Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Javohirlar sandigʻi

Bir tomchi suv chumoliga daryo koʻrinar

Ozgina ish ham koʻp va ogʻir tuyulib, peshonasini tirishtiradigan, boʻyin tovlaydigan ishyoqmas, dangasalarga qarata shu maqolni aytib ularni mazax qilishadi.

 

Birikkan kuch – kuch, birikmagan kuch – puch

Inson yakka oʻzi, jamiyatdan ajralgan holda yashay olmaydi. Xalqimiz oʻzining bir qancha maqollarida kishiga jamiyat bilan, koʻpchilik bilan birga boʻlish zarurligini uqtiradi, koʻpchilikning jamoaning kuch-qudrati qanchalar buyukligini, jamoadan ajralish, yakka-yolgʻiz yashash esa yomon oqibatlarga olib borajagini ajoyib tamsillar orqali koʻrsatadi: “Bir tayoqni sindirib boʻladi, Oʻn tayoqni bukib ham boʻlmaydi”; “Bir kishi – bir, Ikki kishi – sher”; “Er birligi bilan kuchli, Sher – bilagi bilan”; “Ikkovga birov botolmas, Otliqqa yayov yetolmas”.

 

Birni kessang, oʻnni ek

Bu va bu singari bir turkum maqollarda koʻchat ekish, bogʻ qilishga targʻib etiladi: “Bir daraxtdan oʻn boʻlur, Oʻntasidan – oʻrmon”; “Bir tup tok eksang, bir tup tol ek”; “Bogʻbonning tol ekkani – oʻziga nom ekkani”; “Koʻchatni kim eksa, soyasida oʻsha oʻtiradi”; “Soya ekmagan salqinda yotmas”; “Boʻston boʻlsa bogʻing, Bulbul boʻlur qoʻnogʻing” (bu bilan bogʻingni obod qilib mevalar-u gullarga mol boʻstonga aylantirsang, huzuringga yaxshi doʻstlar kelib, aziz mehmoning boʻladilar, bu qilgan xayrli ishlaring bilan ularning olqishiga sazovor boʻlasan, deyilmoqchi); “Bir yil tut ekkan, Yuz yil gavhar terar”; “Oltmishingda olma eksang, Yetmishingda yemishing yersan”.

 

Bor boʻlsang, oshma, yoʻq boʻlsang, shoshma

Oshma – bu yerda “maqtanma, shishinma, manmanlikka berilma” maʼnosida; shoshma – “sabr qil, umidsizlanma, oʻzingni yoʻqotma, bardam boʻl” maʼnosida keltirilgan. Bu maqol orqali mol-dunyosi borlarga oshiqmaslik, kambagʻallashib qolganlarga sarosimaga tushmaslik kerakligi uqtiriladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.