Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shum bola o‘zga sayyorada

2 parda 4 korinishli ertak-pyesa

 

          ISHTIROKCHILAR:

Qoravoy. Shum bola

Omon. Shum bolaning do‘sti

Rahbar. O‘zga sayyora odami

Yu. O‘zga sayyoradagi qiz bola

Boshliq. O‘zga sayyora odami

Devday yomon mahluq. O‘zga sayyora mahluqi

Rahbarning qoriqchisi. O‘zga sayyora odami

 

MUQADDIMA

Uy. Karavotda Qoravoy – Shum bola uxlab yotibdi. Ortogi Omon uni uygotolmay xunob. Nihoyat u uygondi.

 

Omon: – Namuncha qattiq uxlading. Uyg‘otolmay xunob bo‘lib ketdim-ku. Yo eshitsang ham indamay yotaverdingmi-a!?

Qoravoy: – Yo‘g‘-ye, eshitishga eshitdim, Omon! Lekin eng zo‘r joyga kelgandim-da.

Omon: – Nima? Alahsirayapsan shekilli. Nimaning eng zo‘r joyiga kelganding?

Qoravoy: – Omon, hozir men sen bilan o‘zga sayyorada yurgandim.

Omon: – (gapni bo‘lib) Nima? Men bilan o‘zga sayyorada nima qilib yuribsan?! Endi shu qoluvdi. O‘ziyam sanqimagan, bormagan, ko‘rmagan joyimiz qolmadi. Yer bizga tor bo‘lib qoluvdi, o‘zi. Lekin o‘zga sayyorada sen yurgandirsan, men emas. Men yerda yuribman.

Qoravoy: – Voy-bo‘, namuncha, yursak nima bo‘pti. U yerda ham mazza ekan. Yaxshisi tushimda ko‘rganlarimni  boshidan gapirib beraqolay, shunda balki menga do‘q qilmassan. Eshitasanmi?

Omon: – (hayron bo‘lib) Ha, mayli. Gapirsang gapiraqol, qulog‘im senda.

Qoravoy:(kulib) Unda yaxshi. Tu­shimda avvaliga ikkalamiz kelishib raketa yasayotgandik...

Omon:(gapini bo‘lib) Avvalo, men bilan kelishganing yo‘q, men raketa yasashni bilmayman.

Qoravoy: – Tentakmisan, o‘zi?! Bu tush-ku! Tushimda shunday bo‘ldi, deyapman-ku galvars!

Omon: – Ha mayli, tush bo‘lsa gapiraver! Lekin meni haqorat qilma. Men galvars emasman. Agar bu so‘z nima ma’noga egaligini bilmasang, aytay. Galvars deb o‘zining yaramas xulqi bilan ajralib turadigan odamga aytiladi. Tentak, nodon degan ma’nolarni ham bildiradi.

Qoravoy: – Unda kechir! Gapga tu­shunmayapsan, deganim edi. Sen bilan birga fazoga uchamiz. Buning uchun eng avvalo, raketa yasashimiz kerak. Tushimda ko‘rganlarim rost bo‘lsa, boyib ketamiz, bilding?!

Omon:(hayron bo‘lib) Qanaqa qilib?

Qoravoy:(gerdayib) Hozir hammasini so‘zlab beraman va ishni boshlaymiz. Tushundingmi, do‘stim! Hozir hamma reja-yu chizgilarimni olib chiqay, o‘tirib tur! (chiqib ketadi)

 

BIRINCHI PARDA

BIRINCH KO‘RINISH

Ikki ogayni fazoga uchadigan raketa yasayotgan payt

Omon:(hayron bo‘larkan) Men qayerga o‘tiraman yoki o‘zga sayyoraga borguncha tik turamanmi? O‘zing o‘tirib olibsan-ku!

Qoravoy: – (gerdayib) Axir men ko­mandirman, o‘tirib uchaman-da. Sen esa menga texniksan.

Omon: – Texnikmasman, muhandisman.

Qoravoy: – Ha mayli, bort muhandisi.

Omon: – Yo‘q, yaxshisi, men ikkinchi uchuvchiman.

Qoravoy: –  (ach­chig‘­lanib) – Ja, boshni og‘ritib yubording-ku!

Omon: – Sen komandir, men... Bunaqasiga ko‘nmayman. Raketaga zarur hamma narsani men topdim. Hamma ishlarni men qilyapman. Endi bo‘lsa hech kimmanmi?

Qoravoy: – Nega tutoqasan. Bu gapni o‘zing aytding-ku, men emas.

Omon: – Nima? Men o‘zi kimman? Nega hamma joyda sen birinchi? Sen uchuvchi, sen komandir, sen... sen... bilag‘on, bas, men sen bilan aloqani uzaman. Menga bunaqa do‘st kerak emas. O‘zing uchaver! Men uchishni istamayman.

Qoravoy: – Jinni-pinni bo‘lib qoldingmi, tentakvoy?

Omon: – Men tentakmi, sen kim un­da, dangasa-korchalon? Menga turli ism qo‘yaverma, men tentakvoy emas, Omonjonman. Senga o‘xshab “Shum bola” degan laqabim ham yo‘q.

Qoravoy: – Xafa bo‘lyapsanmi? Unda bugundan boshlab “dangasa” degan laqab seniki.

Omon: – U nima degani? Nimaga meni dangasa deyapsan? Men dangasa emasman. Korchalon deganingni tushunmadim.

Qoravoy: – Hamma narsani biladigan, hamma ish qo‘lidan keladi, degan so‘z bu! To‘g‘ri, mahmadonalik ham bor – bu so‘z zamirida.

Omon: – Aldama, dangasa, korchalon deding-ku! Demak, yomon so‘z. Hozir esa avrayapsan.

Qoravoy: – U desayam yoqmaydi, bu de­sayam.

Omon: – Bilardim, sen menga do‘st emassan, hech qachon do‘st bo‘lmagansan. Yana birga uchamiz deydi. Uchmayman, uchaver o‘zing.

Qoravoy: – (biroz jim turib)  O‘tir, qizishma! Hazillashdim.

Omon: – Mayli, lekin endi boshqa, ni­maydi, dangasa dema, xo‘pmi?

Qoravoy: – Mayli. Korchalonsan. Mana raketamiz ham taxt bo‘lib qoldi. Nihoyat ertaga o‘zga sayyoraga uchamiz. Endi bitta Rauf Tolipovning “Do‘stlik” she’ridan aytib beray, eshit. (aytadi):

Omon: – She’rni zo‘r aytding. Mayli do‘stlikka til tegizmaymiz, uni e’zozlaymiz. Mening qadrdon Qoravoy do‘stim. Lekin kel, koinot sirlarini tushunadigan olim amaki bor. Kel, shu amakidan so‘raylik, u yoqqa yeyishga nimalar olvolishimiz kerak. Qanday kiyinishimiz lozim.

Qoravoy: – Men ular bilan necha bor so‘z­­lashdim. Hatto ular Venera sayyorasiga uchirilgan sayyoralararo avtomatik stansiyalar haqida ham gapirib bergandilar. Ular aytgan fazodagi yemishlar bilan kiyimlarni tayyor qilib qo‘ydim.

Omon: – O‘-O‘!.. Zo‘r unda. Ayt-chi, ni­malarni so‘zlab berdilar?

Qoravoy: – Ko‘p narsani. Eng muhimlarini aytib beray, mayli, bilib ol. Venera sayyorasi o‘z o‘qi atrofida soat miliga teskari tomonga aylanar ekan.

Omon: – U Quyosh atrofida qanday tez­likda aylanarkan?

Qoravoy: – Kosmik tezligi Yernikidan ozgina farq qilarkan. Yerda kosmik iezlik sekundiga 11,2 km bo‘lsa, Venerada kosmik tezlik sekundiga 10,2 km ekan.

Omon: – Do‘stim, qoyilman, ko‘p narsani bilib olibsan. Yana bir-ikkita savol bersam maylimi?

Qoravoy: – (gerdayib) Beraver, hamma savollaringa javob beraman.

Omon: – Venera sayyorasi bizdan uzoqmi?

Qoravoy: – Ha, Veneraning yerdan eng yaqin masofasi 38 million km, eng uzoq masofasi esa 261 million km.

Omon: – Voy-bo‘, juda uzoq ekan-a, bu sayyora!

Qoravoy: – Venera-chi, Quyosh sist­masida Quyosh va Oydan keyin eng yorug‘i hisoblanarkan.

Omon: – Veneraga Quyosh nuri tu­sharkanmi?

 

(davomi keyingi sonda)

 

To‘lqin MUHIDDIN

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.