Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dunyo mamlakatlarida universitetga qabullar!

Telegram tarmoqlarida xorij universitetlariga imtihonsiz o‘qishga kirish va’da qilingan e’lonlar shu qadar ko‘pki, o‘qib hayron qolasan kishi.  O‘qishga tayyorlanmagan dangasalar “O‘x-xo‘-o‘, juda menbop joy ekan, – deb quvonsa, ko‘pchilikning, ayniqsa, ota-onalarning xayolini “Imtihonsiz?! Qanday qilib?! Qonuniy bo‘lmasa kerag-o-o-v!” – degan o‘ylar egallab oladi. Aslida, dunyoning hamma davlatlarida ham oliy o‘quv yurtiga bizdagi kabi imtihon orqali kirilavermaydi, universitet qabullari ham biznikidan farq qiladi. Ko‘pchilik konsulting firmalar ana shunday imtihon mavjud bo‘lmagan ta’lim muassasalariga sizning o‘rningizga hujjat topshiradi yoki bu jarayonda sizga yordam beradi. Lekin do‘ppini bir chetga olib yaxshilab o‘ylasak, o‘zimiz ham hech qanday konsulting firma yordamisiz hujjat topshira olamiz. (Til bilsak, albatta). Shu boisdan ham bugun siz bilan xorijlik talabalarni qabul qilishda eng yetakchi davlatlardan bo‘lgan Buyuk Britaniya, AQSH, Turkiya va Avstriyadagi qabul qoidalari bilan tanishamiz.

 

Avstriya

Avstriyada o‘qishga kirish juda oson va talaba bo‘lish imkoni abituriyentning milliy imtihonda to‘plagan baliga bog‘liq bo‘ladi. Buning uchun talabalar nemis tili (ona tili), matematika va xorijiy tildan imtihon topshiradilar. Imtihondan o‘tganlar talabalik baxtiga sazovor bo‘ladi. Avstriyada mahalliy talabalar va Yevropa Ittifoqi hududida istiqomat qiluvchilar davlat universitetlarida mutlaqo bepul o‘qishadi. Osiyo, amerikalik talabalar esa yiliga o‘rtacha 1450 yevro kontrakt summasi to‘lashi kerak. Ammo, barcha talabalar umumiy to‘lovi 20 yevro bo‘lgan talabalar uyushmasiga a’zolik badali va sog‘lik sug‘urta haqini to‘lashi shart. Shuningdek, Avstriya hukumati va boshqa tashkilotlar, universitetlarning o‘zi xorijlik talabalarga yordam berish maqsadida grant dasturlarini taqdim etishadi. Bu kabi grantlarni www.grants.at web sayti orqali bemalol izlab topish mumkin.

 

Turkiya

Turkiyada mahalliy talabalar mart oyida imtihon topshiradilar. Shu imtihondan o‘tganlar iyun oyida yana bir marotaba sinovdan o‘tadilar. Turkiyada talaba universitetni tanlamaydi, balki bloklarni tanlaydi. Milliy imtihonda to‘plagan bali, maktabdagi baholariga ko‘ra qaysi universitetda o‘qishi mumkinligi belgilanadi. Ammo, xorijlik talabalar uchun qabul talabi mahalliy abituriyentlarga qo‘yiladigan talabdan farq qiladi. Xorijlik abituriyentlardan universitetga ariza, maktabni bitirganlik shahodatnomasi, baholar tarjimasi, til  bilish sertifikati (ingliz tilida o‘qimoqchi bo‘lganlar uchun TOEFL yoki IELTS sertifikati), nima sababdan Turkiya universitetini tanlaganini asoslovchi motivatsiya xati talab etiladi. Shuningdek, Turkiya hukumati xorijlik talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili to‘laqonli stipendiyalar e’lon qiladi va bu stipendiya samolyot biletidan tortib, turar joygacha bo‘lgan barcha xarajatlarni qoplaydi. Faqat grant talablariga mos bo‘lsangiz bas. Turkiyada o‘qishni niyat qilganlar turkiyeburslari.org orqali yanvar-fevral oylarida o‘zlariga munosib grant dasturlariga ariza berishlari mumkin.

 

Buyuk Britaniya

Britaniyalik abituriyentlar 16, 17 va 18 yoshlarida imtihon topshiradilar va universitetga kirishda har bir imtihonning bahosi hisobga olinadi. Shuningdek, abituriyent nima uchun shu sohada o‘qishni, nega aynan shu universitetni tanlagani, o‘zi tanlagan sohada shu paytgacha qilgan ishlari, qiziqishlari haqida shaxsiy bayonot yozadi va ustozidan o‘zi haqida tavsiyanoma olishi talab etiladi. Xorijlik talabalardan esa, har bir universitet veb-saytida bo‘ladigan ariza formani to‘ldirishi talab etiladi. Ariza to‘ldirgach, universitetga qabul qilinsa, turli grantlarga hujjat topshirishi mumkin.

 

Amerika

AQSHda qabul yuqoridagi davlatlardan biroz farq qiladi. Ko‘plab universitetlar uchun o‘quvchining layoqatini baholaydigan SAT imtihonida to‘plagan ball muhim hisoblanadi. Boshqa imtihonlardan farqli ravishda, bunda o‘quvchining o‘rganishga bo‘lgan layoqati sinovdan o‘tkaziladi. Bu imtihon abituriyentning maktabda o‘qigan fanlaridan olgan bilim darajasini o‘lchamaydi. Bundan tashqari deyarli barcha universitetlar o‘quvchining maktabda olgan baholari, yozgan essesi va tavsiyanomalariga jiddiy e’tibor berishadi. Shuningdek, AQSHda abituriyentning ma’lum fan doirasidagi bilimlaridan tashqari jamoat ishlaridagi faolligi, sport to‘garaklari, ko‘ngillilik ishlarida ishtirok etishi,  qiziqishlari muhim omil sifatida qaraladi.  Shu sababli, AQSHda talaba bo‘lishni istayotganlar nafaqat fanlarni puxta bilishi, balki boshqalarni ortidan ergashtira oladigan, kimgadir ko‘ngilli tarzda yordam bera oladigan, o‘zidagi bilimni boshqalar bilan baham ko‘ra oladigan va o‘zi yashayotgan jamiyat rivojiga qaysidir qobiliyati bilan oz bo‘lsa-da hissa qo‘sha oladigan bo‘lishi talab qilinadi.

Xorijiy davlatlardagi qabul jarayonlari haqida tasavvur hosil qilgan bo‘lsangiz, navbatdagi bosqich universitet tanlash va qo‘rqmay hujjat topshirishdan iborat!!! Aytganday, universitetlar haqidagi ma’lumotni studyportals.com dan olishingiz mumkin. Ilmingiz ziyoda bo‘lsin.

 

Sahifani Dilnavoz tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.