qishga qabul qilinganman. U yerda Yodgora Ziyomuhammedova, Rus­tam Hamroqulov, Habibulla Abdullayev, Shamsiqamar Davutova, Ismoil Abdullayevlar bilan o‘qiganman.

Umrim Yosh tomoshabinlar teatrida, bolalar qarshisida o‘tdi. Turli spektakllarda bosh rollarni ijro qildim. Ammo, meni “Qovoqvoy va Chanoqvoy” spektaklidagi Qovoqvoy obrazi elga tanitdi. O‘sha paytlarda Yosh tomoshabinlar teatrida Italiya bolalar adabiyotidan “Chippolino” asari sahnalashtirilgan. Shunda ustoz san’atkor Vohid Qodirov bolalar shoiri Po‘lat Mo‘minga “O‘zbek bolalari qahramonini ham yaratsak”, deya taklif berganlar. Taklif ma’qul kelib, “Qovoqvoy va Chanoqvoy” she’riy asari dunyoga kelgan va 1962-yilda sahnalashtirilgan. Dastlab, Qovoqvoy obrazini Vohid Qodirov, onasini Manzura Hamidova ijro etganlar. 1980-yildan 1998-yilgacha spektaklda Manzura opa bilan birga o‘ynash menga nasib qildi. Spektakl

“O‘qish-u ish bo‘lmasa...

Oftobda yotsak qanday mazza!”  deb boshlanar, unda o‘ziga xos, ajoyib qo‘shiqlar bor edi. Maktabda bilimi pastroq, karra jadvalni bilmaydigan o‘quvchilar uchun saboq bo‘lgan:

 

Ikki karra uch olti, Qovoq sinfda qoldi...

Terak shoxi bo‘lar mo‘rt, bo‘lar mo‘rt,

Ikkita yetti bu o‘n to‘rt, bu o‘n to‘rt”.

“Tosh ko‘chada yugurma, yugurma.

To‘rt karra besh yigirma, yigirma.

                                   

Bilasizmi, odam bolaligida katta bo‘lishni orzu qiladi, yoshi ulg‘aygach, bolalikni qumsaydi. Xotirada bolalikning eng yaxshi va eng yomon kunlari qolar ekan. Hayotdagi bo‘shliqlar o‘rnini esa mehnat va mutolaa to‘ldiradi.

 

Dilafro‘z ZAYNIYEVA suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.