Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qalbni quvontirgan maktub

Jurnalimizning qadrli muxlislari!

Tahririyatimizga har kuni respublikamizning turli burchaklaridan o‘nlab maktublar keladi. Muxlislarimiz bu maktublar orqali nafaqat o‘z ijod namunalari, balki shaxsiy yutuq va natijalari haqida ham yozib biz bilan o‘rtoqlashadilar. Ana shulardan biri Qarshi tumanidagi 43-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi Shozoda Jabborova yozgan xatdir. Maktub biroz kechikkan bo‘lsa-da, uning mazmuni ibratli edi. Unda yozilishicha, bu maktabda o‘quvchilar bilan amalga oshirilgan tadbir va tanlovlar yurtimizdagi barcha o‘quv muassasalariga o‘rnak qilib ko‘rsatishga arzigulik ekan. Eng muhimi, maktub ichidagi fotolavhalar bu tadbirlarning nechog‘li qiziqarli o‘tganidan darak berib turibdi. Quyida Sh. Jabborovaning maktubi asosida tayyorlangan xabar va fotolavhalarni e’tiboringizga havola qilar ekanmiz, yurtimizda shu ustozga o‘xshagan va unga yaqindan yordam bergan Xayrulla Ochilov, Chaman Normatova singari tashabbuskor, tashkilotchi o‘qituvchilar bundan-da ko‘payishini istab qolamiz. Zero, maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning asosiy shartlaridan biridir.

 

Kitoblar bellashuvi

Maktabimiz o‘quvchilari bilan ma’naviyatimiz gultoji bo‘lgan kitoblar haqida tez-tez tanlov va tadbirlar o‘tkazib turamiz. Maktabimiz bolalari badiiy kitoblar o‘qishga juda qiziqishadi. Har yili o‘tkazib kelinayotgan “Kitob – mening do‘stimsan” tanlovi shartiga ko‘ra ikkita sinf o‘quvchilariga bir nechta taniqli yozuvchining asarlarini o‘qib kelish topshiriladi va bir oy muhlat beriladi. Shundan so‘ng ikki sinf bolalari kitoblar yuzasidan tuzilgan savollarga javob beradilar. Qaysi sinf kitobxonlari savollarga atroflicha javob bersa, o‘sha sinf g‘olib deb topiladi. Bu sinovlar maktabdagi barcha sinflararo o‘tkaziladi.

 

O‘g‘il bola – mard bola

Bir necha yillardan beri o‘g‘il bolalarning sevimli tadbiriga aylanib qolgan bu musobaqa o‘ziga xosligi bilan nafaqat maktab jamoasi, balki ota-onalarning ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Tanlovda faqat o‘g‘il bolalar ishtirok etadi. Ular “Vatan madhi”, “Hunar, hunardan rizqing unar”, “Sport – sog‘liq garovi” kabi shartlar bo‘yicha bellashadilar. Tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, o‘g‘il bolalar tomoshabin va hay’at a’zolariga Vatanimizni madh etuvchi she’rlarni ifodali aytib beradilar, sport musobaqasida o‘zlarini sinab ko‘radilar. Ular arra va bolg‘ani mohirona ishlatib turli buyumlar yasaydilar, ta’mir talab poyabzallarini o‘z qo‘llari bilan yaroqli holga keltiradilar, mazali salat tayyorlaydilar, hatto kiyimga tugma ham qadab ko‘radilar. Bolalar ba’zan tanlov shartlarini bajarishga shunchalik berilib ketadilarki, ulardagi zavq va shijoatni ko‘rib atrofdagilar beixtiyor ishtirokchilarni tinimsiz qarsaklar bilan olqishlaydilar. O‘ylaymanki, bu kabi bahs va sinovlarda abjirlik ko‘rsatgan o‘g‘il bolalar kelgusida harbiy xizmatga borganida, mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yganida, ona Vatani, oila himoyasi uchun turib berish zarur bo‘lganda, o‘z yigitlik burchini muvaffaqiyatli ado etadilar.

 

Gulxanjon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.