Olimpiyaning “tug ilgan kuni”
Olimpiya nimaligini, unda qanday sport turlari boʻyicha bahs yuritilishini barchangiz yaxshi bilasiz. Shiddatli bahslariga boy bu sport bayrami haqidagi bir-biridan qiziq maʼlumotlarni ham istalgancha keltirish mumkin. Eng ahamiyatlisi esa dunyo miqyosida Xalqaro Olimpiya kunining taʼsis eʼtilganidir. Yaʼni 1894-yilning 23-iyun sanasida Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi (XOQ)ga asos solingach, mazkur sana Xalqaro Olimpiya kuni sifatida tarixga kirdi. Toʻgʻri, bunday kun haqida avval eshitmagandirsiz balki. Chunki shu vaqtga qadar uning “tugʻilgan kuni” yurtimizda shunchaki bir sana sifatida oʻtkazilardi. Joriy yildan boshlab esa Xalqaro Olimpiya kunini haqiqiy bayram sifatida nishonlash yoʻlga qoʻyildi. Yana qayerda, deng – poytaxtimizda yaqinda qad rostlagan muhtasham “Humo Arena” muz saroyida.
Kun avvalida “Milliy” stadiondan yoʻlga chiqqan mototsikllar karvoni “Humo Arena”gacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Muz saroyi atrofida atletlarimizning koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shou bayramiga kelgan bolalar, ularning yuz-koʻzlarida porlab turgan quvonchdan toʻymayotgan ota-onalar, bobo-buvilar... Xullas, barcha shod – bayramning asosiy tomoshalari boshlanishini intiq kutishmoqda.
Dastlab sahnaga oʻzbek sporti tarixida oʻziga yarasha iz qoldirgan sportchilar chiqib kelishdi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangragandan soʻng Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Tomas Baxning “Olimpiya kuni” munosabati bilan yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonovlar ham barcha ishtirokchilarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirib oʻtdilar.
Xalqimizning sevimli farzandi Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” sheʼri jarang sochganda butun zal unga joʻr boʻldi. Ana shu kayfiyat dastur soʻnggiga qadar barchaga yuksak kayfiyat ulashdi. Taniqli xonandalarimizning vatanparvarlik mavzusidagi ijrolari bu xushnudlikni yanada boyitdi.