2 parda 4 ko‘rinishli ertak-pyesa
ISHTIROKCHILAR:
Qoravoy. Shum bola
Omon. Shum bolaning do‘sti
Rahbar. O‘zga sayyora odami
Yu. O‘zga sayyoradagi qiz bola
Boshliq. O‘zga sayyora odami
Devday yomon mahluq. O‘zga sayyora mahluqi
Rahbarning qo‘riqchisi. O‘zga sayyora odami
MUQADDIMA
Uy. Karavotda Qoravoy – Shum bola uxlab yotibdi. O‘rtog‘i Omon uni uyg‘otolmay xunob. Nihoyat u uyg‘ondi.
Omon: – Namuncha qattiq uxlading. Uyg‘otolmay xunob bo‘lib ketdim-ku. Yo eshitsang ham indamay yotaverdingmi-a!?
Qoravoy: – Yo‘g‘-ye, eshitishga eshitdim, Omon! Lekin eng zo‘r joyga kelgandim-da.
Omon: – Nima? Alahsirayapsan shekilli. Nimaning eng zo‘r joyiga kelganding?
Qoravoy: – Omon, hozir men sen bilan o‘zga sayyorada yurgandim.
Omon: – (gapni bo‘lib) Nima? Men bilan o‘zga sayyorada nima qilib yuribsan?! Endi shu qoluvdi. O‘ziyam sanqimagan, bormagan, ko‘rmagan joyimiz qolmadi. Yer bizga tor bo‘lib qoluvdi, o‘zi. Lekin o‘zga sayyorada sen yurgandirsan, men emas. Men yerda yuribman.
Qoravoy: – Voy-bo‘, namuncha, yursak nima bo‘pti. U yerda ham mazza ekan. Yaxshisi tushimda ko‘rganlarimni boshidan gapirib beraqolay, shunda balki menga do‘q qilmassan. Eshitasanmi?
Omon: – (hayron bo‘lib) Ha, mayli. Gapirsang gapiraqol, qulog‘im senda.
Qoravoy: – (kulib) Unda yaxshi. Tushimda avvaliga ikkalamiz kelishib raketa yasayotgandik...
Omon: – (gapini bo‘lib) Avvalo, men bilan kelishganing yo‘q, men raketa yasashni bilmayman.
Qoravoy: – Tentakmisan, o‘zi?! Bu tush-ku! Tushimda shunday bo‘ldi, deyapman-ku galvars!
Omon: – Ha mayli, tush bo‘lsa gapiraver! Lekin meni haqorat qilma. Men galvars emasman. Agar bu so‘z nima ma’noga egaligini bilmasang, aytay. Galvars deb o‘zining yaramas xulqi bilan ajralib turadigan odamga aytiladi. Tentak, nodon degan ma’nolarni ham bildiradi.
Qoravoy: – Unda kechir! Gapga tushunmayapsan, deganim edi. Sen bilan birga fazoga uchamiz. Buning uchun eng avvalo, raketa yasashimiz kerak. Tushimda ko‘rganlarim rost bo‘lsa, boyib ketamiz, bilding?!
Omon: – (hayron bo‘lib) Qanaqa qilib?
Qoravoy: – (gerdayib) Hozir hammasini so‘zlab beraman va ishni boshlaymiz. Tushundingmi, do‘stim! Hozir hamma reja-yu chizgilarimni olib chiqay, o‘tirib tur! (chiqib ketadi)
BIRINCHI PARDA
BIRINCH KO‘RINISH
Ikki og‘ayni fazoga uchadigan raketa yasayotgan payt
Omon: – (hayron bo‘larkan) Men qayerga o‘tiraman yoki o‘zga sayyoraga borguncha tik turamanmi? O‘zing o‘tirib olibsan-ku!
Qoravoy: – (gerdayib) Axir men komandirman, o‘tirib uchaman-da. Sen esa menga texniksan.
Omon: – Texnikmasman, muhandisman.
Qoravoy: – Ha mayli, bort muhandisi.
Omon: – Yo‘q, yaxshisi, men ikkinchi uchuvchiman.
Qoravoy: – (achchig‘lanib) – Ja, boshni og‘ritib yubording-ku!
Omon: – Sen komandir, men... Bunaqasiga ko‘nmayman. Raketaga zarur hamma narsani men topdim. Hamma ishlarni men qilyapman. Endi bo‘lsa hech kimmanmi?
Qoravoy: – Nega tutoqasan. Bu gapni o‘zing aytding-ku, men emas.
Omon: – Nima? Men o‘zi kimman? Nega hamma joyda sen birinchi? Sen uchuvchi, sen komandir, sen... sen... bilag‘on, bas, men sen bilan aloqani uzaman. Menga bunaqa do‘st kerak emas. O‘zing uchaver! Men uchishni istamayman.
Qoravoy: – Jinni-pinni bo‘lib qoldingmi, tentakvoy?
Omon: – Men tentakmi, sen kim unda, dangasa-korchalon? Menga turli ism qo‘yaverma, men tentakvoy emas, Omonjonman. Senga o‘xshab “Shum bola” degan laqabim ham yo‘q.
Qoravoy: – Xafa bo‘lyapsanmi? Unda bugundan boshlab “dangasa” degan laqab seniki.
Omon: – U nima degani? Nimaga meni dangasa deyapsan? Men dangasa emasman. Korchalon deganingni tushunmadim.
Qoravoy: – Hamma narsani biladigan, hamma ish qo‘lidan keladi, degan so‘z bu! To‘g‘ri, mahmadonalik ham bor – bu so‘z zamirida.
Omon: – Aldama, dangasa, korchalon deding-ku! Demak, yomon so‘z. Hozir esa avrayapsan.
Qoravoy: – U desayam yoqmaydi, bu desayam.
Omon: – Bilardim, sen menga do‘st emassan, hech qachon do‘st bo‘lmagansan. Yana birga uchamiz deydi. Uchmayman, uchaver o‘zing.
Qoravoy: – (biroz jim turib) O‘tir, qizishma! Hazillashdim.
Omon: – Mayli, lekin endi boshqa, nimaydi, dangasa dema, xo‘pmi?
Qoravoy: – Mayli. Korchalonsan. Mana raketamiz ham taxt bo‘lib qoldi. Nihoyat ertaga o‘zga sayyoraga uchamiz. Endi bitta Rauf Tolipovning “Do‘stlik” she’ridan aytib beray, eshit. (aytadi):
Omon: – She’rni zo‘r aytding. Mayli do‘stlikka til tegizmaymiz, uni e’zozlaymiz. Mening qadrdon Qoravoy do‘stim. Lekin kel, koinot sirlarini tushunadigan olim amaki bor. Kel, shu amakidan so‘raylik, u yoqqa yeyishga nimalar olvolishimiz kerak. Qanday kiyinishimiz lozim.
Qoravoy: – Men ular bilan necha bor so‘zlashdim. Hatto ular Venera sayyorasiga uchirilgan sayyoralararo avtomatik stansiyalar haqida ham gapirib bergandilar. Ular aytgan fazodagi yemishlar bilan kiyimlarni tayyor qilib qo‘ydim.
Omon: – O‘-O‘!.. Zo‘r unda. Ayt-chi, nimalarni so‘zlab berdilar?
Qoravoy: – Ko‘p narsani. Eng muhimlarini aytib beray, mayli, bilib ol. Venera sayyorasi o‘z o‘qi atrofida soat miliga teskari tomonga aylanar ekan.
Omon: – U Quyosh atrofida qanday tezlikda aylanarkan?
Qoravoy: – Kosmik tezligi Yernikidan ozgina farq qilarkan. Yerda kosmik iezlik sekundiga 11,2 km bo‘lsa, Venerada kosmik tezlik sekundiga 10,2 km ekan.
Omon: – Do‘stim, qoyilman, ko‘p narsani bilib olibsan. Yana bir-ikkita savol bersam maylimi?
Qoravoy: – (gerdayib) Beraver, hamma savollaringa javob beraman.
Omon: – Venera sayyorasi bizdan uzoqmi?
Qoravoy: – Ha, Veneraning yerdan eng yaqin masofasi 38 million km, eng uzoq masofasi esa 261 million km.
Omon: – Voy-bo‘, juda uzoq ekan-a, bu sayyora!
Qoravoy: – Venera-chi, Quyosh sistmasida Quyosh va Oydan keyin eng yorug‘i hisoblanarkan.
Omon: – Veneraga Quyosh nuri tusharkanmi?
(davomi keyingi sonda)
To‘lqin MUHIDDIN