Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘qituvchi ham ota-ona

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tar­moqlarda dars vaqtida o‘qituv­chining o‘quvchini urayotgani tasvirga olingan turli videolar tez-tez aylanmoqda. Unga bo‘layotgan munosabatlarda holatning asl mo­hiyatini tushunmay turib, o‘qi­tuvchini qoralashadi, “Birovning bolasini urishga nima haqqi bor, qonun bo‘yicha mumkin emas”,  – deya e’tiroz bildirishadi.

O‘quvchilik davrimda otam maktab direktori bo‘lganlar. Sho‘xlik qilsak, darsga xalaqit qilsak, gap qaytarsak o‘qituvchilar bizni urishardi. Qattiq urishardi. Bu jazo edi va tarbiyaning bu usulidan qo‘rqib turardik. Ota-onamizga ham ayta olmasdik. Chunki ular ham bizni ayblashardi. O‘n yil maktabda o‘qib, birorta ota-ona bolasining yonini olib o‘qituvchini behurmat qilganini ko‘rmaganman. Men maktab direktorining o‘g‘li bo‘lib ham o‘rni kelganda kaltak yeganman.

O‘lib qolmadim, tirikman. O‘sha urgan hamma o‘qituvchilarimni bir umr hurmat qilib keldim. Urib tarbiya qilganlari uchun, ota-onam ham mening yonimni olmaganlari uchun ularga ming rahmat!

O‘qituvchi bo‘lib oliy o‘quv yurti, litsey va maktabda ishladim. Maktabda o‘qituvchi bo‘lmaganlar sharoitni bilmay, tashqarida turib gapiraveradilar. Haqiqiy holatni anglab yetolmaganlar yoki anglab yetishni xohlamaganlar bolasining yonini olib, o‘qituvchini qoralashdan, aybdor qilishdan u yog‘iga o‘tolmaydilar. Xolislik qilolmaydilar. Ular faqat o‘quvchini urish mumkin emas, degan juda tor tushuncha atrofida qolaveradilar. Agar qonun noto‘g‘ri bo‘lsa, inson o‘sha qonundan ustun turishi kerak.

Ayrim maktablardagi holat juda og‘ir. Shu haqiqatni afsus bilan aytaman, shunday o‘quvchilar borki, ular bilganidan qolmaydi, har qanday yomon hunarini ishga solib, o‘qituvchining asabini “randalashga” harakat qiladi, ataylab o‘chakishadi. Bunday paytda o‘qituvchining sabr-bardoshiga “Balli” de­ging keladi. Asabi buzilsa-da, chidab, tilini tishlab, qonundan qo‘rqib, tili va qo‘li uzun ayrim amaldorlardan, shallaqi ota-onalardan cho‘chib ishlayapti. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak. Bu bilan ta’lim tizimi o‘zini oqlamaydi.

Bu fikrim bilan o‘qituvchilar o‘quvchilarni uraversin, degan xulosada emasman. Lekin urish ham tarbiyaning bir qismi, ayb uchun jazo. Hatto ming bir azob bilan farzandini dunyoga keltirgan ona ham tarbiya uchun, asabi ko‘tara olmasa, jahli chiqsa bolasiga tanbeh beradi, uradi... Avval pichoqni o‘zingga ur, degan gap bor. O‘qituvchi – maktabda ota-ona.  U ham bola tarbiyasiga mas’ul, u – odam, robot emas.

Yana qaytaraman, agar qonun noto‘g‘ri bo‘lsa, siz qonundan ustun turing. Fikrlovchi va kelajagini o‘ylagan millat shunday bo‘lur!

 

G‘afurjon TOJIBOYEV,

faxriy o‘qituvchi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.