Ali Qushchi
Mamlakatni dunyoga tanitadigan birinchi vosita – ilm. Ilm-fan yuksak taraqqiy etgani tufayli, bugun Yaponiyani Yer yuzida hamma biladi. Yoki Germaniyani olaylik. Bu mamlakat o‘tgan asrning 45-yillariga qadar ko‘plab urushlarda qatnashgan, jangovar harakatlari bilan dunyoni zabt etishni ko‘zlagan edi. Ammo maqsadiga erisha olmadi, aksincha, tanazzulga yuz tutdi. Faqat ilm-fan rivojiga qaratilgan yuksak e’tibor uni bu inqirozdan olib chiqdi. Bugun nemis olimlarining mehnati samarasi bo‘lgan “Mersedes”, “BMW”, “Audi” avtomobillari butun dunyoni zabt etdi.
Bolalar, siz bugun foydalanayotgan (ishonamizki, siz undan faqat o‘z o‘rnida va meyorida foydalanyapsiz) “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Sukerberg haqida eshitganmisiz? O‘ttiz uch yoshli ushbu yigit nimaning evaziga olamga tanildi? Albatta, bilimi, intellektual salohiyati va oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish yo‘lidagi qat’iyati evaziga.
Yaponiya, Germaniya va Sukerbergning mavzuga nima aloqasi bor, deb o‘ylayotgandirsiz? Gap shundaki, biz hayoti va faoliyati xususida hikoya qilmoqchi bo‘lgan mashhur vatandoshimiz bilan Yaponiya, Germaniya va Sukerberg nomlarini birlashtirib turadigan bitta umumiylik bor. Bu – ilm-ma’rifat. Ularning barchasi yuqori intellekt tufayli jahonni zabt etishdi.
Bugun O‘zbekiston desa, ilm ahli ko‘z o‘ngida bu zamindan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar qatorida yana bir ulug‘ olim siymosi namoyon bo‘ladi. Bu – mashhur matematik, astronom va faylasuf Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiydir.
Adashmadingiz, bu o‘sha – adabiyotlarda nomi Ali Qushchi deya e’tirof etiladigan zotning o‘zi.
Qushchi taxallusi haqida
Qadimda saroyda xizmat qiluvchi mansabdor kishilar ismidan keyin ularning vazifasini anglatuvchi so‘z ham ishlatilgan. Deylik, saroy ahliga beriladigan ovqatlarni tayyorlatish va mehmon kutish bilan shug‘ullangan amaldor dasturxonchi deb atalgan. Xuddi shuningdek, saroylarda shohning ovchi qushlarini (burgut, lochin, qarchig‘ay kabi) parvarish qiluvchi mulozimlarga qushchi nomi berilgan.
Alouddin Alining otasi Muhammad Qushchi Sohibqiron Amir Temur saroyida mas’ul lavozimda xizmat qilar, keyinchalik, Mirzo Ulug‘bek saroyida ovchi qushlarga qaragani bois Qushchi laqabini olgan edi. Keyinchalik bu nom uning o‘g‘li – bo‘lajak olim Alouddin Ali ismiga ham qo‘shib aytiladigan bo‘ladi.
Bolalik va yoshlik yillari
1403-yilda Samarqand shahrida, Sohibqiron Amir Temur saroyi xodimi xonadonida dunyoga kelgan Alouddinning bolaligi ko‘p ham quvonchli bo‘lmaydi. Ya’ni bo‘lajak olim yoshligida otasidan yetim qolgach, ustozi, Movarounnahr podshohi Mirzo Ulug‘bek uni o‘z tarbiyasiga oladi.
Alouddin bolaligidan kitobga mehr qo‘yadi. Boshlang‘ich ma’lumotni Qozizoda Rumiydan olgach, tahsilni Ulug‘bek madrasasida davom ettiradi va bugungi til bilan aytganda, to‘liq oliy ma’lumotli bo‘ladi.
1424-yili Mirzo Ulug‘bek mamlakat poytaxtida o‘zining mashhur rasadxonasi qurilishini boshlaydi. Afsuski, ushbu ilm muassasasida faoliyat olib borish o‘z davrining yetuk olimlari sanalgan Qozizoda Rumiy va Jamshid Koshiylarga nasib etmaydi, ular vafot etib ketishadi. Natijada Ulug‘bek yosh Ali Qushchini rasadxona qurilishi va astronomik tadqiqotlarga mas’ul etib tayinlaydi. Bu sharafli va mas’uliyatli ishni shogird uddalaydi. Shu tariqa olimning astronomiya sohasidagi qizg‘in faoliyati boshlanadi.
Rasadxona va madrasadagi faoliyati
Ulug‘bek madrasasi o‘z zamonasining eng nufuzli oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan. Unda jahon mamlakatlaridan yoshlar kelib shaxsan Ulug‘bekning o‘zidan, shuningdek, Qozizoda Rumiy, Taftazoniy, Mavlono Ahmad kabi mudarrislardan saboq olardi. Keyinchalik yosh olim Alouddin Ali ham talabalarga dars bera boshladi.
Ali Qushchi o‘qituvchilik bilan birga ilmiy izlanishlar ham olib borgan.
Xitoy safari. Ali Qushchi – elchi
Ali Qushchi – dunyo kezgan olim. Bugun jahon xaritasini qo‘lingizga olib, buyuk vatandoshimiz qadami yetgan joylarni belgilasangiz, uzun chiziqlar hosil bo‘ladi. Turkmaniston, Afg‘oniston, Eron, keyinchalik, Ozarboyjon, Turkiya hududlarida bo‘lgan.
Alloma hayotidagi eng baxtiyor damlar, shubhasiz, Samarqandda, Ulug‘bek madrasasi hamda rasadxonasidagi faoliyatidir. Bu yerda xizmat qilgan davrida Mirzo Ulug‘bek topshirig‘i bilan Xitoyga elchi qilib yuboriladi. U ikki qudratli mamlakatning diplomatik aloqalariga oid vazifani bajarishdan tashqari, mazkur safari davomida Xitoy tabiati, odamlarining urf-odat va an’analarini qog‘ozga tushirib borgan. Yurtga qaytgach, ushbu ma’lumotlari asosida “Xitoynoma” risolasini yozgan.
Umuman, olimning matematika, astronomiya, falsafa, mantiq, adabiyot, musiqa va boshqa fanlarga oid 20 dan ortiq asar yozgani ma’lum.
Ulug‘bek xazinasining xaloskori
Buyuk astronom, matematik, donishmand alloma Ali Qushchi ustozi Mirzo Ulug‘bekning vafotidan so‘ng ham Samarqandda yashab uning ishini davom ettirishni niyat qilgan edi. Ammo o‘sha paytdagi siyosiy beqarorlik, notinchlik sababli ona yurtini tark etishga majbur bo‘ladi.
Bolalar, siz atoqli adib Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romanini o‘qiganmisiz? Eslasangiz, unda shoh va olim Mirzo Ulug‘bekning ulkan xazinasi – kitoblarining qanday mashaqqatlar bilan saqlab qolingani haqida qiziqarli lavhalar bor. Bu ishlarning boshida turgan fidoyi va jasoratli insonlardan biri aynan Ali Qushchi edi.
Bugun milliy ma’naviy xazinamizda saqlanayotgan va xalqqa xizmat qilayotgan qanday qadimiy asarlar, qo‘lyozmalar bo‘lsa, Ali Qushchi kabi jonkuyar ajdodlarimizdan minnatdor bo‘lmog‘imiz lozim.
Umrining so‘nggi yillari kindik qoni to‘kilgan aziz yurtidan uzoqda kechsa-da, Ali Qushchi ilmiy faoliyatini to‘xtatmadi. Bir muddat Eron, so‘ngra Turkiyada yashab madrasalarda dars berdi, risolalar bitdi. Vatan sog‘inchi hamisha qalbini o‘rtagan yurtdoshimiz, 1474-yilda Istanbul shahrida hayotdan ko‘z yumgan.
Elmurod NISHONOV tayyorladi.