Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yangi Oʻzbekistonda yangi imkoniyatlar

Jurnalimizning aziz muxlislari. Shu kunlarda siz uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Sizning boʻsh vaqtingizni mazmunli tashkil etish maqsadida Prezidentimiz “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatiga eʼtibor qaratdilar va viloyat, tuman, shahar hokimlari zimmasiga bir qator vazifalarni yukladilar. Qisqa muddatda “Barkamol avlod” markazlarida zamonaviy toʻgaraklar ochish va har bir maktabda ularning tarmoq filiallarini tashkil etish orqali bolalarni koʻproq qamrab olishni rejalashtirdilar.

Hozirgi kungacha 7 yoʻnalishda 65 nomdagi toʻgaraklar faoliyat koʻrsatib kelgan. Ular madaniyat va sanʼat yoʻnalishi, texnika, konstruktorlik va modellashtirish yoʻnalishi, jismoniy tarbiya va sport, hunarmandchilik va qoʻl mehnati, turizm va ekologiya yoʻnalishi, oliy taʼlim muassasalari va maktabga tayyorlov kurslari va nihoyat xorijiy tillar yoʻnalishi edi. Bundan buyon ularning turini koʻpaytirib, eng chekka tuman va qishloq maktablarida ham tashkil etishni taʼkidladilar.

Prezidentimizning “Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, koʻproq qoʻlidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, koʻpincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda. Maʼnaviyatimizga mutlaqo begona boʻlgan zararli gʻoyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sayin, minut sayin kirib boryapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlib yangrashi zarur” degan fikrlari zamirida katta maʼno bor. Shu bois ham yurtimizda bolalar va oʻsmirlar uchun, yoshlar uchun tashkil etilayotgan kitob haftaliklari, kitobxonlik tanlovi, turli fanlarga doir olimpiadalar, hunarmandchilik va rassomlik koʻrgazmalari, sport olimpiadalari, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi qiziqarli tanlovlar va tadbirlar kundan kunga koʻpaymoqda. Sizlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Isteʼdodli bolalarni kashf etish uchun nimaiki zarur boʻlsa, barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

“Gulxan” jurnali tahririyati ham bu masalada oʻz oldiga aniq maqsadlar qoʻygan. Ularni amalga oshirish uchun respublikamizdagi barcha yosh muxbirlarimiz, ijodkor oʻqituvchilarimiz, havaskor qalamkashlarimiz yaqindan koʻmak berishlari zarur boʻladi. YAʼni, ular oʻz maktablari, tuman va viloyat miqyosida tengdoshlari erishayotgan yutuqlar va natijalar, fanlar kesimida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bolalar haqida, “Barkamol avlod” markazlaridagi oʻquvchilarning qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlari xususidagi axborot va maʼlumotlarni batafsil yozib tahririyatga joʻnatishlari zarur. Ana shunda sizning yonginangizda yurgan isteʼdodlar haqida butun Oʻzbekiston bolalari xabardor boʻladilar. Ularga ergashadigan, oʻxshashni istaydiganlar, havas qiladiganlar soni koʻpayadi. Xalqimizda “Yomondan qoch, yaxshiga yondosh” degan ibratli maqol bor. Ana shunda yurtimizning barcha bolalari ota-onalari orzu qilgandek, Prezidenti xohlaganidek maʼnaviy yetuk va barkamol boʻlib ulgʻayadilar. “Gulxan” jurnali esa yosh isteʼdodlar, hunarmandlar va bilimdonlarni oʻz sahifalarida yoritib borishdan faqatgina quvonadi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.