Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Kitob eng yaxshi hamroh”

Angren shahar “Barkamol avlod” yoshlar ijodiyot markazidagi “Yosh jurnalist va notiq” to‘garagi a’zolari ijodidan

 

Tabiat bazmi

Moviy osmon qo‘ynida

Turna sayr etar.

Shabboda qo‘shig‘iga

Yaproq raqs etar.

Maysalar qarsak chalib

Tolish bilmaydi,

Qushlar yoqimli sayrab

Horish bilmaydi.

Bugun bahor navosi

Kezar o‘lkamda,

Uning xushbo‘y havosi

Ko‘rkdir ko‘klamga.

 

Gavhar QARSHIBOYEVA,

Angren Kimyo sanoati kasb-hunar

kolleji o‘quvchisi

 

Muzqaymoq

Sevimlidir muzqaymoq,

Hamma uchun soz qaymoq.

Rohatlanib yeymiz biz,

“Qanday mazza”, deymiz biz.

Shokoladli, yong‘oqli,

Yoki nonli, qaymoqli,

Biroq yesangiz ko‘proq,

Bezovta qilar tomoq.

 

E’zoza SOTIBOLDIYEVA,

13-maktab 3-sinf

 

Kitob

Kitob o‘qigan inson

Kam bo‘lmaydi hech qachon.

Biz uchun har vaqt, har chog‘,

Kitob eng yaxshi hamroh.

Topishmog‘-u ertaklar,

Yaxshilikka yetaklar,

Kitob o‘qisak agar,

Olam bo‘lar munavvar.

 

Diyoraxon ASHRABXONOVA,

28-maktab 8-sinf

 

Navoiy bobom

“Xamsa”ni o‘qigan yurak kuylaydi,

“Lison ut-tayr”da qushlar so‘ylaydi.

Navoiy bobomning qalami aro

“Mahbub ul-qulub”ga dillar bo‘ylaydi.

 

She’riyat mulkining sultoni, deya,

Hazrat Navoiyni yod aylagaymiz.

O‘lmas asarlarin o‘qib, o‘rganib,

Muborak ruhlarin shod aylagaymiz.

 

Otabek BAKIROV,

27-maktab 8-sinf

 

Topishmoq

Otada bor, onada yo‘q,

Tog‘ada bor, xolada yo‘q.

 

(..?)

 

Zanjirdek qator-qator,

Yerdan o‘rmalab o‘tar.

(..?)

 

Tutadi katta qozon,

Unga burkandi har yon.

(..?)

 

Sevinchxon BOTIRXONOVA,

28-maktab 6-sinf

 

Sog‘lom bola

Sog‘lom bola doim

Tetik yuradi.

Yonog‘ida esa

Quyosh kuladi.

 

Fikri chaqqon bo‘lar

Sog‘lom bolaning,

Aqli chaqmoq bo‘lar

Sog‘lom bolaning.

 

Sherzod Sotiboldiyev,

13-maktab 8-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.