Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sahrodagi o‘ylar

Buyuk allomalarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kunlari munosabati bilan Toshkent viloyatining Angren shahriga yo‘l oldik. Poytaxtdan chiqib ikki tomoni keng dalalar, qish libosini  kiygan bog‘-u rog‘lardan o‘tib borar ekanmiz, atrofdagi manzaralarni ko‘rib ko‘zimiz quvondi. Ayniqsa, uzoq Angren va Ohangaronning purviqor tog‘lari, oppoq qor qoplagan asriy qoyalari ko‘ringanda yaqindagina sayyohlik yo‘llanmasi bilan Misrga borib, dam olib qaytgan yaqin insonimning gaplari yodimga tushdi.

–    Sharm al-Shayxga borgach, yaxshi bir mehmonxonaga joylashdik. Sayyohlar uchun barcha sharoitlar ortig‘i bilan yaratilgan. Mehmonxonadan chiqib biroz yurilsa, Qizil dengiz. Mehmonxonaning uch tomoni sahro, qum, biror xas yoki giyoh ko‘rinmaydi. Dam olish maskanining hovlisiga yam-yashil sun’iy chimlar yotqizilgan, palma daraxtlari, katta-katta tuvaklarda gullar ochilib turibdi. Biroq mehmonxonadan bir qadam tashqariga chiqsangiz, bepoyon sahroga duch kelasiz. Endigina kelganimizga qaramay o‘z uyim – ona shahrimni, go‘zal O‘zbekistonimizni sog‘ina boshladim. Shu tob xayolimga shoir Hamid Olimjonning “O‘zbekiston” nomli she’rining ajoyib misralari keladi.

“...O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston,

Dostonlarda bitgan Guliston...”

Bu misralar shoirning badiiy to‘qimasi emas, bu O‘zbekistonning tabiiy manzarasi, go‘zal o‘lkaga berilgan go‘zal ta’rif. Faqat shoir barini mahorat bilan qog‘ozga tushirgan.

Darhaqiqat, O‘zbekiston jannatmakon yurt. Gohida oilamiz bilan Chimyon, Amirsoyga borib chang‘i uchib kelamiz. Yozning jazirama kunlarida Burchmulla, Sijjak, Zomin kabi soya-salqin go‘shalarida mazza qilib toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olamiz, betakror manzarasi, daryo-yu soylari qirg‘oqlarida o‘tirgancha suvning ovoziga, qushlar chug‘uriga quloq tutamiz.

Misrning yastanib yotgan qum sahrolariga tikilgancha, “Biz rostdan ham jannatmakon bir o‘lkada yashar ekanmiz, Bobur Mirzo “anda jonim qoldi manim” deb yozganida naqadar haq bo‘lganini yana bir bor anglab yetdim.

Mana, aziz o‘quvchilar, hamyurtimizning gaplarini o‘qidingiz. Ayrimlaringiz ota-onangiz bilan xorijiy mamlakatlarga borib dam olib, xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalari va san’at tanlovlarida qatnashgansiz. Ayting-chi, sizning ko‘nglingizdan ham shunday tuyg‘ular o‘tganmi? Shu haqida yozilgan mulohazalaringizni bizga yozib yuboring.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.