Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qalbga ziyo nurin sochgan moʻjiza

1932-yil  17-dekabrda  Farg‘ona viloyatidagi  Katta Tagob qishlog‘i osmonida yorqin  yulduz  porladi. U keyinchalik dunyoga iste’dodli bolalar ijodkori bo‘lib tanilgan Xudoyberdi To‘xtaboyevning omad yulduzi edi.            

 Nur... Nur shunday bir  mo‘jizaki, inson qalbida iliqlik uyg‘otadi. U shunday bir mo‘jizaki, hammaga birdek yorqinlik taratadi. Nur shunday bir jiloki, unga hasad qilsangiz ham, uni yomon ko‘rsangiz ham,  yo‘lingizga yorug‘lik  taratib turaveradi. Men bejizga ushbu nur haqida gap ochmadim. O‘zbekiston xalq yozuvchisi, o‘zbek bolalar adabiyotining  tinib-tinchimas, serg‘ayrat adibi, qator romanlar muallifi Xudoyberdi To‘xtaboyevni  mana shunday sehrli nurga o‘xshataman. Yozuvchimiz o‘zi ta’kidlaganidek, bobosi Erkaboy va enasi  Robiyabibi qo‘lida tarbiya topdi. O‘smirlik davrlari Ikkinchi jahon urushiga to‘g‘ri keldi.

Xorijiy kitobxonlar orasida Xudoyberdi To‘xtaboyev  “Sehrli qalpoqcha” ertak-qissasining rus tiliga tarjimasi bilan tanilgan. Yozuvchining ushbu asari rus tiliga tarjima qilingan eng birinchi kitobi hisoblanadi. Ushbu ertak-qissa 1970-yilgi Butunittifoq tanlovida Eng yaxshi bolalar kitobi mukofotiga loyiq topilgan.

Yozuvchimizning hayotida eng achinarlisi shuki otasidan juda erta judo bo‘lgandi. Bu jajji qalb endi ota-ona mehri nima ekanligini anglaydigan paytida, shuncha azoblar  kamdek, onasi ham bu dunyodan ko‘z yumadi. Endi u – yetim. Yetimlik qanchalik og‘ir.  Go‘yo seni yiqilishing shart bo‘lgan  qoya ustiga tashlab ketishgan. Sen esa 3-4 qadam naridagi go‘zal hayot tomon sakrashing kerak, biroq senda bunga na kuch, na jur’at bor. Ammo bolakay Xudoyberdi o‘sha qoyadan ona yer bag‘riga sakrashga o‘zida jur’at topa oldi. Buni biz uning qator asarlaridan bilib olishimiz mumkin. Menimcha, uning ko‘pchilik  asarlari bolalarga bag‘ishlanganining sababi, o‘ziga o‘xshagan murg‘ak  go‘daklarning ko‘nglini ko‘tarish bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham men Xudoyberdi To‘xtaboyevni Qalbga ziyo nurin sochgan mo‘jiza deb hisoblayman.

Yozuvchining “Mungli ko‘zlar” nomli maftunkor romani meni o‘ziga rom etdi, kun-u tun xayollarimni  o‘g‘irlab oldi. “Mungli  ko‘zlar” romani rohatbaxsh asarlarim  ro‘yxatidan alohida joy oldi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning har bir asarini “betakrorlik namunasi” deb atayman. Ammo, yozuvchining ushbu asari uning ilgariroq yozilgan quvnoq, samimiy, soddagina bolalar tasvirlangan asarlaridan farq qiladi. Lekin “Mungli ko‘zlar”  romani va boshqa asarlari ham  Xudoyberdi To‘xtaboyevga tegishli bo‘lgani uchunmi, asarlar mazmuni bir-biriga juda yaqin, bog‘liq.

Romandagi bolalar o‘ziga to‘q oiladan edi. Shu sababli ularda kibr bor edi. Lekin otasi va onasi topayotgan pul halol emas edi. Oilaning to‘ng‘ich farzandi Akbar nogiron bo‘ladi. Qalbida esa doim halollik, yaxshilik hukm surardi. Buni u muallimidan o‘rgangan edi. Aslida, bolalarning  barchasi ota-onalarining ular uchun ko‘proq vaqt ajratishlarini xohlashardi, ammo ota-ona farzand oldidagi burchini faqat yedirish va kiyintirishda deb bilardi. Keyin voqealar ketma-ketligi keskin o‘zgarib ketadi. Akbarning qilgan eng katta xatosi – ota-onasini ezgulik tomonga o‘tkazaman deb, onasini jahannam tomon, otasini mahkumlik tomon, uka-singillarini esa yolg‘izlik tomon surgun qilib yuboradi. Ammo u bunday bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan edi. U ota-onasi ustidan mahkamaga yozishi bilan yaqinlaridan ayrildi. Bunga chiday olmagan Akbar o‘zini yoqib yuboradi. Bu satrlarni o‘qir ekansiz, hech shubhasiz, ko‘zingizga yosh keladi. Bu roman qahramoni bo‘lmish Akbar – ezgulik qoyasi. Garchi o‘zini yoqib yuborgan bo‘lsa ham, oilasida bir insonni ezgulikka elta oldi. Ezgulik qoyasi butunlay qulamaydi. Zafar – ushalmas orzu. U ich-ichidan otasi va onasiga yordam berishni, ularga o‘xshashni xohlaydi. Ammo halol  pul topmaydiganlarning ishi uzoqqa bormaydi. Zafar muallimni dushman deb bilsa ham, barcha yaqinlaridan judo bo‘lganda muallim unga juda katta yordam qiladi. Uni halollikka chorlaydi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”. Ota-onada qanday xislat bo‘lsa, albatta, farzandida ham shu xislat mujassam bo‘ladi. Zafarda ham shunday. Uning qalbidagi bu illatlardan muallim qutqaradi. Roman so‘ngida yolg‘iz qahramonimiz – Zafar ko‘rgan-kechirganlaridan  to‘g‘ri  xulosa  chiqarib, ezgulik tomon  yo‘l oladi. Xulosa o‘rnida ayta olamanki, ijtimoiy muhitning bola ruhiyatiga ta’siri masalasi Xudoyberdi To‘xtaboyevning  “Mungli ko‘zlar” romanida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ming afsuslar bo‘lsinki, inson bir kun  kelib, bu  dunyodan ko‘z yumadi. Ammo u qilgan  yaxshi  ishlari, bergan o‘gitlari, saboqlari o‘zgalarni ezgulikka chorlab yashayveradi. Insoniy fazilatlarni asarlarining bosh g‘oyasi qilib olgan ustoz Xudoyberdi To‘xtaboyev ham ana shunday abadiylikka daxldor ijodkor edi. U millat bolalarini komillikka yetaklovchi, ma’naviyatini yuksaltiruvchi, o‘zini anglatuvchi, adolatni, haqiqatni barcha narsadan yuksak qo‘yishga o‘rgatuvchi o‘lmas asarlari bilan barhayot.  Bu ajib asarlardan   xulosa  chiqarib  ayta olamanki, ushbu yozuvchidan  biz  chin  mehr-muhabbat, bolalarga bo‘lgan sof  sevgi,  fidoyilik fazilatlarini o‘rgandik. Bu asarlar mehribon talabchan ota kabi bizni yashashga o‘rgatadi.

Yozuvchi nomi qalbimizda abadiy yashaydi. Chunki mangulikka daxldor asarlar muallifi hali juda ko‘p avlodlarga ustozlik qila oladi.

 

Charos MUSTAQIMOVA,

Buxoro viloyati Kogon tumanidagi 20-maktabning 7-sinf o‘quvchisi

 

Buxorolik o‘quvchi Charos Mustaqimova O‘zbekiston xalq yozuvchisi X.To‘xtaboyev xotirasiga bag‘ishlangan II Respublika insholar tanlovida 10-15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Biz insholar tanlovi g‘oliblarini tabriklash bilan birga tanlovda ishtirok etgan barcha o‘quvchilarga, adib muxlislariga minnatdorchilik bildiramiz.

Ishonamizki, ular kelgusi tanlovlarda ham faol ishtirok etishadi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.