Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Doʻstimga aylangan asar

Kitob va asarlar insonga eng yaqin doʻst va maslahatgoʻy, deb eshitganman. Ammo bu gaplarga aslo ahamiyat bermasdim. Toʻgʻrirogʻi, ishonmasdim. Hozir tengdoshlarimga bir sirimni ochmoqchiman. Men juda erinchoq va dangasa edim. Ish qilgim kelmas, koʻp zerikardim. Ayniqsa, uyda bir oʻzim qolsam, xayolimni allaqanday qoʻrquv egallab olib, vahimaga tushib qolardim. Shunday paytlarda dadam bilan oyimga tez-tez telefon qilib, ularni ham bezovta qilaverar edim. Har gal qoʻngʻiroq qilganimda oyim, “Kitob oʻqisang, oʻz-oʻzidan tinchlanib, xotirjam boʻlib qolasan”, deb aytardilar. Lekin men kitob oʻqishni xushlamas edim.

Bir kuni onam ixchamgina kitobni qoʻlimga tutqazdilar-da: “Shu kitobni oʻqib, mazmunini menga aytib bersang, seni Botanika bogʻiga olib boraman”, deb qoldilar. Kitobni ich-ichimdan xohlab oʻqimasam-da, men uchun eng sevimli boʻlgan Botanika bogʻiga borish, velosipedda mazza qilib sayr qilish uchun oʻzimni majburlab mutolaa qila boshladim. Shu moʻjazgina kitobni shunchalar maroq bilan oʻqidimki, birpasda mundarijaga yetib qolganimni ham bilmay qolibman. “Axloqiy hikoyalar” yaʼni qirq hadis asosida tayyorlangan tarbiyaviy-ahloqiy hikoyalardan iborat boʻlgan bu kitob oʻquvchini oʻzini tahlil qilishga, oʻtayotgan har bir vaqtini qadrlashga oʻrgatar ekan. Ushbu kitob oʻqituvchimning “Mutolaa fikrlash doirasini kengaytirib, qalblarni ezgulik va yaxshilik qilishga undaydi”, degan soʻzlarini naqadar toʻgʻri ekanligini isbotlab berdi. Hayotda oq va qora faqat ranglarni ifoda etmasligini, yaxshilik bilan birga yomonlik ham borligini, vijdon tushunchasi naqadar qadrli ekanligini, har bir qilingan xatodan toʻgʻri xulosa chiqarish lozimligini oʻrgandim. Shundan buyon turli xil bahonalarni oʻylab topmay, uy ishlarida onam bilan opamga yordam berib, boʻsh vaqtimni yanada koʻproq kitob mutolaa qilishga sarflaydigan boʻldim.

Oʻqish davomida shunni bildimki, kitoblar son-sanoqsiz, ammo koʻnglingga, ruhingga yaqin asarni topish mushkul ekan. Katta hajmdagi asardan topa olmagan kechinmalaringni, kichik bir hikoyadan topa olish mumkinligiga amin boʻldim. Hozir men istirohat bogʻlariga emas, sevimli shoir va adiblarimning asarlari, sheʼr va hikoyalaridagi xayolot olamiga sayr qilish bilan vaqtimni unumli va mazmunli oʻtkazmoqdaman.

Tengdoshlarimga ham kitobning sermazmun ummoniga bir shoʻngʻib, suzishlarini tavsiya qilgan boʻlardim. Ana oʻshandagina soʻzlarim qanchalik rost ekanligiga ishonch hosil qiladilar.

 

Sevinch SANAQULOVA,

Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani 221-maktab 7-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.