Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, xuddi hozirgi kunlarning birida shinamgina bir uyda aka-uka Erali va Sherali ismli bolalar yashar ekan. Bu ikki og‘a-ini juda sho‘x va to‘polonchi ekan. Fikr-u xayoli doimo o‘yinda bo‘larkan. Tong sahardan onasi amallab ularni uyg‘otar, aka-ukalar yuzlarini chala-chulpa yuvib, dasturxon boshida ham bir-birini turtkilab kavshanar ekan. Kiyinayotganda esa hamisha janjallashib qolishar ekan.

Bir kuni ular uxlagani yotishibdi. Ammo ko‘zlariga hech uyqu kelmas emish. Shu payt bir nuroniy chol paydo bo‘lib so‘rabdi:

– Bolalarim. Nega uxlamayapsizlar?

– Zerikyapmiz. Shunga uxlagimiz kelmayapti. Qaniydi, biror sehrli mamlakatga tushib qolsak.

– Ayni muddao, men sehrgar bobongizman. Qani, barmog‘imni ushlang va tilagingizni tilang. Siz aytayotgan mamlakatlar haqiqatdan ham bor. Masalan, Mehr mamlakati, Urush va yovuzlik mamlakati. Qaysi birini tanlaysiz?

Bolalar hech ikkilanmay Urush mamlakatini tanlashibdi. Chunki ular vaqtimizni “urush-urush” o‘ynab o‘tkazamiz, deb o‘ylashibdi-da. Ko‘z ochib yumguncha zimiston bir yerda paydo bo‘lishibdi. Hammayoq tutun va kulga to‘lamish. Xaroba bir uyning eshigini taqillatishgan ekan, eshikni qari kampir ochibdi. Bu kampirning ismi Shapaloq ekan. Bolalar Shapaloq kampirnikida biroz yashashibdi. Nimaiki deyishmasin, nimaiki qilishmasin kampirga yoqsa ham, yoqmasa ham bolalarga shapaloq tortarkan. Boshqa boradigan joylari bo‘lmagani uchun bolalar hech narsa qilisha olmas ekan.

Bir kuni aka-ukalar chiroyli nonushta tayyorlashibdi. Ammo Shapaloq kampir shunda ham rahmat deyish o‘rniga shapaloqlab uribdi. Sabri tugagan bolalar boshlari oqqan tomonga qarab yo‘lga tushibdi. Yurib-yurib nihoyat bir uyga yetib kelishibdi. Uyning derazasidan keksa amaki boshini chiqarib bolalarni chaqiribdi. Bu cholning ismi Tepki buva ekan. Bolalar cholning uyida qolishibdi. Tepki buva Shapaloq kampirdan ham battar ekan. U yoqqa o‘tsa ham, bu yoqqa o‘tsa ham bolalarni tepib o‘tarkan, ustiga ustak “tekinxo‘rlar” deb xo‘rlarkan. Tepki buvaning xo‘rliklariga chidolmagan aka-ukalar bu yerdan ham qochib ketibdi va “Urishqoqlik” deb nomlangan, faqat bolalarning o‘zlari yashaydigan uyga joylashibdi.

Ammo bu yerda ahvol oldingidan ham yomon ekan. Bolalar erta-yu kech “urush-urush” o‘ynasharkan, bir-birlarini rostakamiga ayovsiz kaltaklar ekan. Har kuni kimningdir ko‘zi ko‘karar, oyog‘i sinar, boshi yorilarkan. To‘g‘risi, bu uy ham aka-ukaga yoqmabdi. Urishqoq bolalar Erali va Sheralini rosa do‘pposlashibdi. Og‘a-inilar arang qochib qutulibdi. Baqirib, yig‘lab sehrgarni chaqirishibdi. U paydo bo‘lishi bilan:

– Bizni urishqoqlardan tezroq qutqaring. Urush-janjal juda yomon narsa ekan. Endi hech qachon bir-birimiz bilan urishmaymiz. Iltimos, bizni Mehr mamlakatiga olib keting, – deb yalinishibdi. Sehrgar chol jilmayib, ko‘zlarini yumishni buyuribdi...

Bolalar ko‘zlarini ochib qarashsa, o‘z uylarida, issiq o‘rinlarida yotishganmish. Onalari asta kirib ko‘rpalarini ochib, ularni issiq bag‘riga bosib, peshonalaridan o‘pib:

– Turaqolinglar, toychoqlarim, asallarim. Choy tayyor, tezroq nonushtangizni qiling, maktabga kech qolmang, – debdi.

Bolalar apil-tapil oshxonaga kirishsa, dasturxonda shirin choy, sariyog‘ surtilgan nonlar, o‘rikli murabbo-yu, kosa to‘la qaymoq ularni kutayotgan ekan. Otalari esa bolalarini mehr bilan quchoqlabdi. Bolalar bir-birlariga yaxshi gaplar gapirib, ishtaha bilan nonushta qilishibdi. Keyin maktabga otlanibdi. Onalari allaqachon maktab kiyimlarini yuvib, dazmollab qo‘ygan ekan. Uylariga quyoshning iliq tafti kirib kelgandek bo‘libdi.

Attang, nahotki shunchalik iliqlikni, mehrni oldin sezmaganmiz. Axir Mehr mamlakati – bu o‘z uyimiz, har bir oila a’zosi, mehribon qondoshimiz ekan-ku, deb o‘ylabdi bolalar. Va bir-birlari bilan hech qachon janjallashmaslikka ahd qilishibdi.

 

Mukarram SALIMOVA,

Buxoro shahri 38-maktab 3-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.