Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bilmasangiz bilib oling!

XATOLARDAN SABOQ OLING

Tomas Edison lampochka uchun tola izlab ikki ming xil materialni sinab ko‘radi. Ammo ularning hech biri qoniqarli ishlamagach, uning yordamchisi shikoyat qiladi: “Eh-h, shuncha vaqtimiz, mehnatimiz behuda ketdi va eng  achinarlisi, biz hech nima o‘rganmadik”. Shunda  Edison qat’iy ishonch bilan shunday deydi: “Biz uzoq yo‘lni bosib o‘tdik va ko‘p narsalarni o‘rgandik. Endi biz yaxshi lampochka yasash uchun foydalanib bo‘lmaydigan ikki ming xil element borligini bilamiz”.

 

BUGUNNI YO‘QOTMASAK…

Kunlarning birida sutchi sutlarni olib, bozorga yo‘l oldi. Sut to‘la ko‘zani boshiga qo‘yib  borarkan, sutdan tushgan pullarni nima qilish haqida xayol suri-i-ib ketdi. – Yuzta jo‘ja sotib olaman. Ularni boqib, kattaroq bo‘lgach yaxshigina pulga sotaman. Keyin ikkita echki olaman. Echkilarni semirtirib sotsam, mo‘maygina pul bo‘ladi. Hm-m-m, keyin nima qilsam ekan? Ha, topdim! Keyin bu pulga sersut sigir sotib olaman. Shunda ko‘proq pul topaman”, – deya farovon hayotini tasavvur qilarkan, kutilmaganda toshga qoqilib ketdi. Boshidagi ko‘za  tushib sindi. Hamma sut yerga to‘kildi. Barcha orzulari yerdagi sut kabi yoyilib, bo‘linib ketgan sutchi o‘tirib olib, yig‘lashga tushdi.

Xulosa: Ertani xayol qilib, buguningizni yo‘qotmang.

 

BIRDAMLIK

Bir necha yil oldin, Sietldagi Maxsus Olimpiada o‘yinlarida to‘qqiz nafar aqli zaif  bola yuz metrga yugurish uchun  o‘zaro bellashdilar.

Yugurish uchun start berilganda, ularning ko‘zlarida shunchaki yugurish emas, balki marraga birinchi bo‘lib borish va g‘alaba qozonish istagi yonib turardi. Shu damda bir bolakay to‘satdan qoqilib yiqildi va shilingan oyoqlarini ko‘rib yig‘lay boshladi. Qolgan sakkiz ishtirokchi  bolaning yig‘isini eshitdilar-u, ortga o‘girilib bolaning yoniga qaytdilar. Daun sindromiga chalingan bir qiz egilib, bolakayning shilingan oyog‘ini ohista siypaladi va: – Hammasi yaxshi bo‘ladi, –  dedi. Keyin to‘qqiz olimpiadachining barchasi qo‘lni qo‘lga berib, marra tomon birga yugurishdi. Bu holatni kuzatib turgan stadiondagi tomoshabinlarning hammasi o‘rinlaridan turib, qarsak chalib yubordilar. To‘qqiz ishtirokchining bari olimpiada g‘olibi deb topildilar.

Xulosa: Biz doimo birinchi bo‘lishga intilamiz. Ammo bir narsani unutmasligimiz lozim. Hayotda  g‘olib bo‘lishdan-da muhimroq va yuksakroq tushuncha bor. Bu garchi bizni ortga qaytishga majbur qilsa-da, boshqalarning g‘alaba qozonishiga yordam berishdir.

 

Dilnavoz NAJIMOVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.