Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Izhor

Hayot kitobining avvali, boshi,

Togʻlardan mustahkam sabr-u bardoshi,

Sizga salom boʻlsin qalblar quyoshi,

Soʻzlarning gulidan izhori dilim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

 

Sizdan harf oʻrganib oʻy-maqsad hosil,

Inson inson degan maqomga vosil,

Hayot saboqlarin olib muttasil,

Sizdan bahra olib yashaydi koʻnglim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

 

Gullarning nomini bildik siz sabab,

Dillarning holini bildik siz sabab,

Yillar maqomini bildik siz sabab,

Olamni tanitdi siz bergan taʼlim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

 

Navoiy soʻz ichra muhtaram, mumtoz,

Ul zot sheʼr ahliga benazir ustoz,

Ustozga koʻrsatgan ehtirom, eʼzoz,

Bu maktab mehridan munavvar yoʻlim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

 

Bemor shifo istar Sinodan hamon,

Hazrat Naqshbanddan taralgan irfon,

Yulduzlar ilmida Ulugʻbek – sulton,

Ustozlar tufayli boʻlgandir olim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

 

Agar shogird topsa elda eʼtibor,

Hammadan ilgari Sizsiz baxtiyor,

Har dilning sizlarga tashakkuri bor,

Sogʻlik, umr tilab hormaydi tilim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

 

Gʻayrat Majid

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.