Vatan qadri
Tong. Tog‘ ortidan erinibgina bosh ko‘tarayotgan quyoshning zarrin nurlari butun borliqqa tarqala boshladi. Shunday damlarda kishilar qalbidan ajoyib hislar o‘tadi. Buni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Mehriniso ham hozir ana shunday ismsiz tuyg‘ularni ko‘nglidan kechirardi. U ta’tilda bo‘lgani uchun bugun dadasi bilan Sankt-Peterburgga jo‘nab ketishi kerak. Shu sababli hayajon va quvonchdan yuragi hapriqardi.
Ular samolyotga chiqishdi. Mehrinisoning nimasidir uyda qolib ketayotgandek tuyuldi. Qizcha samolyot illiminatoridan tashqariga qaradi. Pastda suzib ketayotgan momiq bulutlar ham ko‘nglidagi g‘ashlikni tarqatmadi... Mana uch kundir-ki, ular Neva bo‘yidagi azim shahardalar. To‘satdan Mehrinisoning tobi qochdi.
– Hayronman, nima bo‘ldi-a senga? Nimadan bunchalik ezilyapsan?
– Dadajon, iltimos dadajon, tezroq qishloqqa qaytaylik. Uyimizni sog‘indim!
Endigina 13 yoshni qarshilagan qizning bu gaplaridan ota allanechuk bo‘lib ketdi. Ishbilarmon ota qizining Vatanga shu darajada ichikib, og‘rib qolishini kutmagan edi.
Dunyoda shunday tuyg‘u borki, ular dengiz tubidagi javohirlar yanglig‘ yuraklarda maxfiy yashaydi. Bu shubhasiz, Vatanga muhabbat tuyg‘usidir . Inson har doim mana shunday iliq tuyg‘ular bilan yashashi kerak! Xuddi Mehrinisodek.
Aziz do‘stim! Ishonamanki, sizning qalbingiz ham shunday muqaddas tuyg‘ularga to‘la: sevgi, sog‘inch, hurmat va albatta Vatanga muhabbat tuyg‘usi!
Unutmang, ona yerdan oyoq uzilsa ham ko‘ngil uzilmaydi.
Zarnigor Sanoyeva,
Navoiy shahri 11-sinf