Kurtak yozayotgan ilhomlar
Mustaqillikning 28 yillik bayrami arafasida tahririyatimizga yosh ijodkor opa-singillar – Fotima va Zuhra Inogʻomovalarning dadasi qoʻngʻiroq qilib “Ustoz, qizlarimni tabriklasangiz boʻladi. Ular imtihonlardan oʻtib Toshkent shahrida ochilgan Abdulla Qodiriy ijod maktabiga qabul qilinishdi”, – dedi sevinib. Xushxabarni eshitib barchamiz xursand boʻldik. Chunki bu qizlar boshlangʻich sinfda oʻqiyotgan paytidanoq “Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallariga mashqlarini olib kelishardi. Tahririyat muharrirlari egizak qizchalarning qiziqishlarini koʻrib, ularga ijod sirlarini oʻrgatishdan erinishmadi. Oradan bir-ikki yil oʻtib bu harakatlar oʻz natijasini koʻrsatdi. Ular yozgan hikoya va sheʼriy mashqlar, maqolalar bolalar nashrlarida chop etila boshladi. Bugun esa egizak qizlar A. Qodiriy maktabining oʻquvchilari safidan joy olishdi.
Mamlakatimizda atoqli yozuvchi-shoirlar nomidagi ijod maktablari ish boshlaganiga ikki yilga yaqinlashmoqda. Bu maktablarni tashkil qilishdan maqsad, yosh ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, isteʼdodini yuzaga chiqarishdir. Qisqa fursat ichida yurtimizning oltita hududida taniqli adiblar nomi bilan ataladigan oltita ijod maktabi faoliyat yurita boshladi. Yangi oʻquv yili arafasida bu maktablarning soni yana uchtaga koʻpaydi. Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva, Xorazm viloyatining Xiva shahrida Ogahiy hamda Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktablari ochildi. Maktablarning 5-, 6-, 7-, 8-sinflariga iqtidorli, aʼlochi, bilimdon oʻquvchilar ijodiy imtihon va test sinovlari asosida qabul qilindi. Bu imtihonlar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan, test sinovlari esa Davlat test markazi tomonidan oʻtkazildi. A. Qodiriy nomidagi ijod maktabiga jaʼmi 120 nafar oʻquvchi saralab olindi.
Abdulla Qodiriy ijod maktabiga qabul qilingan oʻquvchilarni tabriklash, ularni joʻshqin ijod qilishga undash, xalqimizga, yurtimizga kerakli insonlar boʻlib yetishishiga turtki berish maqsadida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, ijod maktabi oʻquvchilari, ularning ota-onalari, XTV vakillari, ijod maktabining rahbariyati hamda jurnalistlar ishtirok etdilar. Tadbirda A. Qodiriyning qatagʻonga uchrashi haqidagi videotasvir namoyish etildi. Unda adib tilidan aytilgan: “Adabiyot – abadiyat demak. Biz va biz kabi haqiqatni muqaddas bilib qalam tebratgan barchamiz adabiyot sharofati ila abadiyatga yoʻnarmiz. Bizning farzandlarimiz, ularning farzandlari ayrim yolgʻonlarimizni oʻqisalar-da, qalamga olgan haqiqatimiz yashayverur. Haqiqat yashar ekan, biz ham yashayveramiz”, – degan soʻzlari barcha ishtirokchilarni hayajonga soldi.
Ijod maktabi oʻquvchilarini Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov, Nodir Jonuzoq kabi adabiyotimizning zabardast vakillari tabriklashdi. Ular quvonchdan koʻzlari yonib turgan oʻquvchilarga, “Sizlar ulgʻayib oʻz zehningiz, iqtidoringiz, ijodingiz bilan yurtimizni, millatimizni dunyoga tanitasiz, elimizning faxriga aylanasiz. Bugun bu yerda oʻtirgan oʻquvchilardan kelajakda mahoratli jurnalist, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, tarixchilar yetishib chiqadi va yuksalib borayotgan Vatanimizga chin yurakdan xizmat qiladi”, – deya yuksak ishonch bildirishdi.