Fursatni gʻanimat bilganlar
Aziz oʻquvchilar, yozgi taʼtilning uzun kunlari nihoyasiga yetay deb qoldi. Kim taʼtilni qanday oʻtkazdi? Ushbu sahifa orqali dam olish kunlarining qadriga yetgan va yetmagan bolalar haqida hikoya qilmoqchimiz.
Maʼlumki, vaqt inson hayotida eng qimmatli neʼmat sanaladi. Koʻpni koʻrgan keksalarimiz purmaʼno rivoyatlar, hikmatli soʻzlarida vaqtning har bir daqiqasidan unumli foydalanishga, biror fursatni zoye oʻtkazmaslikka daʼvat etganlar. Darhaqiqat, tushungan odamga vaqt – bu boylik.
Ishdan qaytayotib koʻchamdagi bolalardan birini savolga tutdim:
– Yozgi taʼtilda qanday kitoblar oʻqiding?
– Hozir kanikul-ku, oʻqish boshlansin, keyin oʻqiyman, – dedi bolakay.
Afsuski, koʻpchilik bolalar badiiy kitob oʻqishni dars tayyorlash, uyga vazifa deb tushunishadi. Bu – kitob oʻqimaslikning oqibati. Mutolaani sevgan bolalar uchun badiiy asar oʻqish – mazza qilib dam olishdir. Chunki hikoya yoki qissa qahramonlari kitobxonni oʻz olamiga yetaklaydi. Kitobxon oʻsha qahramonlar bilan birga yashaydi, birga kulib, birga yigʻlaydi. Asar qahramoni samolarga parvoz qilsa, oʻquvchi ham parvoz qiladi, togʻu toshlarda kezsa hamroh boʻladi. U kitobning yaxshi qahramonlariga oʻxshagisi keladi, salbiy obrazlardan nafratlanadi. Bir soʻz bilan aytganda, kitobxon fikrlay boshlaydi.
Shu oʻrinda siz jurnalxonlarga yana bir voqeani aytib bermoqchiman. Yoz chillasining ayni qaynoq kunlarida hordiq chiqarish uchun Angren tumanining Yangiobod dahasiga bordik. Goʻzal va xushmanzara Qurama togʻlari oraligʻidagi bu dahaning salqin, huzurbaxsh havosi, sharqirab oqib turgan soylari dam oluvchilarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaydi. Tabiiyki, vaqtimizni koʻproq tabiat qoʻynida oʻtkazdik. Har safar sayr qilish uchun chiqqanimizda, sportchi bolalar yonginamizdan goh u, goh bu tomonga yugurib oʻtishardi. Har oʻtganlarida kattalarga hurmat bilan salom berishardi.
– Buncha odobli bolalar ekan, – dedim yonimdagi hamrohlarimga.
– Bu yerda 0ʼzbekiston Boks federatsiyasining yozgi mashgʻulot maydoni bor. Ular yoz boʻyi shu yerda shugʻullanishadi, – dedi sheriklarimdan biri.
Qiziqib federatsiya joylashgan yerga bordim. Darhaqiqat, bino atrofidagi sport maydonida oʻnlab bolalar turli mashgʻulotlar bilan band edilar. Biroz kuzatib turdim. Ular astoydil shugʻullanishmoqda. Asta borib murabbiylardan birini suhbatga tortdim.
– Uchtepa tumanidagi sport maktabidan 26 ta oʻquvchini olib keldik. Bu yerga turli viloyatlarning sport maktabi oʻquvchilari saralab olib kelingan. Bu bolalar yurtimiz kelajagi. Ular 0ʼzbekiston terma jamoasiga nomzodlar. Bizda huddi harbiylarnikidek tartib-intizom joriy qilingan. Ertalab besh yarimda badantarbiya mashqlari boshlanadi. Bolalarning har bir soati qatʼiy reja asosida belgilangan. Yosh sportchilar orasida chempionlar ham talaygina, – dedi Zafar Qahhorov.
Murabbiyning gaplariga qiziqib sportchi bolalar, ularning yutuqlari, kelgusidagi rejalari haqida batafsilroq yozib, jurnalxonlarga taqdim qilmoqchi edim. Afsuski, murabbiy “Yigitlarni suzish mashqlariga olib borishim kerak”, deb qoʻlidagi soatiga qarab qoʻydi. Harbiy intizom boʻlgani uchun murabbiyga eʼtiroz bildira olmadim. Keyinroq yana bir suhbatlashishni oʻylab xayrlashdim.
Mamlakatimiz rahbari yoshlar haqida gapirganda hamisha, bizga bilimli, gʻayratli, rivojlangan davlatlarning yoshlari bilan bellasha oladigan, kerak boʻlsa, ulardan ham oʻzib ketadigan, bir nechta chet tillarida soʻzlashadigan, kelajakda 0ʼzbekistonni yuksaltiradigan yigit-qizlar kerak, deydilar. Men Angrendagi sportchi bolalar qiyofasida yurtning ertasini koʻrdim. Zero, respublikamizda shijoatli, oʻz oldiga aniq maqsadlar qoʻygan bunday yoshlar juda koʻp.