Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oddiy, ammo, a’lo

G‘ildirak

 

Miloddan avvalgi ushinchi ming yillik o‘rtalarida yashab o‘tgan shumerlar hayotini aks ettiruvchi belgilarda ilk marta aravaga o‘xshash g‘ildirakli chana tasvirlangan. Disk ko‘rinishidagi bunday g‘ildiraklar yog‘ochdan yasalgan. Keyinchalik g‘ildiraklar Kichik Osiyo (Osiyoning eng g‘arbiy yarim oroli, hozirda Turkiyaga tegishli) yarim orolida, eramizdan oldingi XX asrda yasalgan va xuddi shu asrning o‘zida Yevropa, Xitoy va Hindistongacha “g‘ildirab” borgan. Odatda bunday g‘ildiraklar odam tashuvchi aravalarga o‘rnatilgan, lekin Misrda ulardan yuk tashish uchun ham foydalanilgan.

 

 5 ta eng muhim

 

Buyuk kashfiyotchi Tomas Edison to‘g‘risida gap borganda, uning eng muhim 5 ixtirosi yodga keladi: fonograf, yozuv mashinkasi, birja telegrafi, o‘zgaruvchan tok generatori va albatta, lampochka. Aslida, lampochkani rus olimi Aleksandr Lodigin yaratgan, Edison esa uni takomillashtirgan. Yana Edison loyihasi bo‘yicha 1882-yilda Nyu-Yorkda dunyoda birinchi doimiy tok elektrostansiyasi qurilgan. Shuningdek, telefondagi suhbatlarni yozib oluvchi asbob ixtirochisi ham Edison, deb tan olingan. Umuman, Tomas Edison hayoti mobaynida 1000 dan oshiq ixtiro muallifi bo‘lgan. Eng qizig‘i, hozir turli konfetlar o‘raladigan chiroyli parafinlangan qog‘ozni ham 1872-yilda Edison o‘ylab topgan.

 

 Tugmacha

 

Ko‘ylagingizni kiyib, chiroyli tugmachalarini hafsala bilan o‘tkazib chiqdingiz. Ammo tugmachalar qachon yaratilgani, uni kim o‘ylab topgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? E, tugmani ham kimdir o‘ylab topishi shartmi, deysizmi? Albatta-da. Axir hech narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. To‘g‘ri, tugmachalar yaralguncha ham odamlar ko‘ylak kiyishgan. Ular kiyimlarning oldini, yoqasini tikanak, suyak yoki tayoqlar yordamida bir-biriga tutashtirishgan. Nihoyat, XII asrda bu noqulaylikdan qutilishgan. Ya’ni mitti tugmachalar yaratilgan. Lekin uni kim ixtiro qilgani noma’lum. Ba’zilar yunon yoki rimliklar desa, yana boshqa bir olimlar tugmaning vatani Osiyo, deb hisoblaydi. Tugmalar XIII asrga kelib keng tarqalgan. Biroq XVIII asrgacha tugma, asosan, zodagonlik belgisi hisoblangan. Ya’ni faqat qirol, zodagonlar tugmali kiyim kiygan. Eng qizig‘i, tugmalar tilla va kumushdan yasalgan. XVIII asrdan boshlab temir va simdan ham tugma yasalgan. Biroq ular shu qadar noyob va qimmat bo‘lganki, chevarlar eski ko‘ylak tugmasini olib yangisiga tikishga majbur bo‘lishgan.

 

HILOLA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.