Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yaxshidan qolgan bog‘lar

Bolalar, siz teleekran orqali yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan ko‘plab bino va inshootlar, jumladan, poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasi, Milliy axborot agentligi va qator matbuot nashrlari tahririyatlari joylashgan hashamatli bino, uning yonidagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, o‘z bag‘riga to‘rt mingdan ziyod tomoshabinni sig‘diradigan “Istiqlol” san’at saroyi, 375 metrli Toshkent teleminorasi, minglab ko‘p qavatli turarjoylar, muzeylarni ko‘rgansiz. Betakror husni, kattaligi jihatidan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Toshkent metropolitenini aytmaysizmi! Men har gal ushbu obida va inshootlar yonidan o‘tsam, ko‘nglimni hayajon va faxr chulg‘ab oladi. Negaki, ularning har birida ulug‘ bir zotning qo‘l izlarini sezgandek, pokiza ruhlarini his etgandek bo‘laman. Chunki mazkur noyob me’moriy obidalarning barchasi o‘sha inson nomi bilan bog‘liq. U xalqimizning fidoyi farzandi, shoir va adib, murakkab bir davrda uzoq yillar Respublikamizga rahbarlik qilgan davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovdir.

Bu yil tavalludiga 100 yil to‘lgan adib hayoti, xususan, bolalik va o‘spirinlik damlari qanday kechgani haqidagi ma’lumotlarni o‘rganarkanmiz, hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan qiziqarli lavhalarga duch keldik...

 

Patefon voqeasi

 

1934-yil... Jizzax pedagogika bilim yurtida o‘qiyotgan Sharofiddin bir kuni uyiga yuragi hapriqib kirib keldi. Uning qo‘lida yostiqday keladigan to‘rtburchak qutini ko‘rgan ukalari hayrat bilan peshvoz chiqishdi:

– Sharof aka, Sharof aka, qo‘lingizdagi nima? Haligi, o‘zi gapiradigan quti emasmi?..

Sharofiddinning o‘smir qalbi (o‘shanda u 17 yashar yigitcha edi) sevinchga to‘la, buni uning porloq nigohlari aytib turar, lekin tabiatan og‘ir-vazmin bola bo‘lgani uchun kulimsiragancha, o‘zini o‘rab turgan to‘rt nafar jigari – ukalariga sekin izoh beradi:

– Buni bilim yurtidan sovg‘a qilishdi. Oti – patefon. Sizlar aytgandek, o‘zi gapiradigan, hatto qo‘shiq kuylaydigan sehrli quti. Mana bu yerini ochib, ichiga plastinka solsak, bo‘ldi...

A’lo o‘qishlari, jamoat ishlaridagi faolligi, yuksak odob-axloqi, xushmuomalaligi tufayli Sharofiddinni bilim yurti rahbariyati ushbu mukofot bilan siylagani Rashid akani ham, Qo‘ysinoy opani ham behad quvontiradi.

Rashid aka uning yelkasiga qoqib, “Barakalla, o‘g‘lim!” degan bo‘lsa, Qo‘ysinoy opa ko‘z yoshlarini tiya olmay, “O‘zimning aqlli bolajonim, Sharofiddinim”, deya peshonasidan o‘pib, duo qiladi.

Bu bo‘lajak shoir va adib, buyuk davlat arbobi Sharof Rashidovning hayotdagi ilk katta muvaffaqiyati edi.

 

Olti inoq og‘ayni

 

Jizzax tumanining Sovungarlik mahallasida yashovchi Rashid aka Xalilovlar oilasini nafaqat mahallada, balki butun tumanda hurmat qilishardi. Ular xo‘jalikda halol mehnat qilar, farzandlarini ham to‘g‘riso‘z, mehnatkash insonlar qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratishardi.

Bu tabarruk xonadonda oilaviy muhit qanday bo‘lganini Sharof Rashidovning tug‘ishgan ukasi, ko‘p yillar yosh avlodga adabiyotdan saboq bergan jonkuyar adib va tarjimon, yaqinda qutlug‘ 88 yoshni qarshilaydigan Asil ota Rashidovning quyidagi so‘zlaridan bilib olish mumkin.

– Oilada olti o‘g‘il edik: Kamoliddin, Sharofiddin, Sahobiddin, Isomiddin, Asliddin va Nasriddin. To‘ng‘ichimiz – 1914-yilda tug‘ilgan Kamoliddin Rashidov 1933-yilda og‘ir xastalik bilan Samarqand shahrida vafot etgan. Qolgan aka-ukalar baholi qudrat ota-onamiz, xalqimiz ishonchini oqlashga harakat qildik.

Bolaligimiz juda og‘ir yillarga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridagi ocharchilik, qatag‘on davri O‘zbekistonda necha yuz minglab xonadonlarning boshiga og‘ir kulfatlar soldi. Ocharchilik va qatag‘on yillaridan keyin Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. Biz bolalar ham kattalarga ko‘mak berishga kirishdik. Odamlar o‘z tomorqasiga ham qaray olmas, faqat davlatning ishini qilishga majbur edi.

Bir kuni otam: “Makkayi qurib ketayapti. Tushlik vaqti tez-tez ovqatlanib, makkayi sug‘oringlar”, deb qoldi. Isomiddin akam bilan makkajo‘xorining tagini endi yumshatamiz deb turganimizda otliq upolnomachi (vakil) qamchisini o‘ynatib kelib qoldi va bizni ishga qaytarish payida og‘iz juftladi. Bundan otamning jahli chiqib: “Bu sho‘rliklar ovqatlanish vaqtining hisobidan kelib makkayini chopayapti. Nima, bunga haqqimiz yo‘qmi? O‘zingni shu qamching bilan uraymi?” deb upolnomachini urishdi. Otamning bu shahdini ko‘rgan boyaqish “Uzr, Rashid ota, uzr” dedi-yu, otini burib, qaytib ketdi...”

Mana shunday mehnatkash, fidoyi, o‘z o‘rnida qat’iyatli, bir so‘zli insonlar tarbiyasini olgan Sharof Rashidov ulg‘ayib, el koriga yaraydigan shaxs bo‘lib kamol topdi. Odamlarga mehribon va g‘amxo‘r, ayniqsa, bolalarni chin dildan sevadigan, ularni qo‘llab-quvvatlaydigan arbob bo‘lib yetishdi.

 

“Nima o‘qiyapsan, o‘g‘lim?”

 

O‘zi ham ijodkor, adabiyotning katta bilimdoni bo‘lgan Sharof Rashidov yoshlardagi kitobsevarlikni nihoyatda qadrlar, yilt etgan iste’dodni payqasa, uni qo‘llab-quvvatlardi.

Yoshi ulug‘ kishilarning aytishicha, Respublika rahbari sifatida tez-tez viloyatlarga safar qilib turadigan Sharof Rashidovni xalq nihoyatda qadrlab, Sharof ota deb murojaat etar ekan.

Uzoq viloyatlarga uyushtirilgan safarlarining birida qiziq voqea ro‘y beribdi. Sharof ota o‘tirgan avtomobil yurgan yo‘l bo‘yida eshak mingan bir bola ketayotgan emish. Jonivor quloqlarini shalpaytirib, o‘z mayliga “sudralib” borar, bolaning bir qo‘lida xilacho‘p, bir qo‘lida esa kitob, ikki ko‘zi unda, jimgina ketar ekan. Sharof ota haydovchisiga: “Shu bolaning yonida mashinani to‘xtat”, deb buyuribdi.

Yap-yangi “Volga” avtomashinasining shundoq yoniga kelib to‘xtaganini ko‘rgan bola avvaliga qo‘rqib ketibdi. Undan tushib kelgan oppoq kostyum-shim va shlyapali odamni tanibdi-yu, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beribdi.

– Qanday kitob o‘qiyapsan, o‘g‘lim? – deb so‘rabdilar Sharof ota alik olgach.

– “Alpomish”, – debdi bola uyalinqirab.

– Barakalla, o‘g‘lim! “Alpomish” – zo‘r doston! Sen ham Hakimbekday mard, jasur, tanti yigit bo‘l. Hech qachon kitobni qo‘lingdan qo‘yma, – debdilar Sharof Rashidov va qo‘yin cho‘ntaklaridan o‘zlarining ruchkalarini olib, bolaga sovg‘a qilibdilar.

Aytishlaricha, ana shu bola maktabni a’lo baholarga bitirib, institutda ham o‘qib, olim bo‘lib yetishibdi.

O‘z vaqtida Sharof Rashidov mehridan bahra olgan bolalar, yoshlar juda ko‘p. Bugun ular jamiyatning turfa sohalarida el-yurt xizmatidalar. Ularning bari yurt otasini cheksiz mehr va ehtirom bilan yodga oladi.

 

Elmurod NISHONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.