Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Qizil kitob” – qiziq kitob… mi?

Turfa gullar chamandek ochilib yotgan gulzorda qanotlari qip-qizil kapalak u guldan bu gulga, bu guldan u gulga uchib o‘ynardi.

– Akajon, iltimos, uni tutib bering, judayam chiroyli ekan, – dedi buvisi va akasi bilan bog‘da sayr qilib yurgan Firdavs, kapalakni zavqlanib tomosha qilarkan.

– Qo‘y, tegma, bemalol uchaversin, balki bu “Qizil kitob”ga kirgan oxirgi kapalakdir, – xo‘rsindi Biloliddin.

– Iye, sen “Qizil kitob” haqida bilasanmi? – hayron bo‘ldi buvisi.

– Albatta, bilaman-da, axir men botanika fanidan “Bilimlar sinovi”da shahar bosqichi g‘olibi bo‘lganman-ku. “Qizil kitob”da yer yuzida yo‘qolib borayotgan hasharot va hayvonlar, o‘simliklar va giyohlar haqida yoziladi. Bizning yurtimizda ham ana shunday jonivorlar, o‘simliklar bor ekan.

– Ha, bir paytlar odamlar oqibatini o‘ylamay ularni qirib yuborgan, – dedi buvisi.

– Aka, “Qizil kitob” qiziq kitobmi? – so‘radi Firdavs.

– Yo‘q, u qiziq emas. Odamlarni tabiatni asrab-avaylashga, aks holda atrof-muhit ifloslanib, bebaho boyligimiz bo‘lgan sog‘lig‘imizga zarar yetishi haqida ogohlantiruvchi kitob. Uning sahifalari qanchalik kam bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Bu kitob bilan maqtanib bo‘lmaydi. Buvijon, hozir O‘zbekistonimizdagi barcha noyob jonivorlar, giyohlar davlat muhofazasiga olingan ekan. Bu haqda bizga botanika o‘qituvchimiz aytib berdilar. Yana internetdan ham ko‘p ma’lumotlarni bilib oldim. O‘tgan yili yozda-chi, buvijon, men shahrimizdagi bir guruh g‘olib o‘quvchilar bilan birga ana shunday maskanlardan biri bo‘lgan “Jayron” ekomarkaziga sayohatga bordim. Buxoro viloyatining Qarnabcho‘l massivida joylashgan respublikamizdagi yagona ekomarkaz “Qizil kitob”ga kirgan noyob jonivorlar, nodir giyohlar turini ko‘paytirishga ixtisoslashgan ekan. Bizga hamrohlik qilgan Buxoro viloyat Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassisi Zamira opa Dehqonova markaz faoliyati haqida qiziqarli hikoya qilib berdi. Har yili ikki mingdan ortiq tabiatsevar o‘quvchilar kelib markazdagi jonivorlar, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekan. “Jayron”ning hududi juda katta – 17 ming gektar ekan. Biz uni avtobusda sayr qildik. U yerda yashovchi jonivorlarni, o‘simliklarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

– “Jayron”xonada jayronlar yashaydimi? – so‘radi Firdavs.

– Faqat jayronlar emas. Pakana Prjevalskiy otlari, hozir, – Biloliddin cho‘ntagidan yondaftarini oldi. Uni ochib yozuvlarni ovoz chiqarib o‘qiy ketdi, – “Jayron” ekomarkazida 750 ta jayron, 90 dan ortiq qulon, 20 ga yaqin Buxoro qo‘yi, 5 dona burama shox echki boqilyapti. Buxoro bug‘usi, sayg‘oq, yo‘rg‘atuvaloqlarni ham ko‘paytirish rejalashtirilgan ekan. Yana bu yerda gepardlar ham bor.

– Baraka topsin hukumatimiz. Cho‘llarimizda, ko‘llarimizda, qir-adirlarimizda yashaydigan jonivorlarni, dov-daraxtlarni ham asrab-avaylashni o‘ylaydi. Bu savobli ishda hamma – keksayu-yosh birday qatnashishi kerak, – dedi buvisi Biloliddinning hikoyasidan zavqlanib.

– To‘g‘ri aytasiz, buvijon, bu sayohatimizdan keyin men maktabdagi o‘rtoqlarim bilan “Tabiatning yosh do‘stlari” to‘garagiga a’zo bo‘ldim. Chirchiq daryomiz bo‘yida o‘sayotgan o‘simliklar, shu yerda uchraydigan qushlar va jonivorlarni o‘rganyapmiz. Yaqinda to‘qayzordagi botqoqlikda oyog‘i ingichka, uzun, g‘alati qushni suratga oldik. Ustozimizning aytishicha, bu qushning nomi bizg‘aldoq ekan. Asosan, janubiy viloyatlarimizda yasharkan. U ham “Qizil kitob”ga kiritilgan ekan. “Bu tabiatimiz tozalanganidan, qushlarning yashashi uchun yaxshi sharoit borligidan dalolat, – dedilar. – Ekologiyani tozalashda sizlarning ham hissangiz bor”, – deb bizni maqtadilar.

Qizil kapalak bahona gulzorda boshlangan suhbat uzoq davom etdi. Buni qarangki, qizil kapalak ham do‘stlari yonida ekanini sezganday gullar oralab xotirjam uchib yurardi. Suhbat tugagan damda u Biloliddin atrofida “rahmat” deganday bir-ikki aylandi-da, gulzordan uzoqlashdi. Mukarram aya esa nabiralariga ertaga yana tabiat qo‘ynida sayr qilishga va’da berdi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.