Orden va medallar kimlarga beriladi?
5-may – “O‘zbekiston qahramoni” unvoni va “Oltin yulduz”medali, “Mustaqillik”, “Do‘stlik” ordenlari hamda “Jasorat”, “Shuhrat” medallari ta’sis etilgan kun
O‘zbekiston Respublikasi parlamentining 1994-yil 5-6-may kunlari bo‘lib o‘tgan sessiyasida yuqorida sanab o‘tilgan unvon, orden va medallarini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi. O‘tgan yillar davomida mazkur mukofotlar bilan juda ko‘plab yurtdoshlarimiz mukofotlandilar.
“O‘zbekiston qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofot bo‘lib, mamlakatimiz fuqarolariga, ayrim hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga ham davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat ko‘rsatish bilan bog‘liq xizmatlari uchun beriladi. Bu unvon bilan taqdirlangan shaxsga “Oltin yulduz” medali va unvon berilganligi to‘g‘risidagi hujjat tantanali ravishda topshiriladi.
“Mustaqillik” ordeni bilan mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlash, mamlakatimizda tinchlik hamda taraqqiyotni ta’minlashga ulkan hissa qo‘shgan hamyurtlarimiz hamda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar taqdirlanadi. Mustaqillik xalqimizning ulkan tarixiy yutug‘idir. Davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri shu nom bilan atalishida katta ramziy ma’no bor.
“Do‘stlik” ordeni O‘zbekistondagi barcha millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik hamda totuvlikni mustahkamlashda katta yutuqlarga erishgan, xalqimizning boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan fuqarolarni mukofotlash maqsadida ta’sis etilgan. Yurtimizda yuzdan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek hayot kechirmoqda. Ularning tili, urf-odatlari hamda an’analari hurmat qilinishi, rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asoslar, zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Ona yurtimiz osoyishtaligi, xalqimizning tinch va xotirjam hayotini ta’minlash milliy armiyamiz hamda huquq-tartibot idoralari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu yo‘lda mardlik va jasorat ko‘rsatgan insonlarning xizmatlari ham munosib e’tirof etilyapti. Ularning “Jasorat medali” bilan taqdirlanayotgani buning yorqin ifodasidir.
“Shuhrat” medali bilan esa mamlakatimiz iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirishga, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy istiqlol hamda ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga o‘zining halol mehnati bilan katta hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz taqdirlanadi.
Gulxanjon