Qunduzlar
Komil maktabda “Tabiatning yosh do‘stlari” guruhi sardori. U yozgi ta’tilda o‘rtoqlari bilan qishloqlari etagidan oqib o‘tadigan daryo sohiliga tez-tez chiqib, u yerdagi jonivorlarni o‘rganadi. Suratga oladi. Uning bobosi Turg‘un amaki usta ovchi. Hayvonlar, suv jonivorlari haqida juda ko‘p ma’lumotlarga ega. Komil o‘zi uncha yaxshi bilmagan jonivorlar haqida bobosidan so‘rab oladi.
– Sangzor daryosi qirg‘oqlari va havza bo‘ylarini makon qilgan qunduz, suv kalamushi, jayra va shu kabi mayda sutemizuvchilar tungi jonivorlar hisoblanib, kun botishi bilan faollashadi. Ozuqani asosan, suv ostidan topishadi. Suvda yaxshi suzishadi. Barmoqlari suzgich parda bilan bir-biriga qo‘shilib ketgani bois juda chaqqon harakat qiladi.
Yorqin ko‘rinishdagi qunduzlar ikki yoni va dumi yaltiroq, och qo‘ng‘ir tusda ekanligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Kelishgan bo‘y-basti bor. Bo‘sh vaqt topdi deguncha quyosh taftida biroz isinib, taranib oladi. Shunda momiq tukli qalin mo‘ynalari yanada tovlanib ketadi. Mo‘ynalaridan qimmatbaho yoqa va telpaklar tikiladi. Ana shuning uchun ovchilar ularni beayov qirib yuborishmoqda, – deydi bobosi afsus bilan.
Yozgi ta’til boshlarida Komil to‘garak rahbarining topshiriqlarini bajarish, yon daftaridagi ma’lumotlarni yanada boyitish maqsadida bobosi bilan daryo bo‘yiga bordi. Qamishzor oralab borishar ekan, bir-birining pinjiga kirib olgan qunduz bolalarini ko‘rib to‘xtab qolishdi. Tug‘ilganiga bir hafta ham bo‘lmagan jonivorlar nihoyatda zaif, hali hatto ko‘zlari ham ochilmagan edi. Qimirlashga madori yo‘q, badanlari loy. Negadir onalari ko‘rinmadi. Mittivoylarning mushkul ahvolda qolishi juda xavfli edi. Bu holda yirtqichlarga oson o‘lja bo‘lishi hech gap emas.
Boboning ularga rahmi keldi:
– Jonivorlarni uyga olib ketamiz, – dedi nabirasiga. Kutilmaganda qamishzorlar orasidan chiqib kelgan ona qunduz boboning qo‘lini tirnab oldi. Bobo jonivorning dumini ushlashga ulgurdi. Niyati, qunduzchalar oyoqqa turguncha ularni xavfsiz joyda boqish edi. Ammo bolalarini himoya qilishga chog‘langan ona qunduz buni tushunmas, boboning goh qo‘li, goh oyog‘ini tishlashga urinardi. Komilning ularga yaqinlashishga yuragi dov bermadi.
“Kurash” anchagacha davom etdi. Turg‘un amaki tirnalgan qo‘lidan qon sizib oqayotgan bo‘lsa-da, parvo qilmasdi. Yaxshiyam shu orada qishloq yigitlari kelib, boboga yordam berishdi. Ular ko‘magida Turg‘un amaki qunduzning bo‘yniga sirtmoq solib, tasmasini bog‘ladi. Kurashib charchagan ona qunduz nihoyat taslim bo‘ldi.
Qosh qorayganda bobo va nabira qunduzlarni qopga joylab, uyga qaytishdi.
Ertalab Turg‘un bobo o‘g‘li bilan hovli o‘rtasida hovuzcha qazidi. Uni suv bilan to‘ldirdi. Jonivorlarning hayot tarzi va rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratishdi. Ona-bola qunduzlarga yangi joy yoqib qoldi. Unda emin-erkin suzishardi. Vaqti-vaqti bilan quruqlikka chiqib, oftobda toblanishardi.
Qunduzlar o‘zlariga kunda yemish keltirayotgan Komilni ham yaxshi ko‘rib qolishdi. Komil qunduzchalarning boshini silamoqchi bo‘lsa, qarshilik qilishmas, ba’zan jajji tillari bilan uning qo‘lini yalab ham qo‘yishardi. Kuzga borib ular baquvvat qunduzga aylanishdi. Shundan so‘ng Komil bilan bobosi ularni daryodagi sevimli go‘shalariga qo‘yib yuborishdi. Hozir bu yerda ko‘plab qunduz oilalari bexavotir yashaydi. Ular maxsus ruxsatnoma orqaligina ovlanadi.
Abdulla SAIDOV