Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Qaqnus” adabiyot va jurnalistika to‘garagi a’zolari ijodidan

Mana bir necha yildirki, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi qoshidagi “Qaqnus” adabiyot va jurnalistika to‘garagi a’zolari yozgan she’r, hikoya, maqolalar jurnalimizda e’lon qilib borilyapti. Havaskorlar mashqlarida yangi bir fikr aytishga, yangi tashbehlar va o‘xshatishlar topishga intilmoqda. Mavzu va fikrlar boyib bormoqda. Bu albatta, to‘garak rahbarining mehnati, yoshlarning izlanishi samarasi. Ulardagi o‘sishni ko‘rib quvonamiz. Ushbu sahifani o‘qigan har bir jurnalxon bu fikrimizga qo‘shiladi, albatta. To‘garak a’zolari deyarli har kuni tahririyatga yangi ijod namunalarini yuborishmoqda. Afsuski, bu maktublarning barchasidan foydalanish imkoniyatimiz yo‘q. Chunki respublikamizdagi har bir viloyatda “qaqnus”chilar kabi iste’dodli o‘quvchilar bor. Ular ham yozganlari jurnalimizda chop etilishini orzu qilishadi.

Shunday ekan, hurmatli “qaqnus”chilar, mashqlaringizni respublikamizdagi boshqa gazeta-jurnallarga ham yo‘llasangiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Sizga ijodiy yutuqlar tilaymiz.

 

Tahririyat

 

 

 

Ko‘klam kelyapti

Yashil olam ochadi chiroy,

Yerga oyna ko‘kda to‘lin oy.

Bugun yoki erta hoynahoy,

Kirib kelar yurtga ko‘klamoy.

 

Xurshida ABDUJABBOROVA

 

 

 

Oyijonim

Mening oyijonimning

So‘zi asal misoli.

Uning bilan uyimiz

Jannat – behisht timsoli.

 

Bobur BAXTIYOROV

 

 

 

Beshta kuchuk bolasi

Maktabga ketayotib, qayerdandir kuchuklarning g‘ingshiyotganini eshitdim. Ovoz kelayotgan tomonga yurdim. Qarasam, yo‘l chetida turgan og‘zi bog‘log‘liq to‘rva tinimsiz qimirlayabdi. Hayron bo‘lib, to‘rvaning og‘zini ochdim, ichida beshta kuchuk bola bor ekan. Ozod bo‘lgan kuchuklar yo‘l yoqalab yurib ketishdi. Ularga ergashdim. Katta ariq ustiga solingan ko‘prikdan o‘ta boshlashdi. Shunda ulardan birining oyog‘i sirpanib teshikka tiqilib qoldi.

Bu orada kattarog‘i kelib uni tishlab tortib oldi. Kun qiziy boshladi. Kuchukchalar yo‘l yoqasidagi ikkinchi imorat – Sardor akaning uyiga qarab chopishdi. Men to‘xtab qoldim. Sababi, hovlidagi daraxtga bog‘loqliq it tinmay yerni timdalar, irillar, g‘ingshirdi. Kuchuklarga tashlanib qolmasmikan, deb qo‘rqib ketdim. Shu payt ichkaridan Sardor aka chiqib qoldi. U bir menga, bir kuchuklarga hayron bo‘lib qaradi-da, mendan “bularni sen olib keldingmi?” – deb so‘radi.

– Yo‘q, ular meni olib kelishdi, – dedim. U esankirab: “Shuncha joydan qanday topib kelishdi? Ular yo‘lni ko‘rmasin, deb qopda olib ketgandim-ku”, – dedi. Kuchuklar onasining yoniga yetib borishdi. Ona it ularni bir-bir hidlab, tumshug‘i bilan turtib qo‘ydi. Kuchuklar erkalanib umbaloq osha boshlashdi.

Qilgan ishidan pushaymonligi Sardor akaning yuzidan sezilib turardi. Men shu kuni darsga kech qoldim va dakki eshitdim. O‘tirib oqibat haqida insho yozdim.

 

Sardor DUVLONOV

 

 

 

Dushman

Bolalar, men sizga o‘zimning dushmanim haqida so‘zlab berayin. U juda ayyor va makkor. Doim darslarimni o‘zlashtirishimda to‘sqinlik qiladi. Dushmanimning anchayin xudbinligi bor. Chunki u sabab ba’zan hayotimdagi eng muhim tadbirlarda qatnasholmayman. Masalan: birinchi sinfimdagi “Birinchi qo‘ng‘iroq” tantanasini aynan uni deb o‘tkazib yuborganman. U mening vujudimga ko‘zga ko‘rinmay bostirib keladi va barcha rejalarimni barbod qiladi. U mengagina emas balki, boshqa bolalarga ham dushmanlik qiladi, deb o‘ylayman. Uni yengish o‘zimizning qo‘limizda. Sizga uning nomini aytaymi? Juda bilishni xohlaysizmi? Dushmanimning nomi – yalqovlik!

Bilaman, bu juda yuqumli kasallik! Lekin undan xalos bo‘lish ham unchalik qiyin emas. “G‘ayrat”, “Iroda”, “Mehnatsevarlik” degan dorilardan juda qo‘rqadi. Agar biz ularni o‘zimizga do‘st qilib olsak, yalqovlik vujudimizga aslo yaqin yo‘lamaydi.

 

Sarvinoz OMONOVA

 

 

 

Qishda

Qor ko‘rpasin qoqadi samo,

Shamollar elaklab to‘kadi yerga.

Oppoq libos yoyar qizg‘ish dunyoga,

Xazonni allalab uxlatar go‘yo.

 

Muhabbat ISMATOVA

 

 

 

Yurtim dalasi

Hovlimda turibman, atrofga boqib,

Bahorning havosi tanimga yoqib.

Subhda bulutlar osmonga tengroq,

Hovlimdagi yerlar shahardan kengroq.

 

Ko‘chaga chiqaman qalamim olib,

Oq, oppoq qog‘ozni cho‘ntakka solib.

She’r yozmoq istayman asarga tengroq,

Qishloq ko‘chalari maydondan kengroq.

 

Maysalar ichida misli kelinchak

Salomga egilgan nafis boychechak.

Gulchechaklar soni yulduzlarga teng,

Ona zamin mehri osmonlardan keng.

 

Gavhar AHATOVA

 

 

 

Qizil atirgulim

Bahor nafasida ochilgan gulim,

Yo‘limga ifori sochilgan gulim.

Ko‘ksimga muloyim egilgan gulim,

Qizil atirgulim, xokisor gulim.

Sen mening ko‘zimga ziyosan, bilsang,

Shikasta dilimga shifosan, bilsang,

Kimga mish-mish, kimga ro‘yosan, bilsang,

Qizil atirgulim, xokisor gulim.

 

Zuhra Ergasheva

 

 

 

Mo‘jizalar

Shamol ham bir mo‘jiza,

Yomg‘irlarning yog‘ishi,

G‘uncha dudoq ochganda

Kapalakning olqishi.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz

Tog‘ qaydan bo‘lgan paydo?

Suv nima uchun rangsiz

Bilib bo‘lmaydi aslo.

Bularni bilmoq uchun

Olmoq kerak ko‘p bilim.

Shunda ona tabiat

Bizga ochadi sirin.

 

Ra’no ABDUVATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.