“Gulxan”ning masʼul rassomi
Mirvosil koʻrinishidan toʻladan kelgan, xotirjam, kamgap odamga oʻxshardi. Lekin tabiatan oʻzgacha edi. Suhbatlashsangiz, nimalarnidir tashvishida yurganini sezib qolardingiz. Tashvishki, oila, uy-roʻzgʻor tashvishi emas, gazeta-jurnallarda chop etilayotgan rasmlar, bezaklar va ramkalarning beoʻxshovligi haqida boʻlardi. U ham rassom, ham professional matbaachi edi. “Gulxan”ning bosh muharriri Safar Barnoyev Mirvosilni bejizga rassomlikdan masʼul kotiblikka koʻtarmagandi. U sahifalarga ham masʼul kotib, ham rassom koʻzi bilan qarardi. Shuning uchun “Gulxan” qogʻozga oʻralgan qanddek boʻlib, yonib chiqardi. Birorta ortiqcha chiziqni, kamchilikni koʻrmas edingiz.
U yaxshigina ustoz ham edi. Ustoz boʻlganda ham juda talabchan. Kamina u paytda “Gʻuncha” jurnalida ishlardim. Tahririyatlarimiz yonma-yon. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Oʻgʻli Shuhrat otasi izidan borib, “Gʻuncha” uchun rasmlar chizib turardi. Jurnalning 1997-yil mart sonida bolajonlarga “Gulnavroʻz keldi” qoʻshigʻini eʼlon qiladigan boʻldik. Unga kompazitor Xayrulla Inogʻomov musiqa bastalagan edilar. Endi ushbu xalq qoʻshigʻiga mos rasm ham chizish kerak edi. Bu ishni Shuhratga topshirdik. Maqsad – adasi yordam berib yuborar, degan qitmirligimiz ham yoʻq emasdi. Shuhrat rasmni chizib keldi. Bizga yoqdi. Odatda, chizilgan rasmlarni sahifaga qoʻyishdan oldin Mirvosilga bir koʻrsatib olardik. Navbat “Gulnavroʻz keldi” qoʻshigʻiga yetganda Mirvosil qoʻshiq matnini oʻqidi-da, suratni boʻlmaydi, deb nari surib qoʻydi. Bildimki, rasmni Shuhrat otasiga koʻrsatmagan. Yoshlikda boʻladi-ku, shunaqa – oʻziga oʻzi mustaqil yoʻl ochish.
– Bu suratni kim chizganini bilasizmi? – dedim unga.
– Kimligining menga farqi yoʻq, boʻlmaydi, – dedi u qatʼiy.
– Oʻgʻlingiz Shuhrat chizgan, axir.
– Unda ikki karra boʻlmaydi. Shuhrat bitta chiroyli qizning rasmini chizibdi, qoʻyibdi. Navroʻzoy shunaqa boʻladi, deb. Navroʻzoy, bu – xayoliy, fantastik obraz. Oʻsha obraz rasmda chiqmagan.
– Shuhratga oʻzingiz yordam berib yuboring, buyoqda jurnalni bosmaxonaga topshirish vaqti ham kelib qoldi, – dedim men.
– Yoʻq, – dedi u qatʼiy, – Shuhratni qornini toʻygʻazishim, kiyim-kechagini olib berishim mumkin, lekin ishini oʻzi qilsin. Buyurtmani olishdan avval kallasini ishlatishi kerak edi.
Shuhratni chaqirtirib bor gapni aytdik. Yana ikki kun kutishimizni, boʻlmasa, qoʻshiqni rasmsiz nashrga tushirib yuborishimizni tushuntirdik.
Shuhrat ikki kundan soʻng tamoman boshqacha, yangi rasm koʻtarib keldi. Rasmda parizodlarga oʻxshagan bir qiz daryo va bogʻlar uzra yengil uchib borardi. Tepada quyosh porlar, daraxt shoxida bir bulbul Navroʻzoyni qutlab, tinmay sayrab turardi. Mirvosilni chaqirib koʻrsatdik.
– Ha... bu boshqa gap, sirtdan kuzatdim, bolapaqir ikki kun uxlamadi-da oʻziyam, – deb kulib qoʻydi. – Baribir menga koʻrsatmadi, nomard. Mayli, menga shunisi yoqadi. Oʻz yoʻlini oʻzi topsin, ertaga qoqilmaydi...
Shu voqeadan keyin kamina Mirvosilning kimligini, uning shaxsini oʻzimga qayta kashf etgandek boʻldim. Qaniydi hamma ustozlar, ota-onalar ham shogirdlariga, farzandlariga ana shunday talabchan boʻlsalar.
Mirvosil “Gulxan”da necha yil ishlagan boʻlsa, ana shu talabchanligi sezilib turdi. Jurnal uning hayotiga, ertangi kunlarni eslatib turuvchi farzandiga aylangan edi. Demak, uning nafasi, orzu-oʻylari “Gulxan” bor ekan u bilan birga yashayveradi.
Erkin MALIK,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Tahririyatdan: Ustoz Mirvosil Odilov hayot boʻlganlarida hozir muborak 70 yoshini qarshi olgan boʻlardi. Kezi kelganda oʻta talabchan ustoz, ham oʻz oʻrnida oʻta mehribon insonga aylana oladigan Mirvosil akani bugun faqat va faqat yaxshi xotiralar bilan yod etayapmiz, ilohim butun umrini bolalar matbuotiga, shuningdek, “Gulxan” jurnali rivojiga, uning yosh avlod qalbida munosib oʻrin egallashiga bagʻishlagan ustoz hamkasbimizning, ruhlari shod boʻlsin.
Ularning yaxshi va ezgu ishlari doimo qalbimizda, yuragimizda.