Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vatanga talpinib urmoqda yurak

Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi “Ilhom” ijodkorlar klubi 2005-yilda tashkil topgan. Unga iste’dodli pedagog shoir Nurali Jalil rahbarlik qiladi. Yuragida adabiyotga mehr, ijodga ishtiyoq bo‘lgan o‘nlab yoshlarni biriktirgan ushbu klub shu kungacha 500 ga yaqin havaskorlarga she’riyatdan saboq berdi. Ularning iqtidorini yuzaga chiqarishda ko‘makdosh bo‘ldi. Bugun ana shu klubning kenja vakillari ijodidan namunalar bilan tanishasiz.

 

Sog‘inchim

Salom tuyg‘ularim,

Salom hislarim.

Men sizni sog‘indim,

Sizni izladim.

 

Men sizni qidirdim,

Chaman bog‘lardan.

Lolalar yastangan

Adir, tog‘lardan.

 

Tunlari ko‘zimdan

Qochadi uyqu.

Salom senga ilhom,

Ey, go‘zal tuyg‘u.

 

Muattar MAMAJONOVA,

1-maktab 9-sinf o‘quvchisi

 

Shukrona

Vatanga talpinib urmoqda yurak,

Kuch-quvvat baxsh etar ajdodlarimiz.

Har sohada bizga bo‘ladi qanot –

Bilim, matonat va sabotlarimiz.

 

Baxtli davronlarni berganga shukur,

Bu so‘zlarni har kun aytaman takror.

Ey, aziz vatandosh, qo‘lni qo‘lga ber,

Har bir kunimizga shukrona darkor.

 

E’zozaxon XOLMIRZAYEVA,

21-maktab 7-sinf o‘quvchisi

 

Yoshlik

Yoshdan-yoshga o‘taman,

Yildan-yilga ulg‘ayib,

Ostonada gulbahor,

Kutib olar jilmayib.

Meni maftun qiladi,

Yoshlikning har bir yili.

Ochilib tursin doim,

Umrimning umid guli.

 

Marjona TOJIQULOVA,

45-maktab 9-sinf o‘quvchisi

 

Yurtim shamoli

Sen quvib bulutlarni

To‘zon bo‘lib kelasan.

Bepoyon kengliklarda

Qaydan qayga yelasan?

 

Majnuntolning sochlarin

Siypalab o‘tasan sen.

Ko‘chalarni changitib

To‘zg‘itib ketasan sen.

 

Dala-yu qir, bog‘larning

Sen ochasan jamolin.

Tinim bilma, esaver

Hur o‘lkamning shamoli.

 

Manzura MIRZAHOSHIMOVA,

28-maktab 7-sinf o‘quvchisi

 

O‘zbekiston

Parvozingda bizlar sening qanotingmiz,

Sinovlarda bardoshingmiz, sabotingmiz,

Biz buguning, biz ertangmiz, hayotingmiz,

Jannatning bir bo‘lagisan, O‘zbekiston

 

Yayrab yurdik, baxtli yurdik qo‘rg‘oningda,

Nihol kabi yaproq yozdik gul-bog‘ingda.

Sen bizlarni asragaysan qarog‘ingda,

Dilimiz pok tilagisan, O‘zbekiston.

 

Sarvinoz IKROM,

41-maktab 9-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.