Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shifo bagʻishlovchi neʼmatlar

Bolajonlar, vujudingiz sogʻlom va baquvvat boʻlishi uchun, avvalo, u vitaminlarga toʻyingan boʻlishi kerak. Shunda immun tizimingiz mustahkam, turli xastaliklarni yengishingiz oson boʻladi. Bunda sizga turli dorilardan koʻra koʻproq sabzavotlar yaqin koʻmakchi boʻla oladi. Sholgʻom, sabzi va turp kabi shunday shifobaxsh sabzavotlar tarkibidagi bir necha vitaminlar salomatligingiz uchun koni foyda.

Sholgʻom – karamguldoshlar oilasiga mansub ikki yillik ildiz mevali sabzavot. U shifobaxsh neʼmat sifatida qadimdan qadrlanib kelinadi. Dimlab pishirilgan sholgʻom koʻkrak qafasi va tomoqni yumshatishda ishlatiladi. Goʻsht bilan qaynatilganini isteʼmol qilsangiz tanangizga kuch, koʻzingizga quvvat boʻladi. Sholgʻomdan oʻpka, nafas yoʻllari kasalliklarida, yurak bezovtalanishida foydalaniladi. Unda peshob haydash, jarohatlarni tuzatish, ogʻriqni toʻxtatish xususiyatlari bor. Qaynatib pishirilgani va sharbati sizni yoʻtal qiynaganda, oʻtkir laringitda, shamollab ovozingiz boʻgʻilganda, uyqusizlikda katta yordam beradi.

Ikki osh qoshiq mayda toʻgʻralgan sholgʻom ustiga bir kosa suv solib, 15 daqiqa qaynating va iliqligida uxlashdan oldin isteʼmol qiling. Shunda yoʻtalingiz kamayib, tinchlanasiz. Bu qaynatma bilan gʻargʻara qilsangiz, tomoq ogʻrigʻiga davo boʻladi.

Sabzi – soyabonguldoshlar oilasiga mansub ikki yillik oʻsimlik. Oq va sariq sabzining vatani Afgʻoniston, zargʻaldoq tuslisining vatani Oʻrta yer dengizi sohili mamlakatlaridir. Bundan 4000 yil oldin dorivor oʻsimlik sifatida yetishtirila boshlangan. Bu neʼmat tanangizdagi uglevod deb ataladigan moddalarning almashinuvini hamda ovqat hazm boʻlishini yaxshilaydi. Yengil surgi vazifasini bajaradi. Organizmingizda vitaminlar keskin kamayib ketganda (gipovitaminoz), darmonsizlikda, kamqonlikda shifokorlar sabzi sharbatini tavsiya etadilar. Bronxit yoʻtalida sabzi sharbati va asalni birga isteʼmol qilsangiz, yaxshi koʻmak beradi. Peshob haydovchi sifatida qovuqdagi tosh va qumlarni maydalaydi. Sabzi urugʻidan tayyorlangan damlama yel haydaydi, ovqat hazm qiluvchi aʼzolaringiz faoliyatini yaxshilaydi, shuningdek, gijjalarni yoʻqotadi.

Turp – salqin mavsumda oshxonamiz bisotidan ayrilmaydigan tabiat neʼmati. U karamguldoshlar oilasiga kiruvchi ikki yillik sabzavot. Koʻkyoʻtalda turp sharbatiga asaldan teng miqdorda aralashtirib, kuniga 3-4 qoshiqdan ichsangiz, tuzalishingiz oson boʻladi. Turpning ichini oʻyib, asal solib qoʻysangiz, xushtaʼm sharbat ajraladi, bu peshob yoʻlida paydo boʻlgan toshlarni nuratadi, oʻt qopi yalligʻlanganda yengillik beradi. Qizamiq, bronxit, oʻpka sili kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Bu sabzavot tanangizda ortiqcha yogʻ toʻplanishiga yoʻl qoʻymaydi. Ammo, turpni meʼda-ichak yarasi, gastrit, enterit va gepatitda isteʼmol qilish mumkin emas.

Dilafroʻz ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.