- Rukn: Ertaklar
Oshxonada savlat toʻkib turgan javon ichida yotaverib zerikkan sabzavotlar oʻzaro gurungga kirishibdi.
Suhbatni bir tomoni oftob koʻrmay sargʻayib pishgan Pomidor boshlabdi:
– Shakl jihatdan kamina ham meva, ham sabzavotga oʻtaveraman. Ayniqsa, shu xonadonning chaqqon qizi Munisa meni juda ham yaxshi koʻradi, – dedi va qoʻshib qoʻydi, – goh “oltin olma”, goh pomidorim – hammasi dorim, deb erkalaydi. Shifobaxshligim bois men odamlarga juda kerakman!
– Qoʻying, Pomidorxon, koʻp ham maqtanmang, baribir kamina-yu kamtarin Kartoshkabekka hech bir sabzavot foydalilikda teng kelolmaydi. Meni-chi, istasa yogʻda qovuradi, istasa suvda qaynatadi. Agar xohlasa, qoʻrga koʻmib pishirishlari mumkin. Har qanday holatda ham totli boʻlib pishaman. Aytmoqchi, men “S” vitaminining koniman. – Shu payt Sholgʻomoy yanoqlarini qizartirib gapga chogʻlandi:
– Kartoshkabek, maqtanishda Pomidorxondan qolishmaysiz! Har holda siz aytgan “moʻjizalar”, bizning ham qoʻlimizdan keladi. Maqtanadigan odatim yoʻgʻ-u, biroq oshxona bekasi oʻgʻli Sanjarbek shamollaganida dori bermaydi, sholgʻomni qasqonda dimlab yediradi. Ertasi kuni qarabsizki, Sanjarbek otday! Xullas, baxslashmay qoʻyaveringlar. Chunki foydalilar foydalisi menman!
– Voy-voy Sholgʻomoy, maslahatim, sal oʻpkangizni bosvoling?! Mening oshxonadagi oʻrnim beqiyos, – gap boshladi Sabzivoy, – bilib qoʻyinglar, taomlar shohi – palovxontoʻraga maza beradigan menman. Ha, aytgandek, men ham darmondorilarga boy sabzavotman...
Sabzavotlar bir-birlariga gal bermay oʻzlarini maqtashaveribdi. Ammo toʻniga oʻralib olgan Piyoz miq etmabdi. Shunda Kartoshkabek:
– Piyozvoy sen nimaga jimsan? – deb soʻrabdi. Piyozvoy esa:
– Munisa doim ukasi Sanjarga “Sen oʻzingni maqtama, seni birov maqtasin”, deydi. Men esa... – hali gapini aytib ulgurmagan bechora Piyozvoyni suhbatdoshlari toʻrt tomonidan baqirib oʻtakasini yoribdi.
– Nima-nima? Seningcha biz maqtanchogʻ-u, sen kamtar va maqtanishga emas, maqtashga arziguliksan, shundaymi? – debdi Pomidorxon suzilibgina.
Jahldan uning oftob koʻrmay sargʻaygan yanogʻi ham qizarib ketibdi.
– Yoʻq-yoʻq, aslo! Doʻstlarim, aksincha, men oʻzimni na maqtanishga, na maqtashga arzishimni aytmoqchi edim. Siz meni notoʻgʻri tushundingiz. Kechiringlar... Axir oshxona bekasi ham meni yigʻlab-yigʻlab toʻgʻraydi. Xullas, men tufayli xafa boʻlishadi, yigʻlashadi... – xijolat boʻlibdi Piyoz.
Shu payt oshxonaga dastyor qiz Munisa kirib javonni ochibdi. Kerakli sabzavotlardan idishiga solibdi.
Munisa kechki ovqatga shoʻrva pishiribdi. Munisaning dadasi shoʻrvani ishtaha bilan ichayotib: – Oh, oh, oh!!! Juda mazali chiqibdi. Rostdan ham oʻzing pishirdingmi? Buning siri nimada ekan-a, qizim?! – debdi.
– Darmondorilarga boy boʻlgan piyozda, dadajon. Maktabda pazandachilik mahoratidan mashgʻulot boʻldi. Ustozimizning aytishicha, taomning shirin chiqishida piyozning oʻrni beqiyos ekan. Shuning uchun oshpazlarning erkasi ekan. U shamollaganda va burun bitganda qoʻllanilsa, kasallik tumtaraqay qocharkan. “Yigʻlab-yigʻlab” toʻgʻrash esa koʻz uchun ayniqsa foydali ekan. Barra piyoz ham odamlar sogʻligʻiga foyda berarkan.
– Voy, mening dono qizim-ey! Barakalla!!! Bundan keyin ovqatga ham, achchiq-chuchukka ham koʻproq piyoz sol. Ham mazali, ham foydali boʻladi.
– Xoʻp boʻladi, dadajon!
Piyozvoy haqidagi maqtovlarni eshitib, kosadagi boshqa sabzavotlar uyalib qolishibdi.
Mohinur RAMAZONOVA,
Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti 1-bosqich talabasi