Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Har bahorda

Bu yil qish fasli o‘z taxtini yengilgina – ortiqcha qahr-u g‘azab va injiqliklarsiz bahorga bo‘shatib berdi. Lekin biz har faslni o‘z xislati va fazilati bilan qabul qilishga o‘rganganmiz. Shuning uchun fevralning so‘nggi kunigacha qorga, qishga bo‘lgan tashna dillarimiz intiqlikdan tolmadi, qor yog‘ib berishini, yog‘ganda ham atrofni oq ko‘rpasiga o‘rab yog‘ishini kutdik. Nailoj, tabiatga hech kim o‘z hukmini o‘tkazolmaydi. Shu bois har yili bahorni sog‘inch ila kutadigan qalblar bu mavsum uni o‘zgacha qabul qildi. Ko‘klam ostonada uzoq turib qolmadi. Aksincha, qishning ko‘zlaridagi mudroqlikni ilg‘adi-yu, ko‘m-ko‘k sepini borliqqa yozib yubordi.

Qadrli o‘quvchilar, bilaman siz ham gullarni yaxshi ko‘rasiz. Buni men sizning maktabingizga borganimda ko‘rganman. Sinf xonalaridagi gultuvaklarda parvarishlagan gullaringizga havasim kelgan. Maktab hovlisidagilari esa undan-da go‘zal edi. Siz nafaqat gullarni, balki gulga burkangan bahorni yaxshi ko‘rasiz, u bilan yetaklashib keladigan qator bayramlarni ham quchoq ochib kutib olasiz. 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘zingiz o‘stirgan, parvarishlagan gullaringizdan buvijoningiz, onajoningizga, ustozlaringiz va opa-singillaringizga, maktabdosh va sinfdosh qizlarga, litsey va kollejdagi kursdosh qizlarga sovg‘a qilasiz.

O‘quv yilining 3-choragi eng katta, mas’uliyatli, hal qiluvchi chorak hisoblanadi. Bu chorakni a’lo baholar bilan yakunlaganingiz haqidagi xushxabar esa yana bir bayram – Navro‘z ayyomiga eng katta tuhfa bo‘ladi. Aziz o‘quvchilar, unutmang, a’lo baholaringiz, turli sinov va tanlovlardagi yaxshi natijalaringiz ota-onalaringiz uchun eng katta sovg‘adir. Ishoning, bunga men bolaligimda ko‘p marotaba amin bo‘lganman.

Yilning “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishida katta hikmat bor. Onalar sog‘lom va xotirjam bo‘lsalar, bor mehr-u muhabbatini oilasi, farzandlariga, yurt ravnaqi, kasb-u koriga beraveradilar. Siz, farzandlaridan ko‘ngillari tinch bo‘lsa, hamisha bahor gullaridek ochilib, yaxshi kayfiyatda yuradilar. Muhtaram Yurtboshimiz ham buvijon va onajonlarimiz, opa-singillarimiz sha’niga hurmat, ehtirom bildirib samimiy tilaklarini takrorlab turadilar: “... ayol go‘zal bo‘lsa – olam go‘zal bo‘ladi, ayol baxtli bo‘lsa – oila, butun jamiyat baxtli bo‘ladi... Agar shoir bo‘lsam ayollarga atab eng go‘zal she’rni yozgan bo‘lardim”, deydilar. Bu samimiy, yurakdan aytilgan so‘zlar har qanday go‘zal she’rdan-da baland emasmi? Biz onajonlarimizga, opa-singillarimizga bo‘lgan munosabatni, ularni e’zozlashni yurtimiz rahbaridan o‘rganaylik. Bahor bayramlarini eng yaxshi ko‘rsatkichlarimiz bilan kutib olaylik. Mamlakatimiz xalqaro reytinglarda yanada yuqori pog‘onalarni zabt etishi uchun barchamiz birdamlik va hamjihatlikda kuch-g‘ayrat, shijoat bilan qadam tashlaylik. Vatan ravnaqiga daxldorlik, ajdodlarimizdan meros qolgan ezgu an’analarga hurmat hissi hech birimizni tark etmasin!

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.